Ramazon oyiga tayyormisiz?
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Ro‘za, arab tilida «siyom» deb atalib, lug‘atda bir narsadan o‘zini tiymoqlikni bildiradi.
Shariat istilohida esa: «Ro‘za tong otgandan to quyosh botguncha niyat bilan ro‘zani ochuvchi narsalardan o‘zini tiymoqdir».
Ro‘zani ochuvchi narsalar, deganda yemoq, ichmoq, jinsiy yaqinlik qilmoq va boshqa ro‘zani ochuvchi narsalar ko‘zda tutilgandir.
Ramazon oyi ro‘zasini tutmoq ikkinchi hijriy sanada farz qilingan. Aniqrog‘i, ikkinchi hijriy sananing Sha'bon oyida, hijratdan o‘n sakkiz oy o‘tgandan so‘ng va qibla Ka'bai muazzamaga burilgandan keyin farz qilingan.
Uning sababi oyning kelishidir. Chunki uni Ramazon oyiga izofa qilinadi va oyning takror bo‘lishi bilan ro‘za ham takror bo‘ladi. Har kunning yangi bo‘lishi uning ro‘zasini tutishga sababdir.
Ramazon oyi ro‘zasini tutish Qur'on, sunnat va ijmo' bilan sobit bo‘lgandir.
Allloh taolo «Baqara» surasida: «Ey iymon keltirganlar, sizlarga ham, xuddi sizdan oldin o‘tganlarga farz qilinganidek ro‘za farz qilindi, shoyadki taqvo qilsangiz», degan (Baqara surasi, 183-oyat).
Va yana: «Ramazon oyini, unda Qur'on odamlar uchun hidoyat bilan, hidoyatdan bayonotlar va Furqon bo‘lib tushirilgandir. Kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa, bas ro‘zasini tutsin», degan (Baqara surasi, 185-oyat).
Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining muborak hadislarida ro‘zaning farz ekanini ko‘p takrorlaganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh azza va jalla sizga uning ro‘zasini tutmoqni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur. Unda Jahannamning eshiklari yopilur. Unda o‘zboshimcha Shaytonlar kishanlanur. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, batahqiq, mahrum bo‘libdi», dedilar».
Nasaiy va Bayhaqiy rivoyat qilganlar.
Islom ummati doimo Ramazon ro‘zasi farz ekaniga ittifoq qilib kelgan. Ulamolarimiz, bunga «unga ahl bo‘lgan kishi tarafidan» degan qaydni ham ko‘rsatilsa yaxshi bo‘ladi, deydilar. Ana shunda hayzli va nifosli ayollarga ro‘za farz bo‘lmasligi aniq bo‘ladi.
Ro‘zaga niyatni shart qilish odatdan ibodatni farqlash uchun bo‘lgan. Boshqa narsalarda ham shu bor. Har bir narsa niyat ila odatdan ibodatga aylanib qoladi.
Yuqorida ta'rifi kelgan ro‘zani Ramazon oyida tutmoqlik oqil, bolig‘ va boshqa shartlarni o‘zida mujassam qilgan har bir mo‘min – musulmon uchun farzdir.
Jahongirxon Abrorov - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot kotibi (manbalar asosida)
Kiritilgan vaqti: 20/04/2020 07:49; Ko‘rilganligi: 1146
Chop etilgan vaqti: 18/04/2025 06:09