RAMAZON OYI FAZILATLARIDAN BENASIB QOLMAYLIK
Yaratgan parvardigorga bexisob shukurlar bo‘lsinki,diniy qadriyatlarimiz asoslaridan biri xisoblangan, barcha oylarning ichida eng fazilatlisi bo‘lgan Ramazon oyi kirib keldi. Odatdagidek, bu yil xam muxtaram yurtboshimizning “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish” to‘g‘risidagi qarori ommaviy axborot vositalarida e'lon qilindi. Qaror xar bir kishini Ramazon oyiga befarq bo‘lmaslikka, uning fazilatlaridan unumli foydalanishga chorlaydi. Qarorni o‘qigan odamda hayotga daxldorlik va mas'uliyat hissi paydo bo‘ladi. Unda jumladan Ramazon oyini karantin qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda, uy sharoitida oila davrasida o‘tkazilishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan barcha chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligi ta'kidlangan.
Azaldan xalqimiz qon-qoniga singib ketgan o‘zaro mehr-oqibat, ahillik va hamjihatlik, saxovat va shukronalik kabi xislatlar Ramazon oyining alohida bezagi hisoblanadi.
Ota bobolarimiz qo‘nim topgan qabristonlar, buyuk allomalar, aziz-avliyolarimizning muqaddas ziyoratgoxlarini obodonlashtirish, ularni ruhlarini yod etish ayni savobli ishlardandir. Darxaqiqat, Ramazon oyi Qur'on Karim oyatlarida va payg‘ambarimiz (a.s.) xadislarida juda ko‘p maqtalgan oydir. Bu oyda Qadr kechasi bo‘lib, bu kechada dastlab Qur'on nozil bo‘lgan. Qur'on Karimda Qadr kechasining ming oydan afzalligi aytilgan. Xadis sharifda aytiladiki, “Ey insonlar buyuk va muborak oy yaqin keldi. Bu oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. Bu oy ko‘mak va yordam oyidir.”
Bu oyda muhtojlarga xayr saxovat ko‘rsatgan , yaxshi gapi bilan bo‘lsada birovni qalbiga xursandchilik ulashgan odamga boshqa oylardagidan yetmish barobar ziyoda savob buladi. Bu oyda janjallashish, birov bilan arazlashib yurish, boshqani qalbini og‘ritish og‘ir gunox sanaladi. Aksincha, kimki arazlashgan bo‘lsa bu oyda albatta yarashib olishlari kerak. Olloh kechiruvchidir, kechiruvchi bandasini yaxshi ko‘radi.
Ro‘za tutishning inson salomatligiga, inson umrining uzayishiga sabab bo‘lishini zamonaviy tibbiyot xam tasdiqlashi xech kimga sir emas. Shu bilan birga, Olloh taolo bandalariga xech qachon qiyinchilikni ravo ko‘rmagan. Jumladan ro‘za tutishda xam bir kancha kishilarga yengilliklar berilgan, masalan, bemor kishilar salomatligini tiklagandan keyin tutishi lozim, musofirlar safardan qaytganidan keyin tutadi, emizikli bolasi bor, yoki xomilador ayollarga farzandini emizishdan to‘xtagandan keyin tutadi. Yoshi keksayib ro‘za tutishga kuchi yetmaydigan kishilar yoki tuzalmaydigan bemor kishilar miskinlarga fidya berish bilan ulardan ro‘za soqit bo‘ladi.
Yurtimizni yomon ko‘zlardan doimo Alohning o‘zi asrasin. Barcha yurtdoshlarimizga bu oyning barakotli bo‘lishini yaratgan Robbimizdan so‘raymiz!
Xolmuxammad SALIMOV Urgut tuman Mang‘itobod jomiy masjidi imom xatibi.
Kiritilgan vaqti: 22/04/2020 18:07; Ko‘rilganligi: 1432
Chop etilgan vaqti: 06/10/2024 19:17