RAMAZON KECHALARINING ZIYNATI
Bandalarini go‘zal suratda yaratgan, ular uchun foyda va zararni ularning o‘zlaridan ham yaxshiroq bilgan Zot bandalariga bir yilda bir oy ba’zi narsalardan tiyilgan holda ro‘za deb atalmish ibodatni bajarishlarini amr qildi.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ushbu ibodatni o‘z hayotlarida tadbiq etib uning kayfiyatini ko‘rsatib berdilar. Ilohiy farmonga itoat etgan ajdodlarimiz ming yillardan beri rohatbaxsh ro‘za ibodatini ado etib kelmoqdalar. Diniy arkonlarni yo‘q qilishga qaratilgan, jumladan ro‘za tutuvchilarga qarshi ayovsiz kurash olib borgan, korxona va tashkilotlarda xatto maktablarda majburlab suv ichirib ko‘rgan sobiq mustabid tuzum davrida ham o‘z imonlariga sodiq bo‘lgan mo‘min musulmonlar ro‘za tutganlar.
Har bir narsa o‘z asliga qaytadi deganlaridek, Alloh taologa behisob shukrlar bo‘lsinki ota-bobolarmiz intiqib kutgan va og‘ir davrlarda ichlarida yig‘lab so‘ragan iltijolari ijobat bo‘lib, yurtimiz istiqlolga erishish arafalaridan boshlab milliy va diniy qadriyatlarmiz qayta tiklandi.
Ana shunday xursandchiliklardan biri muborak Ramazon oyida masjidlarimizda taroveh namozlarini emin-erkin ado etayotganimizdir. Payg‘ambarmiz alayhissalom muborak hadislarida shunday deb marhamat qiladilar;
من قام رمضان ايمانا واحتسابا غفر له ما تقدم من ذنبه
“Kimki Ramazon kechalarida iymon va ixlos bilan qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”. (As’hobi sunan Abu Hurayra r.a.dan qilgan rivoyati).
Bir kuni buyuk sahobiy, Payg‘ambar alayhissalom xalifasi Umar ibn Xattob raziyallohu anhu, xalifaliklarining ikkinchi yilida masjidga chiqsalar, odamlar har yer, har joyda alohida-alohida namoz o‘qishayotgan ekan. Hazrati Umar: “Bularni bir qorining orqasiga jamlasam, yaxshi bo‘lar ekan”, deb, mashhur qorilardan Ubay ibn Ka’bning orqasida hamma jamoat bo‘lib o‘qishni buyurdilar. Keyingi kuni chiqib, odamlar jamoat bo‘lib namoz o‘qiganlarini ko‘rib: “Bu qanday ham ajoyib bo‘ldi! Har kim o‘z uyida kechaning oxirida yolg‘iz o‘qiganidan ko‘ra, masjidda jamoat bilan kechaning avvalida o‘qib olgani yaxshiroqdir!”, dedilar. Shunday qilib, Hazrati Umarning tadbirlari bilan odamlar Ubay ibn Ka’b va Tamim ad-Doriy kabi ulug‘ qorilar orqasida tarovehni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ichki orzulari natijasi o‘laroq jamoat bo‘lib o‘qiy boshladilar. Shundan beri hozirgacha odamlar jamoat bo‘lib tarovehni qoldirmasdan o‘qib kelmoqdalar.
Joriy yildagi muborak oyda viloyatimizda faoliyat yuritayotgan 285 ta masjidlarimizning barchasida taraveh namozlari o‘qilayotgan bo‘lsa, ularning 69 tasida qorilar tomonidan Qur’oni karim xatmi qilinmoqda.
Ramazonda bir marta xatmi Qur’on qilish eng sahih fatvoga ko‘ra sunnatdir. Chunki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham har yili Ramazonda Qur’onni Jabroil alayhissalomga bir marta o‘qib berar edilar. Vafot qilgan yillari esa ikki marta o‘qib berganlar.
Imomi A’zam rahmatullohi alayhi, tarovehning har rak’atida o‘n oyat atrofida o‘qib borilsa, Qur’onni bir marta xatm qilishga ulgursa bo‘ladi, degan ekanlar.
Xatmni laylatu-l-qadr kechasi tugatish mustahab deb aytganlar. Aksar ulamolarning nazdida bu muborak kecha Ramazonning yigirma yettinchi kechasidir. (“Muhit”). Shuning uchun Buxoro faqihlari Qur’onni besh yuz qirq ruku’ga bo‘lgan ekanlar, mus’haflariga ham belgi qo‘yganlar. Shunda xatm qadr kechasi tugaydi.
Xatmi Qur’onlar ko‘p qilingan yurtta albatta fayz-baraka ziyoda bo‘lib, tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘ladi. Shularni yaxshi anglab yetgan yurtdoshlarimiz hamma qulayliklarga ega bo‘lgan masjidlarda xatmi Qur’onga faol ishtirok etib, elimiz tinchligi va yurt farovonligini so‘rab duolar qilmoqdalar. Masjidlardagi taroveh namozlari chin ma’noda muborak Ramazon oyi kechalarining ziynatidir. Alloh taolo barchamizga Ramazonni muborak etsin.
Kiritilgan vaqti: 07/06/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 2529
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 22:03