O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Rahmat va mag‘firat oyi

 
 

Rahmat va mag‘firat oyi bo‘lgan muborak Ramazon ham kirib keldi. Bu oyni Rasululloh sallollohu alayhi vasallam davrlaridan buyon dunyo musulmonlari tomonidan alohida e’tibor ila kutub olinadi. Jumladan, yurtimiz musulmonlari ham Ramazon oyini xursandchilik ila kutub oldi.

Muborak Ramazon oyini yuqori kayfiyat va xursandchilikda o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning yurtimizda “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risidagi” qarorining chiqishi ham yurtimiz musulmonlarining xursandchiligi ustiga katta xursandchilik bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qarordan asosiy ko‘zlangan maqsad ham muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish va el-yurtimiz uchun azaldan ezgulik, saxovat, mehr-shafqat ramzi bo‘lib kelayotgan muborak Ramazon oyining ma’naviy-ruhiy hayotimizdagi alohida o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda, jamiyatimizda mehr-oqibat, o‘zaro ahillik va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, xalqimizga mansub oliyjanob fazilatlarni, diniy-ma’rifiy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va ulug‘lashdan iboratdir.

Ramazon kirishi bilan yer yuziga Allohning rahmati yog‘iladi, bandalarning gunohlari mag‘firat qilinish bilan birga do‘zaxdan ozod etiladi. Salmon Forsiy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “U avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat va oxiri do‘zaxdan ozod qilinadigan oydir”, – deganlar.

Ramazon oyining ahamiyatli tomonlaridan biri ushbu uch fazilatidir. Chunki, har bir mo‘min kishining buyuk orzusi avvalo Allohning rahmatiga erishish, keyin gunohlardan pok bo‘lish va undan so‘ng do‘zaxdan ozod bo‘lgan holda jannatga kirishidir.

Albatta, Ramazon – mo‘minlar uchun Allohning rahmati va barakalari yog‘iladigan oydir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ramazonda rahmat eshiklari ochiladi”, – dedilar.

Bu oyda mo‘minlar uchun rahmat eshiklari ochiladi, qilgan barcha duo va ibodatlarida huzur halovat, ruhiyatida esa taskinlik topish bilan birga ulkan ajr-savobga ham ega bo‘ladi. Ramazonda ro‘zador odamning o‘qigan namozi uchun ham aytgan tasbehi uchun ham hattoki uyqusi uchun ham savob beriladi.

Ramazon – mo‘min-musulmonlar uchun mag‘firat oyidir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Ramazon ro‘zasini imon e’tiqod va Allohdan savob umid qilib tutsa, uning o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”, – dedilar”.

Ramazon – mo‘min va musulmonlar uchun “itqu-m-mina-n-niyron” do‘zaxdan ozod bo‘ladigan – qutiladigan oydir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazonda har kecha Allohning do‘zaxdan ozod qilinadigan bandalari bor”, – deganlar. (Imom Termiziy rivoyati).

Alloh taolo yurtimizda hukm surayotgan Ramazon shukuhini yanada ziyoda qilsin. Barcha mo‘min-musulmonlarga Ramazon oyining fazilatlaridan bahramand bo‘lishlik baxtini ato etsin. Amin!

Manba: www.bukhari.uz


Kiritilgan vaqti: 03/06/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3838
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/rahmat-va-magfirat-oyi
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 05:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing