O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Qur'oni karimda anjir va zaytun haqida

 
 

Allo taolo: “Anjir bilan qasam va zaytun bilan qasam” deya “Tiyn” surasida marhamat qilgan. Mufassir olimlar ushbu oyati karimdagi “tiyn-anjir” va “zaytun” so‘zlarini turlicha izoh qilganlar. Quyida tafsir kitoblarida ushbu so‘zlarga keltirilgan sharhlarni taqdim etamiz.

Ulamolarimiz ushbu oyatdagi “anjir” va “zaytun”dan murod Shom va Baytul Maqdis nazarda tutilgan, deb ham aytishgan. Chunki, o‘sha vaqtda anjir va zaytun shu diyorlarda ko‘p yetishtirilgan. Anjir va zaytun zikr qilinib, undan keyingi oyatda “Va Turi Siyno bilan qasam” deyiladi. “Tur” Alloh taolo Muso alayhissalomga manashu tog‘da gapirgan tog‘dir. “Siyno” degani esa, barakali, mevali daraxtlari ko‘p, degan ma'noni bildiradi. Keyingi oyatda esa “Va Mana bu eminlik yurti (Makka)  bilan qasam” deyildi. Alloh taolo uchta narsa bilan; anjir, zaytun va Makka shahri bilan qasam ichdi. Oyati karimadagi “anjir” va “zaytun”dan murod Baytul Maqdis. Chunki u yerda bu narsalar juda ham ko‘p bo‘lgan va Iyso alayhissalom u yerga payg‘ambar qilib yuborilganlar. (“Tafsiri Munir” kitobidan”).

          Anjir va zaytundan murod aynan shu mevalarning o‘zidir. Chunki, anjir Odam alayhissalomni jannatda tanalarini satr qilgan. Alloh taolo A'rof surasi 22-oyatda “...va o‘zlariga jannat barglaridan to‘siq to‘qiy boshladilar” degan. Bu barglar anjir daraxti barglari edi. Qolaversa, Alloh taolo bandalariga bergan ikkita katta ne'matini eslatayapti. Chunki bu mevalarning ko‘rinishi chiroyli, hidi hushbo‘y, insonga juda foydalidir. Alloh taolo zaytun bilan qasam ichdi. “Nur” surasining 35-oyatida Alloh taolo “muborak zaytun daraxtidan yoqiladir” dedi. Bunda Ibrohim alayhissalomni misolini keltirgan. Shom ahlini urf odati shunday bo‘lganki, ular zaytundan juda ko‘p ishlarida foydalanishgan. Taomlarga qo‘shishgan, davolanishda ishlatishgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Zaytun iste'mol qilinglar, uni tanangizga surting. Chunki unda ko‘p foydalar bordir” deganlar. (“Tafsiri Qurtubiy” kitobdan).

          “Anjir bilan qasam va zaytun bilan qasam”.

Alloh taolo ushbu ikki meva bilan qasam ichdi. Chunki, bu mevalar inson dilini xira qilmaydigan mevalar sirasidandir. Hadisda kelishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bir lagan anjir hadya sifatida olib kelindi. U zot undan yeb, “Bundan yenglar. Agar Jannatdan meva tushirilgan deb aytsam mana shu mevani aytgan bo‘lar edim” deganlar. Zaytun mevasi haqida esa “Zaytun daraxtidan bo‘lgan misvok qanday ham yaxshi. U og‘izni xushbo‘ylatib, kasallikni ketkazadi” va “U mening va mendan oldingi payg‘ambarlarning misvok (oladigan daraxti)”, deganlar.

Alloh taolo Qur'oni karimning biror joyida qasam ichar ekan, qasam ichilayotgan narsaning ulug‘ narsa ekanligiga dalolat bo‘ladi. Bu yerda ushbu mevalarning fazilati shundaki, Alloh taoloning yaratgan narsasi naqadar ajib ekanligiga dalolat borligidir. Zero, ushbu ikki kichik hajmdagi mevalarda ulkan-ulkan foydalar mavjud. Yegulik sifatida foydalansak, hazm bo‘lishi oson. Davo sifatida foydalanadigan bo‘lsak, tabiatni yumshatadi, balg‘amni ketkazadi, o‘pka va jigarni tozalaydi, buyrakdagi toshlarni ketkazadi, semirish uchun foydali, jigar va taloqni yaxshilaydi.

          (Imom Nasafiyning “Tafsirul Nasafiy” va Imom Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asarlaridan).

 

Abdussami' Xayrulloh tayyorladi (Toshkent islom instituti talabasi).


Kiritilgan vaqti: 13/08/2019 15:35;   Ko‘rilganligi: 4730
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/quroni-karimda-anjir-va-zaytun-haqida
Chop etilgan vaqti: 01/03/2024 18:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing