Qurbonlik-qurbat hosil qilmoq
Qurbonlik shariatga ikkinchi hijriy sanada kiritilgan. Uning vojibligi to‘g‘risida Alloh taolo «Kavsar» surasida: «Albatta, Biz senga Kavsarni berdik. Bas, Robbingga namoz o‘qi va jonliq so‘y», – degan.
Ulamolarimiz ushbu oyati karimadagi «namoz»dan murod, iydi qurbon namozi, «jonliq»dan murod qurbonlikka so‘yiladigan hayvon, deganlar.
Hadisi shariflarda ham uning vojibligi aytib o‘tilgan.
Mihnaf ibn Qays roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men U zotning: “Ey, odamlar, har bir uy ahliga har yili bir qurbonlik va atiyra lozimdir”, – deganlarini eshitdim» (Termiziy rivoyati).
Qurbonlik hayvoni qurbon hayiti kunlari (Zulhijja oyining o‘ninchi kuni hayit namozidan keyin o‘n ikkinchi kuni quyosh botgunga qadar) so‘yiladi. Bundan oldin yoki keyin so‘yish mumkin emas.
Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, ushbu kunimizda eng avval boshlaydigan narsamiz, namoz o‘qimoqligimizdir. So‘ngra, qaytamiz va so‘yish so‘yamiz. Bas, kim o‘shandoq qilsa, bizning sunnatimizni topibdi. Kim undan oldin so‘ysa, o‘z ahliga go‘sht taqdim qilibdi, xolos. Ibodatdan hech narsa yo‘qdir”, – dedilar» (Abu Dovud rivoyati).
Hanafiy mazhabi bo‘yicha hur, oqil, muqim va zakot nisobiga molik bo‘lgan musulmon shaxsga qurbonlik qilish vojib bo‘ladi. Qul, jinni, musofir va kambag‘al kishilarga qurbonlik qilish vojib emas.
Hadisi shariflarda, fiqhiy manbalarda qurbonlikka so‘yiladigan hayvonlar birma-bir sanab o‘tilgan. Bir kishidan bitta qo‘y yoki echki, bir kishidan yetti kishigacha bir mol yoki tuya so‘yilishi mumkin. Bitta qo‘yni birdan ortiq kishi qurbonlik qila olmaganidek, bitta mol yoki tuyada yetti kishidan ortiq kishi sherik bo‘lishi mumkin emas. Ammo yetti kishidan kam bo‘lsalar joiz. Sheriklar qurbonlik pulini teng to‘lashlari va uning go‘shtini ham teng taqsim qilishlari ham ayni muddaodir. Go‘sht chamalab emas, tarozida tortib taqsimlanadi.
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan namozgohda qurbon namoziga hozir bo‘ldim. U zot xutbalarini tugatib, minbarlaridan tushganlarida bir qo‘chqor keltirildi. Bas, u zot uni o‘z qo‘llari bilan so‘ydilar va: “Bismillahi vallohu akbar! Bu mendan va mening qurbonlik qilmagan ummatimdan”, – dedilar» (Termiziy rivoyati).
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Hudaybiyada bir tuyani yetti kishi nomidan, bir sigirni yetti kishi nomidan so‘ydik» (Abu Dovud, Muslim va Termiziy rivoyati).
Qurbonlik qilinadigan hayvonlarning erkagi ham, urg‘ochisi ham, bichilgani ham, bichilmagani ham qurbonlik qilinsa, bo‘laveradi. Boshqa hayvonlarni qurbonlik qilib bo‘lmaydi.
Alloh taoloning yo‘lida qurbonlik qilaman deb nazr atagan va o‘ziga vojib bo‘lmasa ham, qurbonlik qilaman deb hayvon sotib olgan odamlar vaqtida uni qila olmay vaqtini o‘tkazib yuborsalar, hayvonni tirikligicha sadaqa qiladilar. Chunki, ular o‘zlariga o‘zlari bu ishni vojib qilib olganlar.
So‘yishni yaxshi bilsa, o‘z qo‘li bilan so‘ymog‘i mandub. Bo‘lmasa, boshqaga so‘ydiradi. Boshqaga so‘ydirganda o‘zi hozir bo‘lishi lozimdir.
Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotimaga: “Borib qurbonligingga shohid bo‘l. Uning birinchi tomgan qoni bilan barobar sening o‘tgan gunohlaring mag‘firat qilinadi”, – dedilar. Fotima: “Ey Allohning rasuli! Bu bizga – ahli baytga xosmi yoki musulmonlarga umumiymi?” – deb so‘radi. U zot: “Yo‘q. Musulmonlarga umumiydir”, – deb javob berdilar».
Qurbonlik qilgan kishi Allohga yaqinlashadi, Uning roziligiga erishadi, ulkan ajrni qo‘lga kiritadi, xonadoniga fayzi baraka yog‘iladi, ko‘ngli taskin topadi. Shunday ekan, imkon qadar bu xayrli amalga kirishmog‘imiz marg‘ub amallardan sanaladi.
Kiritilgan vaqti: 20/08/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2646
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 01:10