QURBONLIK ULKAN SAVOB
Xalqimiz azaldan Qurbon hayitini Zulhijja oyining o‘ninchi kunida bayram sifatida nishonlab keladi. Hayit kuni mo‘min-musulmonlar Hayit namozi o‘qib, ehsonlar qiladi va ota-ona, yoru birodar, qarindosh-urug‘larni ziyorat qiladi hamda qo‘ni-qo‘shni, yetim-esir, beva-bechora va bemorlarning holidan xabar oladi. Bordiyu arazlashganlar bo‘lsa Hayit kuni bir-birlaridan uzr so‘rab, kungillarni shod etadi. Shuningdek, bu kunlarda otalar farzandlariga sayil xarji bersalar, onalar esa qizlarini yoniga olib qo‘llariga xina qo‘yib, ko‘zlariga surma surtadi. Muqaddas dinimizda bu ishlarning barchasi nihoyatda ulkan xayrli va savobli amallardan sanalib, ularni bajarishga xalqimiz alohida e’tibor bilan qaraydi.
Islom dinida Qurbonlik moliyaviy ibodat bo‘lib, uning mohiyati Allohga bandalik qilgan holda, uning ne’matlari uchun shukrona etmoq va fidokorlik qilmoqdir. Qurbonlik lug‘atda “yaqinlashmoq” ma’nosini bildirsa, shariatda Qurbon hayiti kunlarida Allohga ma’naviy yaqinlashish maqsadida hayvon (jonliq) so‘yib muhtojlarga tarqatish tushuniladi.
Aslida, boy – qarzi va yashayotgan uyi va zaruriy ehtiyojidan tashqari zakot nisobiga yetarli mablag‘ga ega va muqim bo‘lgan (o‘z elida doimiy yashayotgan) har bir musulmon kishiga qurbonlik qilish vojib hisoblanadi.
Mixnaf ibn Sulaym roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Arafotda turgan edik. Men U zotning: Ey odamlar, har bir uy ahliga har yili qurbonlik lozimdir”, deganlarini eshitdim”, - dedi. (Imom Termiziy rivoyati).
Shuningdek, bu amalning fazilati haqida boshqa hadislarda qurbonlikning qoni yerga oqib ulgurmasdan qurbonlik qilayotgan kishining gunohlari mag‘firat qilinishi va qurbonlik qilingan hayvonning junlari miqdoricha savoblanishi bashorat qilingan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fotima roziyallohu anhoga: “Turing va borib qurbonligingizga guvoh bo‘ling. Uning qonini birinchi tomchisi tomishi bilan sizning o‘tgan gunohlaringiz mag‘firat qilinur”, dedilar. Shunda Fotima roziyallohu anho: “Ey Allohning Rasuli, bu (qurbonlikning qonini birinchi tomchisi tomishi bilan gunohlarni mag‘firat qilinishi) biz – ahli bayt (payg‘ambar oilasi)ga xosmi yoki biz va musulmonlarga umumiymi?”, - dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Yo‘q. Barcha musulmonlarga umumiydir”, dedilar.
Ulug‘larimiz qurbonlik qilishning fazilati va savobi naqadar ulug‘ ekanligi sababli boy bo‘lmagan kishi ham bir qo‘yni so‘yishga qodir bo‘lsa, qurbonlik qilsa yaxshi bo‘ladi, deb aytishgan.
Qurbonlik uchun so‘yishga yaraydigna jonliqlar: besh yoshga to‘lgan tuya, ikki yoshga to‘lgan qoramol, olti oylikdan oshgan qo‘y va bir yoshli echki. Qurbonlik uchun so‘yishga yaramaydigan jonliqlarni: xo‘roz, tovuq, ko‘rka va g‘oz kabi uy parrandalari hamda go‘shti yeyiladigan yovvoyi hayvonlar.
Qo‘y va echkini bir kishi, tuya va qoramolni esa bir kishidan yetti kishigacha birlashib, barchasi qurbonlik niyati bilan so‘ysa bo‘ladi. Qurbonlik qilingan hayvon go‘shti, yog‘i, terisi va boshqa narsalari sotilmaydi. Ularni ixtiyoriy ravishda birovlarga berish yoki oilasi uchun ishlatish mumkin. Agar terisi sotilsa, puli sadaqa qilinadi.
Qurbonlik uchun tanlangan jonliq o‘ta ozg‘in, so‘yish joyigacha yurib bora olmaydigan holdagi cho‘loq, ko‘zi ko‘r, qulog‘i, shoxi yoki dumining uchdan bir qismidan ko‘prog‘i kesib tashlangan bo‘lsa qurbonlikka yaramaydi. Chunki, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “To‘rt narsa qurbonlikka joiz emas - g‘ilayligi, bemorligi, cho‘loqligi ochiq-oydin bo‘lgan hayvon va miyasi alanib qolgan hayvon” - deb marhamat qilganlar.
Qurbon hayiti kuni hayit namozi o‘qib bo‘lingandan so‘ng qurbonlik so‘yish boshlanadi. Chunki, Alloh taolo “Kavsar” surasining 2-oyatida shunday marhamat qiladi:
“Bas, Rabbing uchun namoz o‘qi va qurbonlik so‘y”.
Oyatda avval hayit nomozini o‘qishga buyurilib, so‘ng qurbonlik qilishga amr qilinmoqda.
Shuningdek, “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xutba aytib turib: “Albatta, bugun (hayit kuni) birinchi bo‘lib qiladigan ishimiz — namoz o‘qimoq, keyin ersa, borib qurbonlik qilmoqdir. Kimki shunday qilsa, bizning sunnatimizni bajo keltiribdi!” – deganlar”.
Qurbonlikni uch kun ichida ya’ni hayit namozi o‘qib bo‘lingandan boshlab to hayitning uchinchi kuni quyosh botgunga qadar so‘yish mumkin. Biroq, qurbonlikni hayitning birinchi kuni so‘ygan afzaldir. Jonliqni so‘yish qo‘lidan kelsa, qurbonlik qilayotgan kishining o‘zi so‘yadi. Qo‘lidan kelmasa, biladigan kishiga so‘ydiradi va o‘zi yonida qurbonlik qilinayotgan hayvonga qo‘lini tekizib qurbonligini qabul bo‘lishini so‘rab duo qilib turadi. So‘ygan kishiga xizmat haqi sifatida qurbonlik go‘shtidan (terisi va boshqa narsalaridan) berish joiz emas. Unga pul berib, rozi qilinadi.
Qurbonlik go‘shtining uchga bo‘lib, bir qismini kam ta’minlangan muhtojlarga tarqatish, bir qismini kelgan mexmonlarga pishirib berish va yana bir qismini keyinchalik yeyish uchun olib qolish mustahabdir. Agar qurbonlik qiluvchi serfarzand bo‘lsa, tarqatish o‘rniga hammasini oilasi ehtiyoji uchun qoldirsa ham bo‘ladi.
Qurbonlik diniy ibodat bo‘lishidan tashqari, ayni vaqtda uning axloqiy va iqtisodiy ahamiyati ham juda katta. Qubonlik go‘shtining bir qismini moddiy imkoniyati nochor oilalarga, yetim-esirlarga berilsa ularning ham qozoni qaynab, ularga xursandlik ulashishlik bilan birga ulkan ajr-savobga ham ega bo‘ladi. Muhimi, bu xayrli ish jamiyatdagi ijtimoiy yordam va birdamlikning go‘zal namunalaridan biri hisoblanadi.
Kiritilgan vaqti: 24/08/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 4524
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 22:36