O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Qazo afzalmi yoki naflmi?

 
 

Alloh taolo Qur’oni karimda: وَمَا خَلَقْتُ الْجِنَّ وَالإنْسَ إِلا لِيَعْبُدُونِ (٥٦) “Jin va insonni faqat Menga ibodat qilish uchungina yaratdim”, deb marhamat qilgan (Zariat surasining 56-oyati). Ushbu oyatning mazmunidan insonning yaratilishidan asl maqsad Rabbisiga ibodat qilish ekani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Demak, insonning eng birinchi vazifasi ibodat qilish ekan. Shuning uchun ibodatlarning qonun-qoidalarini yaxshi bilish har bir musulmon uchun farzi ayndir.

Bir kunda besh vaqt namoz o‘qish farz ekanini hammamiz bilamiz. Biror sababdan ana shu farzlar o‘z vaqtidan kechiksa, uning qazosini o‘qish vojib bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlarida namozga e’tibor juda katta bo‘lgan. Shuning uchun imon keltirib, Islomni qabul qilgan odam, albatta, namozlarni o‘z vaqtida ado etishga qat’iy amal qilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam as’hoblarini besh vaqt namozlardan tashqari nafl ibodatlarga ham targ‘ib etib, ularning fazilatlari va savoblari haqida so‘zlab berganlar. Qazo namozlar haqida nafllarga aytilganchalik ko‘p gaplar aytilmagan. Chunki u zamonlarda namozni qazo qilish holatlari kamdan-kam bo‘lgan.

Sobiq ittifoq hukumati xudosizlik g‘oyasini ilgari surib, namoz o‘qish, ro‘za tutish kabi ibodatlarga oshkora qarshilik qildi. Musulmonlar hattoki, musulmonman, deyishga ham qo‘rqib qoldilar. Shu tariqa odamlarni dindan uzoqlashtirib yubordi. Yetmish yil davom etgan bu davr xalqimiz hayotida juda katta salbiy ta’sirini ko‘rsatdi.

Alloh taologa behisob hamd va shukrlar bo‘lsinki, yurtimizga mustaqillik ne’matini ato etib, xalqimizni bu balodan qutqardi. Erkimiz o‘z qo‘limizga o‘tdi, ibodatlarimizni emin-erkin bajarishga, dinimizni chuqur o‘rganishga imkoniyatlar ochildi. Shunday qilib, xalqimiz yana ibodatga, namozga qaytdi.

Yetmish yillik sobiq ittifoq davrining ta’siri va boshqa sabablar tufayli ko‘pchilikda bir necha yillik qazolar mavjud. Mazkur qazolarni bajarish har bir musulmonning bo‘ynidagi qarzidir. Mana shunday qazo namozlari bo‘lgan insonlar nafl namoz va nafl ro‘zadan ko‘ra qazo namoz va qazo ro‘zalarni ado qilmoqliklari lozimdir. Chunki, qazo – vojib, nafl esa ixtiyoriy amal. Bo‘ynida qazolari bo‘la turib nafl ibodatlarni qiladiganlar go‘yoki bo‘ynida qarzi bo‘la turib, qarzini uzish o‘rniga, sadaqa qilgan kishiga o‘xshaydi.

“Fatovoi hindiya” kitobida “farz namozlari o‘z vaqtidan kechiksa, uning qazosini o‘qish lozimdir. U qasddan, unutib yoki biror bir sabab bilan kechikkanining farqi yo‘q. Shuningdek, qoldirilgan namoz bitta bo‘lsa ham bir nechta bo‘lsa ham qazosini o‘qish shart”, deyilgan.

Shuning uchun naflga ajratadigan vaqtimizda qazo namozlarni ado qilsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Masalan, dushanba va payshanba kunlari ro‘za tutish sunnat amallardandir. Qazo ro‘zasi borlar mana shu kunlarda qazo ro‘zaga niyat qilsalar, Alloh taoloning xazinasi cheksiz – ham qazo uchun, ham sunnat uchun savob berishga qodir.

Xuddi shu kabi qazo namozi bo‘lganlar ham nafl namozlar uchun ajratadigan vaqtlarini qazo uchun ajratsalar, ham savobi ko‘p bo‘ladi, ham bo‘ynidagi qarzdan qutiladi. Zero, vojibga beriladigan ajr naflga beriladigan ajrdan ko‘p bo‘ladi. Qolaversa, qazolarga jiddiy e’tiborda bo‘lish ham tavbaning, istig‘forning, gunohlarga pushaymonlikning belgisidir.

Alloh taolo ibodatlarni o‘z vaqtida ado qilish baxtini barchamizga nasib etsin. Zimmalarida qazolari bo‘lganlarga qazolarni bajarishda O‘zi kuch-quvvat bersin!

manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 01/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 5373
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/qazo-afzalmi-yoki-naflmi
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 21:32
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing