Qaysi joyda azon aytilsa Alloh u joyni balolardan asraydi
Azon lug‘atda “bildiruv” degan ma’noni anglatadi. Azon Allohning toatiga, ibodatiga, hidoyatiga, Uning Dargohi oliyasiga bir chorlovdir. Azon Alloh sevgisining tanlarga nidosi, qalblarga tajallisidir. Azon dil va vujuddan shaytonni quvish imkoniyatidir. “Azon” – Allohning sig‘inish va ibodat qilishga sazovor yagona Zot ekanini, Muhammad alayhissalomni butun insoniyatga yuborilgan oxirgi haq payg‘ambarliklarini, dinimizning butun dunyoda mislsiz adolat va hurriyatni joriy qilish dini ekanini bildirishdir.
Anas (r.a)dan rivoyat qilinadi, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam: "Qaysi qishloqda azon aytilsa, Alloh taolo o‘sha qishloqni o‘sha kun o‘zining azobidan omonda qiladi", - dedilar. Hadislarda azon, iqomat va muazzinning fazilatlari bayon qilingandir. Quyida bir necha hadislarni keltirib o‘tamiz:
Hazrat Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam aytdilarki: "Vaqtiki, namoz uchun azon aytilsa, shayton yel chiqarib azon eshitilmaydigan joygacha qochadi. Azon tugaganda qaytib keladi. Keyin namoz uchun iqomat (takbir) aytilsa, yana qochib ketadi. Takbir tugagach qaytib keladi va insonni diliga vasvasa solib aytadiki: "falon gapni esla, falon narsani yodga ol", - deydi, shunda inson oldin xayoliga ham kelmagan gaplarni esga oladi va necha rakat namoz o‘qiganini ham bilmay qoladi". (Buxoriy va Muslim rivoyati)
Hazrat Jobir roziyallohu anhu aytadilarki: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni shunday deganlarini eshitdim : "Vaqtiki, shayton namozga chaqiriqni, ya’ni azonni eshitsa, Ravho degan joygacha qochadi". Roviy aytadiki, Ravho Madinadan 36 mil uzoqdadir.
Yuqoridagi ikkita hadisdan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, haqiqatda azon va iqomat tavhid va iymonga chaqiriqdir. Bu ikkisi Alloh taologa nihoyatda mahbub va hammadan ziyoda maqbuldir. Alloh taoloning yaxshi bandalari uni eshitib, masjidga boradilar. Lekin la’nati shayton buni eshitishga toqati yetmaydi. Shuning uchun, qachon azon aytilsa, shayton uni eshitib, sherdan qochganday qochadi.
Abu Said al-Xudriy roziyallohu ahudan rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Muazzinni ovozi qayergacha yetib borsa u yerda uni eshitgan jin inson va jonsiz narsalar qiyomat kuni uning haqida guvohlik beradilar". (Buxoriy rivoyati)
Alloh taolo koinotdagi har narsaga o‘zining ma’rifatidan bir hissa bergan. Bunga dalil Isro surasi 44-oyatida ''Uning hamdi ila tasbeh aytmagan hech bir narsa yo‘q. Lekin ularning tasbehini anglamassizlar''- deydi. Shuning uchun qachon muazzin azon aytsa va unda Alloh taoloning ulug‘ligi, birligi, islom ta’limotlarini e’lon qilsa, insujindan tashqari boshqa maxluqotlar ham uni eshitib tushunadilar va qiyomat kuni muazzinning haqida hammalari ushbu kalimalarni eshitganlari haqida guvohlik beradilar. Bu guvohlik shubhasiz muazzin uchun katta fazilatdir.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qiyomat kuni uch kishi mushkdan bo‘lgan tepalikda bo‘ladi. Biri, Alloh taoloning haqqini ham mavlosining haqqini ham ado qilgan qul. Ikkinchisi bir qavmga imom bo‘lib, (uning pokiza xulqi sababli) qavmi undan rozi bo‘lgan kishi. Uchinchisi kecha kunduz besh vaqt namozga azon aytgan kishi”,- dedilar. (Termiziy rivoyati)
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yetti yilgacha savob umidida azon aytsa, jahannam o‘tidan ozod deb yozib qo‘yiladi”,- dedilar. (Termiziy, Abu Dovud, Ibn Moja rivoyati)
Azon, iqomat va muazzinning fazilatlari juda ko‘p hadislarda bayon qilingan. Azon iymon va islomning eng muhim shioridir. Azonning ma’nosi va tartibiga nazar solsak, u juda balog‘atli tarzda islomga chaqiradi. Muazzin Allohning yo‘liga chaqiruvchidir. Afsus bugun biz bu haqiqatni tamoman esdan chiqarganmiz. Azon aytishni bir haqir, past narsa deb tushunmoqdamiz. Lekin azonning fazilati juda ko‘p. Qachon azon eshitganimizda qiyomat soati kelganini tasavvur qilib, chin qalbdan his etib Allohdan chin ma’noda qo‘rqsakkina ibodatu duolarimizni qabil qiladi, Alloh yurtimizni tinch osmonimizni hamisha musaffo qilsin.
Kiritilgan vaqti: 26/12/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3215
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 14:27