QADRIYATLARIMIZ-MA’NAVIYAT TAYANCHI
Xalqimiz tomonidan nishonlanadigan ko‘plab an’anaviy bayramlar bor. Ulardan biri, Xotira va qadrlash kunidir. Bu sananing o‘z mazmun- mohiyati va ahamyati bor. Zero, bu kun o‘tmishdagi barcha ajdodlarimizga va o‘z hayotini Vatanimiz ozodligi va xalqimizning farovon hayoti yo‘lida fido qilib, bugungi yorug‘ kunlarimizni ko‘rmay o‘tib ketgan barcha fidoyi yurdoshlarimizning o‘chmas xotiralariga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yorqin ifodasidir. Shuningdek, hozirda biz bilan hamnafas bo‘lib yashayotgan, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarning qadriga yetib, ularning nasihat va duolarini olish ma’nolari bor. Hozirgi yosh avlod ularning pandu- nasihatlariga juda ham muhtojdir.
Islom dini inson naslini mukarram sanaydi. Inson aziz va mukarram ekan, uning yoshi ham, qarisi ham, ayoli ham, erkagi ham, hayotlari ham, marhumlari ham baravar birday qadr-qimmatga egadir. Bu haqda Olloh taolo Quroni karimda shunday marhamat qiladi:
“Darxaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik xamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik”, (Isro surasi 70- oyat).
Shuning uchun o‘zimizdan avval dunyodan o‘tib ketgan marhum yaqinlarimizni doimo yaxshi sifatlar bilan eslash ham burchimizdir. Bu haqda juda ko‘p oyat va hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan, Qur’on karimda aytilganki: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va raximli zotsan!” (Xashr surasi 10- oyat). Hadisi sharifda esa:“Dunyodan o‘tganlarning yaxshi sifatlarini eslanglar, ularning yomon sifatlarini aytishdan saqlaninglar” (Termiziy rivoyati), deyilgan. Islomning avvalida Payg‘ambarimiz a.s. odamlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edilar. Musulmonlar Islom ma’rifatiga ega bo‘lganlaridan keyin Payg‘ambarimiz a.s. bunga ruxsat berib, aytdilarki: “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Mana endi qabrlarni ziyorat etavering, zero u sizlarga oxiratni eslatadi.” (Termiziy rivoyati).
Qabristonlarni obod qilish, marhumlarning hurmatini joyiga qo‘yishdek yuksak qadriyatimizga mustaqillik qayta hayot bag‘ishladi. Odatdagidek, bu yil ham, xalqimiz tomonidan erta bahordan xayriya hasharlari tashkil etilib, barcha qabriston va ziyoratgohlarda bahorgi tozalik va obodonchilik ishlari olib borildi. Gul-u rayhonlar va manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
O‘tgan ajdodlarimizdan qolgan boy ma’naviy merosni qadrlash. Uni avaylab asrab, kelajak avlodga yetkazish bugungi kishilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Qolaversa, katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan, keksa avlod vakillarining pandu nasihatlariga, xayrli duo va tilaklariga, bugungi o‘ta globallashuv davrda o‘sib kelayotgan hozirgi yosh avlod juda ham muhtojdirlar. Hadisda aytiladiki: “Rahm qilingizlar, rahm qilinasizlar”. Diyorimiz istiqlolga erishgan dastlabki kunlardanoq hukumatimiz tomonidan keksa otaxon va onaxonlarga, nogiron va muhtojlarga alohida g‘amxo‘rliklar ko‘rsatila boshlandi. Bugungi tinchlik va farovonlashib borayotgan hayotimizga ana o‘shalar sababchidirlar. Chunki, Payg‘ambarimiz a.s. o‘z hadislarida aytganlarki: “Agar orangizda munkillagan qariyalar, o‘tlab yurgan jonzotlar va emizikli chaqaloqlar bo‘lmaganida edi, boshingizga balolar yomg‘irdek yog‘ilur edi” (Bayhaqiy rivoyati).
Xalqimiz azaldan bu dunyoni “qaytar dunyo” deb bejizga aytmagan. Bu haqda hadis sharifda bunday deyiladi: “Ota-onalaringizga mehribon bo‘lingizlar, shunda sizlar ham farzandlaringizdan mehr muruvvat ko‘rasizlar” (Tabaroniy rivoyati). Haqiqatan ham, ota-onalarini duolarini olib, unib-o‘sganlarni ko‘p ko‘rganmiz. Aksincha ularni norozi qilganlarning kosasi oqarmaganiga ham ko‘p bor kuvoh bo‘lganmiz.
O‘tganlarni xotirlab, hamisha ularni shod etadigan amallarni qilishimizni, ota-onalarimizni e’zozlab, duolarini olishimizni, o‘zaro mehr-muhabbatli bo‘lishimizni so‘rab, Alloh taologa duoi xayrlar qilib qolamiz.
Kiritilgan vaqti: 07/05/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3317
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 18:41