QABRISTONGA HURMAT-MARHUMLARGA HURMATDIR
Alloh taolo O‘zining qudrati ilohiysi bilan insonni yaratganda uni jamiki maxluqot va mavjudot ichida mukarramlik bilan martabasini ko‘tarib qo‘ydi. Bu haqida muborak kalomi sharifda xabar berib aytadiki: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz) va mukarram qildik...” (Isro,70 oyat). Islom dini inson qadrini uning hayotligi va hayotdan ko‘z yumgandan so‘ng ham yuqori darajaga ko‘taradi. Albatta, biz hamisha marhumlarimizni yodga olib, ularning ruhlarini shod qilish uchun savobli amallarni, shu jumladan, Qur’oni karim oyatlaridan tilovatlar qilib, savobini ularning ruhlariga bag‘ishlaymiz. Zero, o‘tganlarni eslash va ularga istig‘for aytish, qabrlarini ziyorat qilib, qo‘nim topgan joylarini doimo ozoda tutishimiz har birimizning insoniy burchimizdir.
Qur’oni karimda marhamat qilinadi: “(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir”.(Ar-roxmon,26-oyat). Lekin bu foniy dunyodan o‘tgan insondan uning o‘chmas xotirasi, ezgu ishlari qoladi.
Shariatimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra o‘tganlarni qabrlarini ziyorat qilish, qabristonlarni ozoda saqlash sunnat amallardandir. Chunki Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Sizlarga qabrlar ziyoratini taqiqlagan edim. Mana endi qabrlarni ziyorat etavering, zero, u sizlarga oxiratni eslatadi”. Qabristonga borilganda u yer insonni fikr qilishga undaydi. Shuningdek, mozorlarni obod qilishlik biz tiriklarning muhim ishlarimizdan ekanligini eslatadi. Yurtimizda 9-may Xotira va Qadirlash kuni deb e’lon qilingan. Ana shu munosabat bilan viloyatimizda ish rejasi asosida qator tadbirlar o‘tkazilmoqda. Jumladan, 9-mayga qadar hamma qabristonlarda obodanlashtirish ishlarini jadal ravishda olib borib u yerga keladigan ziyoratchilarga marhumlarni ziyorat qilishliklari uchun sharoitlar yaratib berish ko‘zda tutilgan. Bunday xayrli ishga imom xatiblarimiz va mahalla faollari katta hissa qo‘shmoqdalar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bir hadisi muboraklarida: “Qabr oxirat manzillarining eng avvalgisidir”.-deb marhamat qilganlar. Demak, oxiratni obod qilaman degan inson qabristonni obod qilishi lozim ekan. O‘zining ajdodlari va qarindoshlarining qabrlari bilan bir qatorda qarovsiz qolgan boshqa qabrlarni ham tozalab qo‘yilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu ezgu ishlarga o‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni jalb etilsa vatanimiz, xalqimizga sadoqat, fidoyilik va marhumlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalashga katta xizmat qiladi.
Alloh taolo o‘tganlarimizning ruhlarini shod, qabrlarini purnur aylasin.
Kiritilgan vaqti: 30/04/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3473
Chop etilgan vaqti: 01/12/2024 23:20