O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Porloq kelajagimizdan umidimiz ulkan!

 
 

Bugungi o‘tayotgan kunlarimizga razm solib boqsak har bir tongi otayotgan kunimiz har bir quyoshi botayotgan tunimiz tinch osoyishta va shuning bilan birgalikda olamshumul o‘zgarishlarga boy bo‘lmoqda. Xalqimiz yaxshi niyatli xalq. Doimo yaxshi kunlarni, go‘zal orzu xavaslarni ilinjida yashaydi. Xonadonida yangi chaqaloq dunyoga kelishi bilan, bu xursandchilik bayramga aylanadi. Bu sevinch tantanasi uning iqboli, kelajakda o‘z o‘rnini topib, jamiyatda munosib inson bo‘lib yetishishi kabi shirin tashvishlar bilan bog‘lanib ketadi. Bir so‘z bilan aytganda bizning xalqimiz ana shunday bolajon xalq. Nafaqat bolajon balki, otajon, onajon xalqmiz desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bu ajib manzaraga har bir xonadonda duch kelasiz. Xalqimizda mana shunday mustahkam mehr rishtalari mavjud ekan porloq kelajagimizdan umidlarimiz ham ulkandir.

Qur’oni karimda Ibrat oling, ey aql egalari (Xashr surasi 2 oyat) kabi xitoblar juda ko‘p bora yangraydi.

Biz o‘z yurtimizdagi xotirjamlik bilan g‘aflatda qolib ketmasligimiz kerak. Balki bugun dunyoda yoshgina norasidalarni ota onasidan judo bo‘lib, ota onalar esa quchoqlarida jonsiz dilbandining jasadini quchgancha ingrayotgan jamiyatlar kun sayin ko‘payib borayotganligi achchiq haqiqat ekanligini teran anglamoqligimiz va ibrat olmoqligimiz lozimdir.

Bugun bizlar barchalarimiz islohot hech qachon tashqaridan kirib kelmaydi, balki ichkaridan boshlanadi degan hayotiy haqiqatni hayotimizning dasturulamaliga aylantirib olishimiz kerak.

Alloh taolo qur’oni karimda yana shunday xitob qiladi:

Sizga qaysi bir musibat yetsa, bas, o‘z qo‘lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko‘pini avf qilur. (Shuro surasi 30 oyat)

Har bir kishi o‘z panjasini musht qilar ekan, shu xolat uning ko‘ksida urib turgan, ammo jussasining oldida mittigina ko‘rinishga ega bo‘lgan yuragini ifodalaydi. Jamiyatimizdagi oilalarning misolini yurakka qiyoslashni istardim. Yurak sog‘lom bo‘lsa butun boshli jasadning barcha qismida qon yaxshi aylanadi va sog‘lom bo‘ladi.

Misol uchun Yaponiyadagi nufuzli korxonalarning qoshida yashirincha mahsus psixologik kuzatuv postlari tashkil etilgan bo‘lib, u yerga kelib ketuvchi hech bir xodim kuzatuvdan chetda qolmaydi. Agar ulardan birortasi sust holatda kelayotganligini sezgudek bo‘lishsa darhol ortiga qaytarib yuborishar ekan. Chunki uning oilasi notinch, bu uning ish faoliyatiga, atrofidagi boshqa ishchilarning ham ish faoliyatiga salbiy ta’sir o‘tkazadi deb o‘ylashar ekan.

Shu o‘rinda o‘rtaga haqli va muammoli bir savol qalqib chiqadi. Xo‘sh biz musulmonlarning oilamiz qanday bo‘lishi kerak. Oilaning rahbari, murabbiyi kim o‘zi? Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda xabar berib shunday degan:

Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar (Niso surasi 34 oyat). Cho‘ponsiz qo‘yning holini hamma yaxshi bilganidek, oilada ham erkak kishi o‘zining burch va majburiyatlarini yo‘qotsa jamiyatning kelajagi havotir ostida qoladi.

Bugun porloq kelajagimiz uchun tushov bo‘layotgan isrofgarchiliklar, kimo‘zarliklar va shular kabi ko‘plab bid’at xurofotlarga asosan ayollarimiz sababchi bo‘lishmoqda. Agar oilada erkakning o‘rni bo‘lib, u mazmunan erkaklikka munosib hayot tarzidan borsa, aksariyat oilalarimiz egasiz ayollarning qo‘lida ermakka aylanmasdi deb o‘ylayman.

Porloq kelajak mavzusida oila mas’alasiga ko‘proq to‘xtalayotganimizning asosiy boisi, oila deb atalmish muqaddas dargohdan farzand deb atalmish bebaho nihol unib chiqadi. Uning parvarishi asosan oilada shakllanadi.

Muhtaram prezidentimiz aytgan “O‘z bolangni o‘zing asra” degan shior bugun barchamizning hayotiy dasturul amalimizga aylanmog‘i lozim. Bugun bizlar barchalarimiz birgalikda bolalarimizni asramasak chetdan kirib kelayotgan har xil yomon ta’sirlar ularni o‘z domiga tortib ketishi muqarrar haqiqatdir.

No‘mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom jamiyatlarning misolini kemaga qiyoslab tushuntirib bergan edilar:

“Alloh belgilab qo‘ygan xadlarga rioya qilayotganlar bilan rioya qilmayotganlarning misoli, xuddi bir kemaga qur’a tashlab chiqib, bir qismi kemaning ustki qismiga, bir qismi esa pastki qismiga joylashib olgan odamlar kabidir. Ulardan kemaning pastiga joylashganlar suvga ehtiyoj sezsalar kemaning ustki qismida joylashganlarning oldidan o‘tardi. Shunda pastdagilar: Biz tepadagilarga ozor bermaylikda, suvni shu yerdan teshik qilib olaveraylik deb o‘zaro maslahatlashishdi. Agar yuqoridagilar bularni o‘z istaklarida qoldirishsa, barchalari haloq bo‘lishadi, ammo ularning qo‘llaridan ushlab qolishsa, hammalari najot topishadi” (Sahihul Buxoriy/2493).

Keling azizlar yuqoridagilardan xulosa qilib, hozirgi zamonimizda dunyoning to‘rt tomonida tahdidlar huddi zaharli ilon misol bo‘y ko‘rsatib turganda biz unga befarq bo‘lmaylik. U bizni ham chaqishini kutib o‘tirmaylik. Balki, bir tanu bir jon bo‘lib, aziz vatanimizni ko‘z qorachig‘imizdek asrab yuksaltiraylik. Uning porloq kelajagi uchun astoydil ixlos bilan, sadoqat va fidoiylik bilan mehnat qilishlikni Alloh taolo barchamizga nasib aylasin.


Kiritilgan vaqti: 04/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2775
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/porloq-kelajagimizdan-umidimiz-ulkan
Chop etilgan vaqti: 26/02/2024 10:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing