O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

PAYG‘AMBAR ALAYHISSALOMGA SALAVOT AYTISH

 
 

Alloh taolo, farishtalar va yer yuzidagi barcha mavjudotlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salavot aytadilar. Quyidagi oyatda Alloh taolo biz ummati Muhammadiylarga amr qilib, Payg‘ambarimizga salavot aytishni buyurmoqda:

إِنَّ اللَّهَ وَمَلَائِكَتَهُ يُصَلُّونَ عَلَى النَّبِيِّ يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا صَلُّوا عَلَيْهِ وَسَلِّمُوا تَسْلِيمًا

"Albatta, Alloh va Uning farishtalari Payg‘ambarga salavot ayturlar. Ey mo‘minlar,(sizlar ham) unga salavot va salom aytinglar!".

(Ahzob, 56-oyat)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavotu sharif aytishning fazilati qator hadislarda vorid bo‘lgan-ki, ularni bir joyga jamlab, alohida kitob tayyorlash ham mumkin. Ko‘plab olimlar bu borada alohida asarlar yozgani ham buning isbotidir.

Avs ibn Avs roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

"Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Albatta, afzal kunlaringizdan biri juma kunidir. Unda Odam yaratildi va joni olindi. Unda sur chalinadi va momaqaldiroq ovozi bo‘ladi. Bas, bu kunda menga salavotni ko‘p aytinglar. Chunki salavotlaringiz menga ko‘rsatiladi", dedilar. Sahobalar: "Ey, Allohniig Rasuli, siz chirib ketganingizdan so‘ng, qandoq qilib bizning salavotimiz sizga ko‘rsatiladi?", dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: "Alloh azza va jalla yerga anbiyolarning jasadlarini harom kilgan", dedilar".

Abu Dovud va Nasoiy rivoyati

Abdulloh ibn Abu Avfo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

"Nabiy sollalloxu alayxi vasallam: "Juma kuni menga salavotni kӯpaytiringlar. Albatta, (ular) menga yetkaziladi va eshitaman", dedilar".

(Shofeiy va Ibn Moja rivoyatlari)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning jannatda menga eng yaqinlaringiz, menga salavotni ko‘proq aytadiganlaringizdir. Bas, yorug‘ kecha va nurli kunda menga salavot aytishni ko‘paytiringlar", dedilar".

(Shofeiy va Bayhakiy rivoyati)

Boshqa hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi ko‘rsatmalari keltiriladi:

Abu Talha Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: "Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni ko‘tarinki kayfiyatda tong ottirdilar. Muborak yuzlarida xursandchilik balqib turar edi. U zot: "Ha, yonimga Robbim azza va jalla tomonidan bir keluvchi keldi va aytdiki, ummatingizdan kimdir sizga bir marta salavot aytsa, Alloh taolo (buning uchun) unga o‘nta yaxshilikni yozib, o‘nta (sarira) gunohini afv qiladi va uni(ng darajasini) o‘n daraja balandga ko‘taradi va unga ham u(salavot)ning o‘xshashini qaytaradi", deb aytdilar.

(Imom Ahmad rivoyati)

Anas roziyallohu anxudan rivoyat qilinadi:

"Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kimning oldida men zikr qilinsam, menga salavot aytsin. Chunki, kim menga bir marta salavot aytsa, Alloh taolo unga ӯn marta rahmat yӯllaydi", dedilar".

(Nasoiy va Axmad rivoyatlari)

Salavotu sharifning eng afzali namozda o‘qiladigan salavoti Ibrohimdir. "Sollallohu alayhi vasallam" esa, eng qisqa salavot hisoblanadi. U bilan ham salavotu sharifning fazilati hosil bo‘ladi. Qayerda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nomlari yozilsa, bas to‘liq jumla "sollallohu alayhi vasallam", deb yozilishi lozim. Faqat, (s.a.v.)ning o‘zi yozilishi salavot o‘rniga o‘tmaydi.

Shayx Muhammad Taqiy Usmoniy

O‘MI - Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 14/01/2020 17:46;   Ko‘rilganligi: 8227
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/paygambar-alayhissalomga-salavot-aytish
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 11:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing