O‘zini o‘ldirgan kishiga tegishli hukmlar
Hayot-Alloh taoloning hadyasidir. Shuning uchun U O‘zi xoxlagan paytda bu hadyadan mahrum qilishi yoki agar xoxlasa bu hadya ato etilgan insonga sinovlaru-mashaqqatlar yuklashi mumkin. Ma’lumki bu dunyo qiyinchilik hamda sinovlar diyoridir. Alloh taolo har bir bandasiga toqati yetadigan musibat beradi. Banda esa bu musibatga go‘zal sabr qila olishi kerak. Ammo afsuski unga berilgan hayot ne’matini qadrlamay o‘z joniga qasd qilayotganlar ham talaygina. Eng achinarlisi bundaylarning soni kundan-kunga o‘sib boryapti. Butun Jahon Sog‘liqni Saqlash tashkilotining xabar berishicha: dunyoda har 40 soniyada bir kishi o‘z joniga qasd qiladi va 15-29 yoshli yigit-qizlarning o‘limi sabablari ichida o‘z -o‘zini o‘ldirish ikkinchi o‘rinda turadi. Bizni bundanda ko‘proq tashvishga solayotgan narsa bu mudhish hodisalar musulmonlar ommasi ichida ham sodir bo‘layotganidir.
O‘z-o‘zini o‘ldirish harom ekanligida hech qanday ixtilof yo‘q. U qanday yo‘l bilan amalga oshirilmasin gunohi kabiralardan sanaladi. Quyidagi hadislar o‘zini o‘ldirish og‘ir gunohligiga va uning iqobi (jazosi) Alloh taolo huzurida qattiq ekanligiga dalolat qiladi.
عَنْ ثَابِتِ بْنِ الضَّحَّاكِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَنْ حَلَفَ بِمِلَّةٍ غَيْرِ الْإِسْلَامِ كَاذِبًا مُتَعَمِّدًا فَهُوَ كَمَا قَالَ وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِحَدِيدَةٍ عُذِّبَ بِهِ فِي نَارِ جَهَنَّمَ
Sobit ibn Zahhok raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sallallohu alayhi va sallam “Kim Islomdan boshqa millat bilan yolg‘ondan ataylab qasam ichsa, u aytganidek bo‘ladi. Kim o‘zini o‘tkir narsa bilan o‘ldirsa, o‘sha narsa bilan jahannam olovida azoblanadi”-dedilaryu. (Sahihi Buxoriy)
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ مَنْ تَرَدَّى مِنْ جَبَلٍ فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَهُوَ فِي نَارِ جَهَنَّمَ يَتَرَدَّى فِيهِ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَمَنْ تَحَسَّى سُمًّا فَقَتَلَ نَفْسَهُ فَسُمُّهُ فِي يَدِهِ يَتَحَسَّاهُ فِي نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِحَدِيدَةٍ فَحَدِيدَتُهُ فِي يَدِهِ يَجَأُ بِهَا فِي بَطْنِهِ فِي نَارِ جَهَنَّمَ خَالِدًا مُخَلَّدًا فِيهَا أَبَدًا
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Nabiy sallallohu alayhi va sallam “Kim tog‘dan o‘zini tashlab o‘lsa, u jahannam olovidadir. Unda abadul-abad o‘zini tashlaydi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirsa, zahari qo‘lida bo‘lib, abadul-abad jahannam olovida uni ichadi. Kim o‘zini o‘tkir narsa bilan o‘ldirsa, jahannamda abadul-abad o‘sha o‘tkir narsasi qo‘lida bo‘lib, u bilan o‘z qornini teshadi”-dedilar. (Sahihi Buxoriy)
عَنْ جُنْدَبُ بْنُ عَبْدِ اللَّهِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ فِيمَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ رَجُلٌ بِهِ جُرْحٌ فَجَزِعَ فَأَخَذَ سِكِّينًا فَحَزَّ بِهَا يَدَهُ فَمَا رَقَأَ الدَّمُ حَتَّى مَاتَ قَالَ اللَّهُ تَعَالَى بَادَرَنِي عَبْدِي بِنَفْسِهِ حَرَّمْتُ عَلَيْهِ الْجَنَّةَ
Jundub ibn Abdulloh raziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam “Sizlardan oldingi (Bani Isroil) ichida bir kishi bor edi. Uning jarohati bo‘lib, jarohat unga aziyat berdi. So‘ngra pichoqni oldida, pichoq bilan qo‘lini kesdi. Qon to‘xtamay oqdi va haligi kishi vafot etdi. Alloh taolo “bandam o‘z o‘limiga shoshildi, men unga jannatni harom qildim”-deb aytdi-dedilar”. (Sahihi Buxoriy)
Bu hadis Muso Shohin Loshinning “Al-manhal hadis” asarida shunday sharhlangan: o‘zini o‘ldirish inson o‘ziga nisbatan qilgan eng ulkan jinoyatidir. Xuddi boshqa bir insonni o‘ldirgani kabi jinoyat hisoblanadi. Chunki jon Allohning mulki. Inson uni o‘zicha tasarruf etishga haqqi yo‘q. Musibatlarga sabr qilmay o‘zini o‘ldirish Allohga nisbatan isyon, Uning qazoyi-qadariga norozilik sanaladi.
Ammo hadisda zikr qilingan “jannatning harom bo‘lishi” muvaqqat (vaqtinchalik) haromlikdir. Ma’lum bir muddat ya’ni sobiqunlar (yaxshi amallarda peshqadam bo‘luvchilar) jannatga kiradigan, Allohga iymon keltirgan gunohkor bandalar ma’siyatlari uchun do‘zaxda azoblanadigan muddatda harom bo‘ladi.
Zero Ahli Sunna val Jamoa e’tiqodiga ko‘ra: biror gunohi kabira ustida masalan xamr ichish, zino qilish paytida vafot etgan musulmonga agar u bu gunohni halol sanamagan bo‘lsa, kofirlik hukmi berilmaydi. Qasddan o‘zini o‘ldirish ham shular jumlasiga kiradi. U iymoni bilan mo‘min, ammo kabira gunohi bilan fosiq bo‘ladi. Ishi esa Allohga havola. Alloh taolo xoxlasa uni kechiradi, xoxlasa gunohining miqdoricha azoblaydi. Chunki iymoni borning tavbasidan umid qilinadi. Mayyit yuviladi, kafanlanadi va musulmonlarning qabristoniga ko‘miladi. Shunday ekan Allohdan uni kechirishini so‘rab, uning uchun duo qilish joiz. Alloh taoloning so‘zi bunga dalildir:
إِنَّ اللَّهَ لَا يَغْفِرُ أَنْ يُشْرَكَ بِهِ وَيَغْفِرُ مَا دُونَ ذَلِكَ لِمَنْ يَشَاءُ
Albatta, Alloh O‘ziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va (lekin) ana shundan boshqa (gunohlar)ni O‘zi xohlagan (banda)laridan kechirur.
Xavorijlar e’tiqodiga ko‘ra: o‘zini o‘ldirgan kishi kofir hisoblanadi. Do‘zaxda abadiy qoladi hamda unga jannat harom qilingandir.
Mo‘taziliylar e’tiqodiga ko‘ra: o‘zini o‘ldirgan kishi kofir ham mo‘min ham emas. Balki ikki manzil o‘rtasidadir.
Endi hadisdagi “bandam o‘z o‘limiga shoshildi” ya’ni o‘limini tezlashtirdi jumlasiga to‘xtalamiz. O‘zini o‘ldirgan kishi o‘z ajalidan oldin o‘lgan hisoblanadimi?
Ahli Sunna val Jamoa e’tiqodiga ko‘ra: o‘zini o‘ldirgan inson o‘z ajali bilan o‘lgandir. Bandaning o‘z o‘limini shoshiltirishi uning o‘limga qasdi va ixtiyori jihatidan vafot etishiga sababdir. Ammo ruhning chiqishi o‘z ajali vaqtida bo‘lgan. O‘limini tezlashtirishning suratini vujudga kelganligi yuzasidan “o‘limini tezlashtirdi” deyiladi. Buning uchun bandaning gunohkor bo‘lishi esa o‘limga sabab qilib qo‘yilgan ishni sodir etgani uchundir. Zero uning bu ishi unga jon ato etgan Zotning haqqiga tajovuzdir. Chunki Alloh taolo uni o‘z ajalidan xabardor qilmagandir. U qachon o‘lishini bilmay turib, o‘limni ixtiyor etganligidan Robbi huzurida ulkan gunoh egasi bo‘ladi.
Yuqorida aytganimizdek, agar buni halol sanamagan bo‘lsa, yuviladi, kafanlanadi va musulmonlarning qabristoniga ko‘miladi. Ammo unga janoza o‘qilishi borasida bir qancha ixtiloflar bor. Mashoyixlarning ba’zilari o‘qilmaydi-deyishgan.
Abu Bakr ibn Ali ibn Muhammad al-Hadod Yamaniyning “Al-Javharul nayyirotu sharhu muxtasaril Quduriy” asarida bu haqida shunday aytiladi: Abu Yusuf rohimahulloh nazdlarida janoza o‘qilmaydi. Dalili quyidagi hadisdir:
عن جابر بن سمرة أَنَّ رَجُلًا َ نَفْسَهُ فَلَمْ يُصَلِّ عَلَيْهِ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ
Jobir ibn Samura raziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam o‘zini o‘ldirgan kishiga janoza o‘qimadilar”. (Sunani Termiziy)
Ammo Abu Hanifa hamda Imom Muhammad rohimahumallohlar o‘qiladi deyishgan. Hadisda o‘qimaganliklari vorid bo‘lgan, ammo boshqa kishiga namoz o‘qishni buyurganlar.
Shamsul Aimma Halvoniy hazratlari esa “mening nazdimda eng sahih gap janoza o‘qilishidir, agar o‘sha paytda tavba qilgan bo‘lsa tavbasi ham qabul qilinadi”-deganlar.
Hozirgi kunda bu gunohi kabira ko‘payib ketayotganligi, uning oldini olish yuzasidan masjid imomlari o‘zini o‘ldirgan kishiga janoza namozi o‘qishmaydilar. Ta’ziya marosimlariga ham bormaydilar. Ammo xalq orasidagi janoza namozi o‘qishni biladiganlar namozda imomlikka o‘tib, namoz o‘qishadi. Imomlar esa xalqning oldi, din arboblaridir. Ularning o‘zini o‘ldirgan kishiga janoza o‘qishlari odamlar bu gunohga yengil qarashiga olib keladi.
Aslida o‘zini o‘ldirishning insonga harom qilinishi Allohning rahmatidir. Qalblar qorayib, qattiqlashib borgani sari sohiblari ham gunohga jur’atli bo‘lib boradi. Ko‘proq Qur’on tinglash, azonga quloq tutish qalblarni tiriltiradi. Alloh qalblarimizni O‘zidan g‘aflatda qolishidan saqlasin.
manba: buxoriy.uz
Kiritilgan vaqti: 25/07/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 3923
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 22:59