O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

O‘ZGANING HAQQIGA XIYONAT QILMASLIK

 
 

Insoniyatni jabr-zulm, jaholat zulmatidan Allohning nurli hidoyat yo‘liga boshlagan muqaddas dinimiz Islom, jamiyatda keng tarqalgan kasalliklarni o‘zgacha, o‘ziga xos uslubda muolaja qildi. U davolash jarayonida mohir tabib singari davolashning eng samarali, shu bilan birga oddiy bo‘lgan usullaridan foydalandi.

Pirovardida har-qanday gunoh, harom-harishlardan o‘zini uzoq tutadigan, ezgu ishlarga intiladigan sog‘lom millat vujudga keldi. Bu millat ichidan esa, aksari bizning vatandoshlarimiz bo‘lgan Imom Buxoriy, Imom Motrudiy, Beruniy, Ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy va shular kabi dunyo gavharlari yetishib chiqdilar. Ammo ming afsuslar bo‘lsinki hozirgi vaqtga kelib bizlardan hayo, insof, birovning haqqidan qo‘rqish kabi fazilatlar ko‘tarilib bormoqda.

“Tanqid kelajak mevasi” degan iboradan kelib chiqib bugunlik kundagi o‘z holimizga nazar solsak. “Mening bobolarim falonchilar bo‘lgan” degan so‘zlarni bir oz o‘zgartirib “men falon bobolarimga munosib nabira bo‘la oldimmi?” – degan savol nazari ila holimizga boqsak.

Birovning haqqidan hazar qilish bobida bobolarimiz butun dunyoga namunali o‘rnak bo‘lishgan. Shu bois ham ularning farzandlari samo gumbazida go‘zal qandil bo‘lganlar. Bunga misol qilib mazhabimiz Imomi Abu Hanifa r.h, Abdulloh ibn Muborak va Imom Buxoriy hazratlarining taqvodor ota-onalarini keltirishimiz mumkin.

Allohning bir sifati “Shakur” ya’ni bandaning ozgina qilgan yaxshiligiga ko‘plab yaxshiliklar ila javob qilguvchi zot ma’nosidadir. Zero farzandining Imom Buxoriydek bo‘lmog‘ini orzu qilmaydigan ota-ona bo‘lmasa kerak. Bu esa Allohning marhamati hamda Shakur sifatining u baxtli ota-onalarda namoyon bo‘lgan, bizga ma’lum jihatidir. Qiyomat kunida farzandlari sababli ularning boshlari uzra nur taratib turuvchi ulug‘lik tojini o‘z ko‘zlarimiz ila ko‘ramiz insha Alloh.

Yaqindagina o‘zim guvohi bo‘lganim bir voqea ta’bimni xira qildi. Mashinamni ustaga ko‘rsatish uchun ustaxonaga borganimda, mijozlardan birining maqtanib gapirayotgani e’tiborimni tortdi. Shahar ichidagi yo‘nalishlarning birida “Damas” mashinasini boshqaradigan xaydovchi mazkur mashinani tuzatilganini bilish uchun o‘zining yangi “Lasetti” mashinasida keldi va quyidagi voqeani hikoya qilib berdi: “Mijozlardan biri menga o‘zining plastik kartochkasini berib, bir joyga borib kelishimni va qaytishda baki to‘lgunicha yoqilg‘i quyib yana uch ming so‘m qo‘shimcha olib qolishimni tayinladi. Men qaytayotib mashinamga to‘lguncha yoqilg‘i quydim va operatordan: “bu plastikdan yana olib qolsa bo‘ladimi?” – deb so‘radim. U “ha bo‘ladi” – degach, “unda yana ellik litr benzinga pul olib qoling” – dedimu uyga kelib, plastigini qaytarib berdim. Ertasiga plastik egasi mendan: “Yoqilg‘iga qancha pul olgan edingiz?” – deb so‘radi. Men esa unga birinchi olganim 27000 so‘mlik chekni uzatdim va darhol “Lasettim”ni minib kechagi joydan 50 litr benzinni mashinamga quydirib oldim”.

Men esa, birovning haqqidan qo‘rqmagani yetmaganday, xuddi yaxshi bir ishni qoyillatgan odamdek maqtanib gapirib turgan Allohning bu mavjudotidan ko‘zimni uzolmay qolgandim.

Agar banda Allohga, oxirat kuniga hamda Yaratganning quyidagi so‘ziga imon keltirganida, Undan qo‘rqqanida shunday qilarmidi?! Zero Parvardigorimiz O‘z kitobida shunday marhamat qiladi:

“O‘sha kunda sizlar (hisobot uchun Allohga) ko‘ndalang qilinursiz, sizlarning biror siringiz maxfiy qolmas”. (Al-Haqqo surasi 18-oyat)[1]

Dinimiz, insonlar Allohning marhamatidan umidvor bo‘lib va Uning g‘azabidan qo‘rqib hayot kechirishliklarini ta’lim beradi. Zero yolg‘iz umidvorlikning o‘zi ham kishini beparvo hamda faqatgina qo‘rqishning o‘zi ham insonlarni umidsizlikka tushib qolishlariga sabab bo‘ladi. Musulmon kishi xavf va rajo o‘rtasida bo‘lmog‘i lozim. Imom Abu Homid Muhammad ibn Muhammad G‘azzoliy ta’birlari bilan aytganda: “Rahmonning rahmati va jannatiga qattiq umidvorlik ila erishiladi. Jahannam olovi va alamli azobidan esa qo‘rquv qamchisi hamda qattiq jazo ila qaytariladi.”[2]

O‘zganing haqqiga xiyonat qilmaslik nihoyatda muhim masala bo‘lganligidan Alloh bandalarini ogohlantirib, omonatdorlik, va’daga vafo qilish va o‘zgalar haqqiga xiyonat qilmaslikka buyurib, aks holda ular uchun alamli azob bo‘lishligi xabarini berdi. Qur’oni Karimdagi butun boshli bir suraning nomi ham “Mutaffifun” ya’ni “(Birovlarning haqlaridan) urib qolguvchilar” deb nomlangandir.

Mazkur surada Alloh taalo o‘sha davrdagi xiyonatkor kishilarning xiyonatlarini sifatlab, agar o‘zlarini o‘nglab olmasalar ularning oqibatlari nima bilan xotima topishi xabarini berdi:

“(O‘lchov va tarozudan) urib qolguvchi kimsalarga halokat bo‘lgay!(1) Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir.(2-3) Ular o‘zlarining ulug‘ bir Kunda – barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob beradigan qiyomat) Kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?!(4-5-6) Yo‘q, (birovlarning haqlaridan urib qolishdan hazar qilinglar)! Chunki (bunday) fisq-fujur qilguvchi kimsalarning nomai a’mollari albatta Sijjiynda bo‘lur!(7)[3] (Mutaffifun surasi 1-7 oyatlar)

Yuqoridagi oyatlarning nozil bo‘lishi haqida Sadiy shunday deydilar: "Rasululloh s.a.v. Madinaga kelganlarida ikki xil o‘lchov asboblik ya’ni biri bilan odamlardan o‘lchab oladigan va ikkinchisi bilan esa o‘lchab beradigan Abu Juhayna nomlik bir kishini ko‘rdilar, bas oyat o‘sha kishi haqqida nozil bo‘ldi."

Ibn Abbos RA, Rasululloh s.a.v.dan quyidagi hadis sharifni rivoyat qiladilar. Rasululloh s.a.v. dedilar: "Besh narsa besh narsa bilandir. Sahobalar: "Ey, Allohning rasuli! Besh narsa besh narsa bilandir deganingiz nima?" deb so‘radilar. U zot s.a.v:"

1. Qaysiki bir qavmda ahd vafo buzilsa, Alloh ularning ustilariga dushmanlarini hukmron qilib qo‘yadi.

2. Alloh nozil qilmagan hukm ila hukm yuritilarkan, ular ichida faqirlik tarqalaveradi.

3. Fohishalik oshkora suratda zohir bo‘lsa, Alloh ularga o‘latni tushiradi ya’ni o‘lim keng tarqaladi.

4. Tarozudan urmanglar! Aks holda o‘simliklarning unib o‘sishi to‘xtaydi va bir necha yillar ichida butkul qurib bitadi.

5. Zakotni berishdan bosh tortmanglar! Aks holda Alloh sizlardan yomg‘irni to‘sadi." dedilar.[4]

Molik ibn Dinor, qo‘shnilari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatni shunday hikoya qiladilar: "Qo‘shnim o‘lim to‘shagida yotganida uni holidan xabar olishga kirdim. U esa tinimsiz "olovli ikki tog‘, olovli ikki tog‘" deb baqirardi. Men: "nima deyapsan?" deb so‘radim. U esa: "Ey, Abu Yahyo! Mening ikkita o‘lchov asbobim bor edi. Ularning biri bilan odamlardan narsa olar, ikkinchisi bilan esa ularga narsa tortib berardim" dedi. Men turib u o‘lchov idishlarni birini ikkinchisiga urdim. Shunda qo‘shnim: "Ey, Abu Yahyo! Ularni biri ikkinchisiga urilganda og‘riq alamim yanada ziyoda bo‘ldi" dedi va shundan so‘ng tuzalmasdan vafot etdi.

Tarozudan urib, kishilar haqqiga xiyonatqilguvchilarga va’da qilingan "Vayl" xususida ulamolar: "vayl – qattiq azob va jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, agar unga shu dunyodagi tog‘lar tashlansa uning haroratidan tog‘lar erib ketadi" – dedilar.

Ibrat olish ma’nosida bo‘lsa ham, yomonligi eslanadigan kishining nomini ochiq aytmasdan zikr qilmoqlik muqaddas Islom dinimiz odoblaridandir. Shunday hayotiy misollardan birini siz azizlarning e’tiboringizga havola qilsak shoyad barchamiz uchun ibrat bo‘lsa. Shu voqe’a guvohi shunday hikoya qiladi:

O‘lim tushagida yotgan bemorning huzuriga uning holidan xabar olish uchun kirib, unga shahodat kalimasini talqin qildim. U esa hargiz kalimani qaytarmasdi. Bemor hushiga kelgach, unga: "Ey, do‘stim! Men senga shahodat kalimasini talqin qilsam sen uni aytmading, nima bo‘ldi?" – dedim. U: "Ey, do‘stim tarozuning tili, tilim ustiga yopishib qoldi va menga kalimani aytishimga yo‘l qo‘ymadi" – dedi. "Alloh haqqi aytgin, sen tarozudan urarmiding?" – desam, u: "Allohga qasam ichib aytamanki tarozudan urmasdim, ammo bir necha kun tarozuning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini tekshirmay qo‘ygan edim" – dedi.

Mana bu, bir necha kun tarozusining to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini tekshirmay qo‘ygan kishining holati. Endi tarozudan urib qoladiganlarning holi qandoq bo‘lar ekan?!

Nofe’ deydilar: "Ibn Umar RA sotuvchi yonidan o‘tsalar unga: "Allohdan qo‘rq! Tarozuni to‘liq qilib ber. Tarozudan urib qoluvchilar to‘xtatib turiladilar, shunda ulardan oqqan terlari quloqlarining yarmigacha yetib boradi" – derdilar.

O‘tgan salafi solihlar tarozudan urib qoluvchilar haqida: "Bir dona donni foyda qilaman deb, kengligi yeru osmonlarcha bo‘lgan jannatni boy berganlarning holiga voy bo‘lsin!" – derdilar. Zero halol kasb qilib, charchab o‘yquga ketgan kishining uyg‘onganda gunohlardan forig‘ bo‘lib uyg‘onishi hadislardan ma’lumdir. Qolaversa tijoratchilarimiz, bu savdo ishi bilan olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. shug‘ullanganliklarini unutmasliklari lozim.

Alloh barchalarimizni qanday amal, kasb - xunarda bo‘lmaylik avvalambor maqsadimiz Yaratganning roziligi, halollik va poklik bo‘lmoqligini barchamizga nasib etsin!


Kiritilgan vaqti: 17/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3844
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ozganing-haqqiga-xiyonat-qilmaslik
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 16:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing