O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

O‘ZBEKISTON - USTOZLAR YURTI

 
 

Dunyoda yashayotgan har bir inson avvalo o‘z vatani haqida, iqlimi, tabiati, boyligi, ishlab chiqarishi, ixtirolari, bobolaridan qolgan meroslari haqida kuyunib, suyunib gapiradi.

Alhamdulillah, bizning yurtimiz kundan-kunga taraqqiyot sari ildamlab borayotgan ulkan mamlakatdir. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, O‘zbekistonimizda minglab olimlar ijod qilib, o‘z ilmiy meroslarini nafaqat o‘z xalqiga, balki butun dunyo ahliga noyob xazina sifatida qoldirganlar. Shuning uchun ham O‘zxbekiston ustozlar yurti deb aytishga to‘la haqlimiz. Prezidentimiz “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida: “Zaminimizda yashab o‘tgan buyuk allomalarimiz, mutafakkir bobolarimizning ibratli hayoti va faoliyati, bemisl ilmiy-iyjodiy kashfiyotlari butun jahon ahlini hayratga solayotganini g‘urur bilan ta’kidlash lozim”, deb yozadilar. Bobolarimiz o‘z davrida o‘z vazifalarini a’lo darajada bajardi. O‘sib-ulg‘ayib kelayotgan yangi avlod vakillari ham ilm olib olim bo‘lib kelajak avlodga yangi-yangi ixtirolarni meros qilib qoldirishi kerak.

O‘zbekiston ustozlar yurti deganimizda dunyoni o‘z ilmi bilan larzaga solgan hadis ilmining sultoni, betakror ilm sohibi Muhamma ibn Ismoil al-Buxoriy, algebra faniga asos solgan Muso al-Xorazmiy, “Astronomiya asoslari” fundamental olamning tuzilishi, yerning o‘lchovi haqida dastlabki ma’lumotlarni IX asrda bera olgan Ahmad Farg‘oniy, ulug‘ qomusiy alloma, birinchi bo‘lib yer shari globusini yaratgan Abu Rayhon Beruniy, meditsina otasi deb tan olingan Abu Ali ibn Sino, “Sharq Aristoteli” deb nom olgan buyuk alloma Abu Nasr Farobiy, 1018 ta yulduzni holatini va joylashuvini XV asrda bayon qilib bergan astronomiya sohasida buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek, “Musulmonlarning e’tiqodini tuzatuvchi” degan yuksak sharafga sazovor bo‘lgan, kalom ilmining yetuk allomasi Imom Moturudiy, “Din va millatning hujjati” degan nom bilan ijod qilgan islom huquqshunoslaridan biri Burhoniddin Marg‘inoniy, “Diling Alloh, qo‘ling mehnatda bo‘lsin” degan purma’no so‘zlar sohibi, dunyoga mashhur bo‘lgan buyuk alloma Bahouddin Naqshband hazratlari, o‘zbek tilining asoschisi, yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda “Agar bu ulug‘ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultoni” bo‘lgan, jahon adabiyoti tarixida porloq yulduz bo‘lib porlagan hazrat Alisher Navoiy va yana shunga o‘xshash minglab aziz avliyo, olimu ulamo, fozilu fuzalolarni misol keltira olamiz. Allohning nazari tushgan olimlarning ona zaminimizda qo‘nim topishlari, shu zamin tuprog‘ida mangu yotishlarida hamhikmatlar bisyor. Shundayekan tashlayotgan qadamlarimizni, olayotgan ilmimizni, gapirayotgan gapimizni ustozlarga munosib shogirt sifatida amalga oshirishimiz zarur.

Alloh taolo ilm izlashni, ilm o‘rganishni barcha musulmon bandalariga buyurgan. Qur’oni karimning bir necha oyatlari bunga dalolatdir:

...يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ (سورة المجادلة/11)

ya’ni: “...Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir”, - deb bashorat beradi.

Bundan tashqari Payg‘ambarimiz Muhammad (a.s.)dan ilm va ilm ahllarining fazilati haqida ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Imom Buxoriy va Muslimlarning (Alloh bu ikki ulug‘ imomdan rozi bo‘lsin) “Sahih”larida quyidagi hadis Muoviya ibn Abu Sufyon (rz.)dan rivoyat etilgan bo‘lib, unda Muoviya aytadilar: “Men Rasulullohning (s.a.v.): “Alloh kimga yaxshilikni iroda etsa, uni din ishida faqih qilib qo‘yadi”, - deganlarini eshitdim”.

Abu Umoma (rz.)dan rivoyat etiladi. U zot aytadilar: “Rasululloh (s.a.v.) huzurlarida biri obid va biri olim bo‘lgan ikki kishi zikr etildi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): Olim kishining obidga nisbatan fazli mening oralaringizdagi eng quyi tabaqa vakiliga nisbatan fazlim kabidir, - deb marhamat etdilar. So‘ng yana u zot (a.s.): Darhaqiqat, Alloh, Uning maloikalari, osmon va yer ahllari, hatto inidagi chumoli va nihoyat dengizdagi baliqlar ham odamlarga yaxshilik o‘rgatuvchi olimlarga mag‘firat so‘rab duo qilishadi, - dedilar”. Bu hadisni hamyurtimiz Imom Termiziy ham rivoyat etganlar.

Ilm va ilm ahlining darajasi har qaysi jamiyatda ham yuqori darajaga qo‘yilgan. O‘zbekistonimiz ham ustozlar vatani bo‘lgani uchun ana shunday sharafli nomlarga munosib topishgandir. Darhaqiqat, ota insonning dunyoga kelishiga sabab bo‘lsa, ustoz unga ta’lim berib ilmini ziyoda qiladi. Bobolarimizdan qolgan odatga ko‘ra namozlaridan so‘ng Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga salovot aytib bo‘lgach, ota-onalari qatorida ta’lim-tarbiya bergan ustozlarining haqlariga ham Yaratgandan mag‘firat so‘rab duo qiladilar. Yoshlarimiz ham ana shu odatni dasturul amal qilib, o‘rganib olishlari, o‘tgan ustozlar haqiga doimo duolar qilib, hayotda yashab turgan ustozlar duosini olib yashashlari maqsadga muvofiqdir. Bugungi kun yoshlari zamon talabidan kelib chiqib dunyoviy bilimlar bilan birga diniy bilimlarni yoki diniy bilimlar bilan birga dunyoviy bilimlarni a’lo darajada o‘zlashtirishlari kerak. Ustozlar yurti bo‘lgan O‘zbekistonimizda yana ham ustozlar ko‘payishini umid qilib Allohdan so‘rab qolamiz.

Zayniddin ESHONQULOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 20/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3011
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ozbekiston---ustozlar-yurti
Chop etilgan vaqti: 16/06/2021 19:23
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing