O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

O‘Z JONIGA QASD QILISH OSIYLIK VA QO‘RQOQLIKDIR

 
 

Yaratgan zot Parvardigori olam o‘zini tanitish uchun yeru-osmonni barpo qilib, unda barcha mahluqot va mavjudodlarni yaratdi. Shularning ichida insonni boshqalaridan afzal ekanini va yaratganning oldida hurmatli ekanini bildirib qo‘ydi. Bu borada Alloh taolo shunday deydi:

“Darxaqiqat, (Biz) odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik hamda dengizda (ot - ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni (o‘zimiz) yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).

Darhaqiqat, Alloh taolo borliqdagi turli-tuman mavjudodlarni bir-biridan afzal qilib yaratgan, shularning ichida odam bolasini barchalaridan mukarram etganini ma’lum qilmoqda. Odamning shakli, barcha a’zolarining tuzilishi, harakati va unga berilgan aql ne’mati azizu mukarramlikdan dalolatdir.

Insonning yaralishi va bu dunyoga kelishi buyuk mo‘jiza bo‘lib, barchasi yaratgannnig xohish-irodasi bilandir. Bu olamda taqdir qilganicha yashab o‘tishi ham bir mo‘jiza. Demak, insonning yaralishi, bu dunyoda yashashi va dunyoni tark qilishi yaratganning irodasi bilan bog‘liq ekan, endi U Zotning bandaliri uchun iroda qilgan qonuni ham bor ekanini insonlar bilishlari shart bo‘lib qoladi. Zero, Alloh taolo Mehribon va Rahmli zot-ki, bandalariga zulm qilmas. Bu qonun – dindir! Unga amal qilgan bandalarni musulmon deyiladi. Shu bilan inson baxtli hayot kechiradi. Bu borada Alloh taolo shunday dedi:

«Bas, (ey Muhammad!) Yuzingiz (o‘zingiz)ni to‘g‘ri bo‘lgan dinda (Islomda) tuting! Insonlarni o‘sha asosda yaratgan Allohning yaratuvchiligini (anglangiz!) Allohning yaratishiga o‘zgartirish yo‘q. Eng to‘g‘ri din shudir, lekin ko‘p odamlar (buni) bilmaslar. Unga o‘zingizni topshirgan hollaringizda (dinni mahkam tutingiz) va Undan qo‘rqingiz hamda namozni barkamol ado etingiz, mushriklardan bo‘lmangiz» («Rum» surasi, 30-31-oyatlar).

U Zotning ta’limotida insonlar yer yuzini obod qilishi, ezgu amallar bilan mashg‘ul bo‘lishlari, jamiyatga manfaatli bo‘lishi va unga berilgan ne’matlarga shukrona qilib yashashga buyurilganlar. Shu o‘rinda insonga yetadagan ba’zi dard, qiyinchilik va musibatlar Yaratgan Zot tomonidan bandasiga sinov yoki gunohlariga kafforot ekanini suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalom aytib o‘tganlar. Abu Hurayra roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam dedilar: “Musulmon kishiga yetadigan har bir dard, qiyinchilik, musibat, qayg‘u-alam, ozor yoki g‘am va hatto unga kirgan tikan sababli ham Alloh taolo uning xatolarini kafforat qiladi”.

Hayotning qadriga yetmagan, unga berilgan ne’matning shukronasini qilmagan, yashashni istamagan, atrofdagilardan norozi kishilarning hatti-harakatlari natijasi – o‘z jonigan qasd qilish bilan nihoya topadi. Bu borada dinimizda bir qancha va’idlar bayon etilgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tog‘dan tashlab o‘zini o‘zi o‘ldirsa, u jahannam otashida abadulabad o‘zini tog‘dan tashlab turadi. Kim zahar ichib o‘zini o‘ldirgan bo‘lsa, u zaharni qo‘lida tutgan holida jahannam otashida abadulabad zahar ichib turadi. Kim o‘zini o‘zi temir (tig‘) bilan o‘ldirsa, u temirni qo‘lida tutgan holda jahannam otashida abadulabad o‘sha temirni qorniga sanchib turadi”, dedilar. (muttafaqun alayhi)

Inson o‘z joniga qasd qilishi Allohninig qazoi qadariga qarshi chiqishi, qolaversa takror berilmaydigan ne’mat hisoblangan umr ne’matiga noshukrlik, osiylik, irodasizlik va musulmongan xos bo‘lmagan qo‘rqoqlikdir. Bunga musulmonlar jiddiy e’tibor bermoqliklari lozim. Chunki, hayotda yo‘qotilgan ne’matlarning barchasi, bandaning tavbasi va istig‘fori bilan yana qaytarilishi mumkin, ammo umr ne’mati ko‘tarilsa, boshqa qaytib kelmaydi. Agar fikr yuritib, ibrat nazari bilan kuzatadigan bo‘lsak, inson umrining o‘tishi, kecha va kunduzlarning ketma-ket almashishi kabi juda ham tezlik bilan harakatlanadi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz alayhissalom: Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kishiga nasihat qilib: “Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil: Keksayshingdan oldin yoshligingni, kasal bo‘lishingdan oldin sog‘ligingni, faqir bo‘lishingdan oldin boyligingni, band bo‘lishingdan oldin bo‘shligingni va o‘limingdan oldin hayotingni g‘animat bil”, dedilar.

Darhaqiqat, inson butun umr davomida Allohning roziligini topay, mukofoti – jannatiga yetay deb yashaydi, garchi gunohkor va xato qiluvchi bo‘lsa ham. Alloh taolo ham bandasi qilgan gunohlarini chin dildan pushaymon bo‘lib tavba qilsa, kechirishini va’da qilgan. Ammo, dinimiz xatolar ichida besabrlik sababli o‘z joniga qasd qilishni ulkan gunoh ekanligini va bunday kishilar uchun jannat harom qilinganini ham xabarini bergan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadisi qudsiyda: “Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoqni oldi-da, qo‘li (tomiri) ni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: “Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim”, dedi”. Ha azizlar, umr - bebaho ne’mat. Zero, uni qadriga yetishda va atrofimizdagi kishilarga bu borada nasihatchi bo‘lishimizda bizlardan shijoat va jiddu-jahd talab qilinadi.


Kiritilgan vaqti: 05/01/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 2741
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/oz-joniga-qasd-qilish-osiylik--va-qorqoqlikdir
Chop etilgan vaqti: 03/03/2024 18:45
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing