O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

O‘z joniga qasd qilish kechirilmas gunoh

 
 

Alloh ta’olo tomonidan yaratilgan koinot nihoyat darajada buyuk bo‘lib, uning chegarasini Allohdan o‘zga hech kim bilmaydi. Ana shu buyuk koinot oldida inson o‘zining kichik tanasi, zaif jismi, qisqa umri bilan oddiy zarrachadek bo‘lib qoladi.

Ammo, Alloh ta’olo manashu zaif insonni barcha jonzotlardan mukarram etib yaratganligini va hatto farishtalarning ham insonga sajda qilishga buyurganligini Qur’oni Karimda bayon etadi. Odam bolalarini O‘zining Yerdagi xalifasi deb e’lon qiladi. Alloh ta’olo Qur’oni Karimda marhamat qiladiki: “Biz Odamni aziz va mukarram qilib yaratdik hamda ularni ham suvda va ham quruqlikda yura oladigan etib qo‘ydik. Ularga halol-pok narsalardan rizq ato qilib boshqa hamma maxluqotlardan afzal etdik”. Bu oyati karimadan ma’lum bo‘ladiki Alloh taborak va ta’olo insonni eng ulug‘ va mukarram maxluqot qilib yaratdi.

Boshqa bir oyatda “Uni O‘z qudrat qo‘lim bilan yaratdim va O‘z ruhimdan jismiga doxil qildim” –deb Qur’on Karimda ta’kidlaydi. Alloh ta’olo Odam a.s.ni yaratganda farishtalarga: “Odamga sajda qilinglar ”—deb buyurdi. Farishtalar Alloh ta’olo amriga bo‘ysunib Odam a.s.ga ta’zim sajdasini ado qildilar. So‘ng Alloh ta’olo Odam a.s.ga xitob qilib, “Butun Yer va osmonni insoniyat uchun yaratdim”—deb marhamat qildi.

Koinotdagi barcha jonzotlar bo‘lsin, o‘simlik dunyosi bo‘lsin yoki jonsiz jismlar bo‘lsin, bevosita yoki bilvosita insonga xizmat qiladi. Bu bilan inson Alloh ta’olo huzurida o‘zining naqadar mukarram zot ekanligini anglab yetishi lozim. Bu haqiqatni anglab yetmagan inson hamisha qandaydir qo‘rquv, tahlika, vasvasa yoki hayotda uchrab turadigan ba’zi vaqtinchalik qiyinchiliklar oldida o‘zini ojiz his qilib, o‘z joniga qasd qilishgacha yetib boradi.

Alloh ta’olo insonga aql idrok berdiki, tokim hayotning va hayot ne’matlarining qadriga yetsin va dunyoga bir marotaba kelishini bilsin va hayotda uchraydigan ba’zi bir qiyinchilik va musibatlarni sabr va matonat bilan yengsin. Alloh taborak va ta’olo Qur’oni Karimda marhamat qiladiki: “Alloh ta’olo hamisha sabr qiluvchilar bilan birgadir”. Umr nemati insonga Alloh ta’olo tomonidan o‘lchab omonat qilib berilgan. Bu omonatni Alloh ta’olo muddati tugashi bilan qaytarib oladi. Bungacha inson o‘zini o‘zi o‘ldirishligi xarom qilindi. Bu haqda Quroni Karimda shunday marhamat qilinadi: “O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz”- (Baqara surasi 195-oyat)

Bu haqda buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy raxmatullohi alayhi payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan o‘nlab hadislar rivoyat qilganlar. Shulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz: “Sizlardan oldin o‘tgan odamlar orasida bir kishi bo‘lgan edi. Uning jarohati bo‘lib, og‘rig‘iga chidolmay pichoqni oldida u bilan qo‘lini kesib tashladi. Keyin qon tuxtamay u o‘lib qoldi. Shunda Alloh ta’olo: “Bandam meni (huzurimga) o‘zini o‘zi shoshiltirdi, unga jannatni harom qildim” -- dedi”.

Yana Payg‘ambarimiz marhamat qiladilarki: “Kimki tog‘dan tashlab o‘zini o‘ldirsa jahannam o‘tida o‘zini u yoqdan buyoqqa tashlab abadul abad kuyadi. Kimki zahar ichib o‘zini o‘zi o‘ldirsa, jahannamda ham usha zahar qo‘lida bo‘lib, undan icha -icha abadul abad o‘tda kuyadi. Kimki o‘zini (biror) tig‘ bilan o‘ldirsa, jahannamda o‘sha tig‘ bilan unga azob berilib, abadul abad o‘tda yonadi”. Yana bir xadislarida xabar beradilarki: “Bir kishi o‘zini o‘zi jarohatlab o‘ldirdi. Shunda Alloh ta’olo: “Bandam mendan ilgari o‘z jonini o‘zi oldi,uni men jannatdan mahrum qildim!”—dedi”.

Hech bir gunoh uchun qiyomat kuni bunchalik og‘ir jazo tayinlanmagan. Hayot xuddi kordiagrammaga o‘xshash past balandliklardan iborat. Hamma vaqt xam biz o‘ylagandek xursandchilik bo‘lavermaydi. Buni hayotning mo‘tadil holati deb qabul kilmog‘imiz kerak. Buyuk vatandoshimiz Jaloliddin Rumiyning ushbu hikmatli gaplari barchaning ko‘ngliga birdek taskin beradi: “Chorasizlik Allox ta’olodan kelgan eng go‘zal ishoratdir. U duo vaqti kelganini anglatadi. Ko‘zingdan yoshlar sezilsa, go‘zal yuzing g‘amgin bo‘lsa, bilginki, Robbing seni sog‘inibdi, seni eshitishni xohlayapti”.

Afsuslar bo‘lsinki, keyingi vaqtlarda o‘z joniga qasd qilish hollari tez-tez sodir bo‘layotganligi va bu fojiali holatlar asosan yoshlar va ayollar tomonidan sodir etilayotganligi barchani tashvishga solmoqda. Bu ko‘ngilsizliklarning 97 foizi sabrsizlik, xayotni yengil sanash okibatida, yoki, kompyuter o‘yinlari ta’sirida sodir etilmokda. Qolgan kismi esa, ruhiy kasalliklar sababli bo‘lib, unga xam insonni o‘zi sababchidir. U ham bo‘lsa xonadondagi tartibsizliklar, masalan, insonning shaxsiy gigiyenaga amal kilmasligi, kul, mag‘zavalarni hovliga sochib aralashtirib tashlash, ovqatlangandan keyin idishlarning yuvilmasdan qolib ketishi, suv idishlarning usti ochik qolishi, o‘rgimchak uyalariga beparvo bo‘lishlik va hokazo tozalik va poklikka oid omillardir.

O‘z joniga qasd qilish Alloh ta’oloning belgilab qo‘ygan taqdirotiga tug‘yon qilishdan iborat ekanligi sababli Islom dini fiqhiy kitoblarida o‘zini o‘zi o‘ldirgan shaxslarga janoza namozi o‘qilmasligi to‘g‘risida alohida fatvolar berilgan. O‘zbekiston Musulmonlari Idorasi tomonidan barcha masjid imomlariga bu haqda qo‘llanmalar berilib, ular qattiq ogohlantirilganlar. Bundan tashqari bunday janozalarning xudoyi va boshqa ma’rakalarida ham qatnashmaslik, ular uchun Qur’on tilovat ham qilmaslik vazifasi yuklatilgan. O‘zini o‘zi o‘ldirish Alloh ta’olo huzurida eng og‘ir gunohlardan bo‘lib, shu yo‘l bilan o‘lganlar yuqorida aytilganidek oxiratda og‘ir azobga qolish bilan bir qatorda qavmu-qarindoshlarini, ota-onalarini ham og‘ir musibatga solib qo‘yadilar.


Kiritilgan vaqti: 06/05/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3233
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/oz-joniga-qasd-qilish-kechirilmas-gunoh
Chop etilgan vaqti: 17/06/2021 01:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing