OYDINDA OY QIDIRGANLAR
OYDINDA OY QIDIRGANLAR
Hozirgi kunda axborot oqimi kirib bormagan makonni topish qiyin. Turli kuchlar o‘rtasida g‘oyaviy kurashlar borayotgan bir paytda internet tarmog‘i eng dahshatli qurolga aylandi.
VOQEA.
Bir kuni ish bilan yo‘lovchi ulovda ketayotgandim. Haydovchi bilan turli mavzularda suhbatlashib borardik. Gap aylanib shu mavzuga taqaldi.
- Yaqinda bir do‘stimning boshiga og‘ir musibat tushdi, - deya so‘z boshladi yo‘lovchilardan biri.
- Yolg‘iz o‘g‘li bor edi. Do‘stim farzandini hech nimadan zoriqtirmay katta qildi, eng nufuzli oliy o‘quv yurtida o‘qitdi, o‘zi tanlagan qiziga uylantirdi. Endi og‘zim oshga yetdi, deganda o‘g‘li tusatdan g‘oyib bo‘lib qoldi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, xorijdagi jangarilar to‘dasiga borib qo‘shilibdi. Internetda tanishib, ongini zaharlashgan ekan.
MANTIQ KANI ?
Savol tug‘iladi: oliy ma’lumotli, iqtisodiy jihatdan to‘q, oilasidan baxtiyor odam qanday qilib aldamchi g‘oyalar tuzog‘iga tushdi ekan?
Keling, bu savolga javobni aqidaparastlarning tarqatayotgan g‘oyalaridan izlab ko‘ramiz. Emishki, ular islomiy davlat qurmoqchi, diniy soflikka erishmoqchilar. Bu yo‘lda kimki o‘z hayoti va joni bilan xizmat qilsa, narigi dunyoda jannatga tusharmish.
Muqaddas dinimizda bag‘rikenglik, vatanparvarlik, do‘stlik, ota-onaga xurmat, oilaga sadoqat, tinchlikni qadrlash, shukrona keltirish musulmon kishining eng ulug‘ fazilatlaridan sanaladi. Yana aytiladiki, mana shunday go‘zal xulq va fazilat sohiblarigina jannatga loyiq bo‘la oladilar. Alloh bergan ilmu hunarga noshukurlik qilib, oilasini, ota-onasini tashlab, Vataniga tinchlikka qarshi qurol ko‘targan kimsa qanday qilib jannatdan umid qiladi?!. Ular qanday diniy soflik haqida safsata to‘qishmoqda? Ekstremistlar tarqatayotgan g‘oyalarda mantiq qani?
XULOSA.
Shu o‘rinda bir xangoma yodimizga tushadi. Bir kishi oydin kechada ketayotib, hovuzga duch kelibdi. Qarasa, suvda oydin aksi turganmish. Oy ko‘kdan suv tubiga qulab tushibdi, joyiga kaytarib quysam, harna savob bo‘ladi, deb uylagan o‘sha kishi tongacha hovuz tubidan oyni qidirgan ekan.
Ma’naviyati bo‘sh, din haqida tushunchasi yuzaki, dunyo qarashi tor kimsalar oqibatda aldamchi g‘oyalar domiga tushib qolmoqdalar. Muqaddas dinimizning asl mohiyati, ma’naviyatimiz haqida oilada yaxshi tarbiya berilsa, ta’lim dargohlarida internet tarmog‘idan foydalanish madaniyati shakllantirilsa yuqoridagi noxush xolatlarning oldi olingan bo‘lardi.
Kiritilgan vaqti: 30/11/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3157
Chop etilgan vaqti: 11/12/2024 23:18