O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

OTA ONALAR MAS’ULIYATI

 
 

Qaysi bir xonodon sohiblarini Alloh taolo farzand atalmish ne’mat bilan siylar ekan, bas bu xonodon sohiblari bu ne’matni qadriga yetishlari va ruhiy va jismoniy jihatdan muhofaza qilishga mas’uldir.

Ruhiy jihat deganda, uning e’tiqodini to‘g‘ri shakllanishiga e’tibor qaratish nazarda tutiladi. Chunki farzand to‘g‘ri, sof islomiy aqidadan uzoqlashar ekan, shubhasiz unda buzuq aqida shakllanadi. Bu narsa esa farzandlar kelajagi uchun nihoyatda xatarlidir.

Chunki tabiatda bo‘shliq bo‘lmaydi. Agar nimadir bo‘sh qoldirilsa, albatta uning o‘rnini boshqasi egallaydi. Xuddi shuningdek farzandlarimizga Alloh taoloni tanitmasak va Uning buyruqlariga muhabbatni shakllantira olmasak, shubhasiz ular nafs havolari yaxshi ko‘rsatgan narsalar ortidan ergashadilar.

Pirovardida mehnat-mashaqqat bilan halol rizq topishdan ko‘ra, o‘g‘rilik va zo‘rovonlik bilan o‘zgalar haqqiga xiyonat qilish ularga suyukliroq ko‘rinadi.

Farzandlar kelajakda jamiyat uchun foydali insonlar bo‘lib yetishmog‘ida yoxud jamiyat ular uchun zararli shaxslar bo‘lib shakllanishida, eng avvalo ularning tarbiyalariga mas’ul bo‘lgan biz ota-onalar sababchi ekanimizni unutmasligimiz lozim.

Chunki farzand yaxshilik yomonlikni qabul qiladigan tabiiy fitratda ya’ni qaysi tomonga qarab bursak usha tomonga qarab o‘sish xususiyati bo‘lgan yosh niholga o‘xshaydi.

Yosh niholni to‘g‘ri o‘sishiga bee’tibor bog‘bon, qiyshiq o‘sgan daraxtni ayblashi nodonlikdan o‘zga narsa emas.

Ruhiy tarbiya toqozo qilgan barcha narsalarni farzandlarimizga o‘rgatib borishda, nuqsonga yo‘l qo‘ymaslikka biz ota-onalar mas’uldirmiz.

Endi farzand tarbiyasidagi ikkinchi muhim jihat jismoniy mas’uliyat haqida gapirsak, bunga avvalo oila boshlig‘ining oilasiga qilgan nafaqasi nazarda tutiladi.

Albatta bu jihat, ularning yeb-ichishi, kiyinishi, davolanishi, sog‘ligi uchun qayg‘urishi va shu kabi jismga tegishli bo‘lgan moddiyatni qamrab oladi.

Er-xotin o‘rtasida farzand dunyoga kelar ekan ularning nafaqasi oila boshlig‘i zimmasiga vojib bo‘ladi. Alloh taolo bu xususida shunday degan:

"وَعَلَى الْمَوْلُودِ لَهُ رِزْقُهُنَّ وَكِسْوَتُهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ ۚ لَا تُكَلَّفُ نَفْسٌ إِلَّا وُسْعَهَا ۚ

لَا تُضَارَّ وَالِدَةٌ بِوَلَدِهَا وَلَا مَوْلُودٌ لَّهُ بِوَلَدِهِ"

Ularni (farzandlarni) yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir. Hech bir jonga imkondan tashqari taklif bo‘lmaydi. Ona ham, ota ham bolasi sababidan zarar tortmasin[1].

Payg‘ambarimz sallallohu alayhi vasallam hadis shariflarida kishining oila a’zolariga qilgan nafaqasi, Alloh taolo yo‘lida qilingan nafaqalarning eng yaxshisi ekani aytiladi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan sahih hadisda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

"أربعة دنانير : دينار أعطيته مسكينا و دينار أعطيته في رقبة و دينار أنفقته في سبيل الله و دينار أنفقته على أهلك أفضلها الذي أنفقته على أهلك"

“Dinor to‘rt xil bo‘ladi(ya’ni savob keltiradigan): miskin-bechoraga bergan dinoring, qul ozod qilishga sarflagan dinoring, Alloh taolo yo‘lida nafaqa qilgan dinoring va oila-ahling ehtiyojiga ishlatgan dinoring. Ular ichida eng afzali oila-ahlingga nafaqa qilgan dinoringdir”.

Oilasi ehtiyoji uchun baqadrixol nafaqa qilish savobli bo‘lishi bilan bir qatorda, ularga nafaqa qilishni to‘xtatib qo‘yish va o‘z zimmasidagi oilasiga nafaqa qilish mas’uliyatini ado etmaslik gunoh sanaladi.

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan sahih hadisda, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

"كفى بالرجل إثما أن يحبس عمن يملك قوته".

“Uning oziq ovqati zimmasida bo‘lgan kishiga, ulardan buni to‘xtatib qolishi gunohkor bo‘lishiga yetarlidir[2]”.

Oila nafaqasi deganda nafaqat ular istemol qiladigan halol taom va ichimliklar, balki uy-joy, kiyim kechak, sog‘ligi uchun dori darmonlar va shu kabi jismiga foydali bo‘lgan boshqa narsalar ham kiradi.

Ammo bu aytib o‘tilgan narsalar, oila boshlig‘ining imkon doirasida bo‘lishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. Aks holda, oila boshlig‘iga nisbatan toqatidan tashqari narsaga taklif qilish bo‘lib qoladi. Bu esa dinimizda talab qilinmagan ishdir.

Chunki Alloh taolo hech bir bandasini toqadidan tashqari narsaga buyurmagan.

Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا ۚ

Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas[3].

Jismoniy mas’uliyat deganimizda farzandlarga pokiza yeguliklardan istemol qilish o‘z vaqtida jismga dam berish, turli xil kasalliklardan ehtiyot choralarini ko‘rish, kasal bo‘lganda davolanish manfaatli ishlarga jalb qilib, zararli narsalardan uzoq bo‘lish, sport bilan shug‘ullanishga qiziqtirish va lazzatbaxsh narsalarga mukkasidan ketib berilib ketmaslikka va hayot mashaqqatlari oldida sabr toqatli bo‘lishga o‘rgatish ham kiradi.

Bas, har bir ota-ona o‘z farzandi oldidagi ruhiy va jismoniy mas’uliyatlarini sidqidildan ado etsa, farzandlar kelajakda ham ruhan, ham jismonan barkamol bo‘lib voyaga yetadilar.

Alloh taolo barcha ota-onalarga farzandlarini Vatan va jamiyat uchun foydalik, ota-onasiga rahmat keltiradigan farzandlar qilib tarbiyalashni nasib aylasin.



[1] Baqara 233-oyat.

[2] Imom Muslim rivoyati. Sahih hadis.

[3] Baqara 286-oyat.


Kiritilgan vaqti: 21/07/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2153
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ota-onalar-masuliyati
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 17:07
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing