O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ota-onaga ozor yetkazmaslik haqida (bir hadis sharhi)

 
 

وقال عليه الصلاة والسلام: {مَنْ آذى وَالِدَيْهِ أَوْ آذى أحَدَهُما

يَدْخُل النَّارَ}.

U zot alayhissalom dedilar:

“Kim o‘z ota-onasiga yoki ulardan biriga ozor bersa, do‘zaxga kiradi”.

Sharh: Ota-onani norozi qilmaslik haqida hadislar ko‘p bo‘lib, Anas roziyallohu anhu, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan shunday rivoyat qiladilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:

بابانِ مَعَجَّلانِ عُقُوبَتُهُما في الدُّنْيا البَغْيُ والعُقُوقُ

“Dunyoda uqubati tezda keladigan ikki eshik bor. Ular: buzuqlik va (ota onaga) oqq bo‘lish”, dedilar.[1]

Anas roziyallohu anhu ota-onani norozi qilishning salbiy oqibati haqida o‘zlari guvohi bo‘lgan voqeani shunday hikoya qiladilar:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonlarida Alqama nomli kishi bor edi. Uko‘p namoz o‘qish, ro‘za tutish va sadaqa berish kabi ibodatlarda jiddu jahd qilardi. Bir kuni uning kasalga chalinib, vafoti yaqinlashgani ma’lum bo‘ldi. Ayoli joni imon bilan chiqishi uchun unga shahodat kalimasini aytib tura boshladi. Lekin harchand urinmasin, Alqamaning tili kalimaga kelmadi. Bundan iztirobga tushgan ayol Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga borib, erining o‘lim to‘shagida ekani, tili kalimaga kelmayotgani, agar yordam bermasalar, imonsiz ketish xavfi borligini so‘zlab, yig‘ladi.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Ammor, Bilol va Suhayb roziyallohu anhumni: “Uning oldida qolib, kalimani aytib turing”, deb jo‘natdilar. Ular kelib, Alqamaga: “La ilaha illalloh”ni aytib turdilar. Lekin u hamon kalimani aytolmasdi. Vaziyat jiddiy. Payg‘ambarimiz alayhissalom huzurlariga odam yuborishdi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ota-onasidan biri hayotmi?” deb so‘radilar. “Uning keksa onasi bor”, deyishdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Alqamaning onasi qodir bo‘lsa, huzurimga kelsin. Agar kelolmasa, huzuriga o‘zim boraman”, deb odam yubordilar.

Xabarchi kelib, unga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning gaplarini yetkazdi. Shunda keksa onaxon: “U zot uchun jonim fido bo‘lsin. Albatta o‘zim boraman”, deb qo‘liga hassasini oldi, so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi va sallam huzurlariga kelib, u zot alayhissalomga salom berdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam alik olganlaridan so‘ng: “Ey Alqamaning onasi, o‘g‘ling Alqama qanday inson?” dedilar. Keksa onaxon: “O‘g‘lim Alqama ko‘p namoz o‘qiydi, ko‘p ro‘za tutadi va ko‘p sadaqa beradi, lekin men undan g‘azabnokman”, dedi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Nima uchun?” deb so‘radilar. Onaizor: “Xotinini mendan ortiq ko‘rardi”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Onasining g‘azabi Alqamani shahodat aytishdan to‘sib qo‘ygan. Ey Bilol, borib men uchun ko‘p o‘tin to‘plab kel”, dedilar. Alqamaning onasi: “Ey, Allohning rasuli!, o‘tinni nima qilasiz?” deb so‘radi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Alqamani o‘tda yoqaman”, dedilar. Keksa onaxon: “Ey, Allohning rasuli!, ko‘z o‘ngimda uni yoqib yuborishingizga yuragim dosh bermaydi”, dedi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ey Alqamaning onasi, Allohning otashi kuchliroq va boqiyroqdir. Agar uni Alloh kechirib yuborishi seni xushnud etsa, u holda undan rozi bo‘l. Jonim izmida bo‘lgan Zotga qasam, toki onasining g‘azabi kelib turar ekan unga namoz, ro‘za va sadaqasi ham foyda bermaydi”, dedilar. Keksa onaxon: “Ey, Allohning rasuli! Men Alloh, farishtalar hamda meni kuzatib turgan musulmonlarni guvoh qilib aytaman, o‘g‘lim Alqamadan rozi bo‘ldim”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam unga kalimani talqin qildilar va u o‘sha zahoti kalima keltirib, jon taslim qildi”.

Anas roziyallohu anhu dedilar: “O‘sha kuni Alqama jon taslim qildi. Nabiy sollallohu alayhi va sallam, Alqamani yuvib, kafanlashni buyurdilar. So‘ng janozasini o‘qib, dafnda ishtirok etdilarva qabr boshida turib shunday dedilar:

يا مَعَاشِرَ المُهاجِرينَ والأنصَارِ مَنْ فَضَّلَ زَوْجَتَهُ عَلَى وَالِدَتِهِ لَمْ يَقْبَلِ الله مِنْهُ صَرْفا وَلاَ عَدْلاً.

“Ey, muhojir va ansorlar jamoasi! Kimda kim ayolini onasidan ortiq ko‘rsa, Alloh uning nafl va farz ibodatlarini qabul qilmaydi”.[2]

Qiyomat kunida Alloh taoloning rahmat nazaridan benasib kimsalar ham ota-onalarini norozi qilgan farzandlardir. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilib dedilar:

ثَلَاثَة لَا يَنْظُر اللَّه إِلَيْهِمْ يَوْم الْقِيَامَة الْعَاقّ لِوَالِدَيْهِوَالْمُدْمِن الْخَمْر

وَالْمَنَّان بِمَا أَعْطَى

“Qiyomat kunida uch toifa insonga Alloh nazar qilmaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan, xamrga mukkasidan ketgan va bergan narsasini minnat qiluvchi kishi”.[3]

Demak ota-onani norozi qilish bu dunyoda ham, oxiratda ham faqat va faqat yomonlikka sabab bo‘lishini unutmaslik lozim. Alloh taolo barchalarimizga, ota-onalarimizni rozi qilib, Alloh taoloning roziligiga erishmog‘imizni nasib qilsin!



[1]Hokim rivoyati. Sahih hadis. Jaloliddin Suyutiy. Al fathul kabir fiy zammiz ziyada ilal jomi’ as sag‘iyr. Dorul fikr. Bayrut. 2003. B.23.

[2]Muhammad Navaviy ibn Umar Bantaniy. Tanqihul qovlil hasis. Dorul kutub al ilmiyya. Bayrut. 2015. Ba’zi ulamolar hadis matnidagi “nafl va farz”so‘zlarini o‘rnini almashtirib keltirganlar. Ba’zilari esa uni “tavba va qilgan sadaqa, ehsonini”, deb sharhlaganlar.

[3]Nasaiy rivoyati. Imom Ibn Kasir. Tafsir al Qur’an al aziym. Dorut toyyiba. 1999. B. 5349.


Kiritilgan vaqti: 22/05/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4520
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ota-onaga-ozor-etkazmaslik-haqida-bir-hadis-sharhi
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 16:04
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing