OTA-ONAGA OQ BO‘LISH GUNOHI KABIRADIR
Har bir inson kim bo‘lishidan, hayotdagi mavqe-martabasidan qat’iy nazar, ota-onasiga yaxshilik qilishga majbur. Ayniqsa, otalarning ko‘nglini topish, hamisha ularning xizmatida shay bo‘lish, hadyalar berib xursand qilish, har jabhada ota-onaning roziligini topish farzandning asosiy burchlaridan biridir.
Ajdodlarimiz «Qarisi bor uyning parisi bor» deb bejizga aytishmagan. Xalqimizda qaysi bir xonadonda ota-ona yoki ulardan birlari bo‘lsa, o‘sha oilani bag‘ri butun oila deyiladi. Bu ulkan baxt. Darhaqiqat, ota-ona farzandlarining ta’lim-tarbiyasi, odob-axloqini nazorat qilib, pand-nasihatlar qiladilar. Ular bor uyda baraka bo‘ladi, tinchlik osoyishtalik hukm suradi. Paygambarimiz Muhammad alayhissalom «Katta yoshdagilar bilan ham suhbat bo‘linglar, ulardan maslahat so‘ranglar va donolar bilan aralashib turinglar», deganlar.
Farzand ota-onaga qancha yaxshilik qilmasin, o‘zining dunyoga kelishiga sababchi bo‘lgan zotlarning mukofotini hech vaqt qaytara olmaydi. Ulug‘larimizdan biri esa bunday deydi: «Alloh taologa shukr qilish besh vaqt namoz o‘qish bilan bo‘ladi, ota-onaga shukr qilish har kuni besh marta ularni duo qilish bilan bo‘ladi».
Qur’oni karimning bir necha oyati karimalarida ham ota-onalarga yaxshilik qilish buyurilgan. Ammo ayrim yoshlarimiz bu ilohiy amrni unutib qo‘yishayapti. Oramizda ota-onalariga qo‘pol, yomon muomalada bo‘ladigan, iltimoslarini «esdan chiqarib» qo‘yadiganlar ham bor. Ota-onasining, dilini og‘ritadigan, o‘zining yomon xulqi bilan el orasida ularni sharmanda qiladigan, hatto qo‘l ko‘tarishgacha boradigan nobakor farzandlar ham uchrab turadi. Eng achinarlisi, ba’zi noqobil ug‘il-qizlar boylik va imkoniyatlari bo‘lsada, ota-onalari keksaygach, ularni e’zozlash o‘rniga yo qarovsiz tashlab qo‘yadi, yoki qariyalar uyiga jo‘natadi. Keksaygan ota-onalarining xonadoniga keltiradigan barakotlaridan manfaatlanish, duolarini olish o‘rniga aksincha diydoriga zor qilib, xo‘rlaydilar. Bulardan ham yomonrog‘i ayrim farzandlar ota-onasiga oq bo‘lib, ikki dunyo saodatidan bebahra qolishmokda.
Juda ko‘plab xadisi shariflarda ota-onasiga oq bo‘lgan nobakor farzandlarning dunyo va oxiratda nechog‘li ulkan azob va nafratlarga duchor bo‘lishlari bayon qilingan. Ota-onani rozi qilmay, ularga oq bo‘lgan farzand ulkan gunoh ya’ni gunohi kabira qilgan bo‘ladi.
Ka’bul Axbordan: «Ota-onaga oq bo‘lish nima?» deb so‘rashganda u kishi «Agar otasi yoki onasi uning nomidan qasam ichsa, qasamini oqlamaydi. Biror ishga buyursa, buyrug‘iga itoat qilmaydi. Biror narsa so‘rasa, bermaydi, omonat qo‘ysa, xiyonat qiladi», deb javob beribdi.
Ota-onaga oq bo‘lish ana shunday og‘ir gunohlardan bo‘lgani uchun farzandlar ota-ona haqqiga o‘ta ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlari, ularni og‘rintirmaslik ranjitmaslik choralarini ko‘rishlari lozim. Xar bir farzand hamisha ota-onasining ko‘nglini olib, duolariga sazavor bo‘lsa o‘ylaymizki ishlari yurishib, el orasida ham hurmati oshadi.
Qolaversa, yurtimizda keksa otaxon va onaxonlarga, nogiron va muhtojlarga katta g‘amxo‘rlik va beminnat yordamlar ko‘rsatilib kelinayapti. Ularning xayotini farovon, kunlarini shodmon qilish uchun hukumatimiz ijtimoiy himoya qilish ishini yuksak darajaga ko‘targan. Ayniqsa, muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari bilan e’lon qilingan «Keksalarni e’zozlash yili» bo‘lgan joriy yilda yoshi ulug‘larimizga bo‘lgan e’tibor, hurmat yanada ziyoda bo‘lmoqda. Bularning barchasi yurtimizning aziz duoguylariga bildirilayotgan katta hurmat-e’tibor ramzi bo‘lsa, ikkinchi tomondan ularning doimiy qilayotgan xolis duoi-xayrlari, inshaallox, yurtimizni va xalqimizni turli balo-ofatlardan saklashga xizmat qilayotgani aniq.
Kiritilgan vaqti: 26/10/2015 00:00; Ko‘rilganligi: 5605
Chop etilgan vaqti: 07/10/2024 17:02