O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

OTA-ONAGA OQ BO‘LGAN JANNAT HIDINI HAM HIDLAMAYDI

 
 

Janobi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

«Jannat hidi besh yuz yillik masofadan seziladi. Uning hidini ota-onasiga oq bo‘lgan, gunohkor va qarindoshlaridan aloqasini uzgan kishi bilmaydi», dedilar.

Tabaroniy rivoyat qilgan.

 

Farzand ota-ona o‘ziga to‘q bo‘lsa ham ularning nafaqotini yaxshilash, nafaqa berib turish, ularni so‘rashga muhtoj qilmay yoki minnat qilmay izzat ko‘rsatishi lozim. Otalari zaiflashgan, qartaygan vaqtlarida farzanddari ularning haqqini ado qilishlarini Islom birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Islom shariati qodir farzandlarga ojiz bo‘lmish ota-onalar haqqini kafolatga olishga hukm etadi. Ishni ularning o‘zlariga topshirmaydi, balki bu kafolat farzdirki, agar vaqtida vafo qilmasa ham keyinchalik qazosi vojib bo‘ladi.

Bola ota-onasiga qanchalik ehson qilmasin, qanchalik o‘zidan ortiq ko‘rmasin, hech vaqt o‘zi dunyoga kelishiga sabab bo‘lgan mukofotni qaytara olmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan bu hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

«Bola otasi mukofotini qaytara olmaydi. Faqat otasi qullik azobida yurgan bo‘lsa, farzand uni sotib olib, ozod qilsagina, mukofot bo‘lishi mumkin».

 

Abu Burda ibn Abu Mu'ai al-Ash'ariyning aytishlaricha:

«Abdulloh ibn Umar bir yamanlik kishi o‘z onasini yelkasiga opichib, xonai Ka'bani tavof qildirib yurganini ko‘ribdilar. U odam tinmay quyidagi baytni o‘qib yurarkan:

«Onaizori uchun bo‘ynini eggan tevaman, Teva mingan ona horisa-da, men horimam».

U bu baytni o‘qirkan, Abdullohga qarab:

«Ey Abdulloh ibn Umar. Mana shu xizmatim bilan men onamning haqqini ado qila oldimmi?» deb so‘rabdi.

«Yo‘q, bu xizmating seni tug‘ish paytida onangni qiynab tutgan to‘lg‘oqlarning bittasiga ham teng bo‘lolmaydi», debdi Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu.

Buxoriy rivoyat qilgan.

Farzand ota-ona xizmatida doimo shay turishi, hatto mushrik bo‘lsalar ham ularning roziligini topishi, vafotlaridan so‘ng shariat hukmiga ko‘ra hakdarini ado etishi lozim bo‘ladi.

Shunga ko‘ra ota-ona tomonidan yaqin qarindoshlik aloqasi bor kishilardan ham aloqani uzmaslik vojib. Yana ota-ona haqlariga hayot vaqtlarida ham, vafotlaridan keyin ham duoda bo‘lib turish kerak.

H.Temirov O‘MI – Samarqand viloyat vakilligi xodimi (manbalar asosida)


Kiritilgan vaqti: 20/01/2020 15:39;   Ko‘rilganligi: 1648
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ota-onaga-oq-bolgan-jannat-hidini-ham-hidlamaydi
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 11:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing