O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ONALAR OYOG‘I OSTIDA JANNAT

 
 

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

Biz insonga ota-onasini (ya’ni ularga yaxshilik qilishni) amr etdik. Onasi unga ojizlik ustiga ojizlik bilan homilador bo‘ldi (ya’ni qornidagi homila kattargan sari onaning madori qurib, zaiflasha borur), uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (kelur). (Biz insonga buyurdikki): “Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Yolg‘iz O‘zimga qaytajaksan!...” Luqmon surasi 14-oyat.

Robbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi...” Isro sura 23-oyat.

Imom Buxoriy Abu Hurayra (roziyallohu anhu) dan rivoyat qiladi:

Bir kishi Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam) huzuriga kelib: “Yo Allohning rasuli eng avval yaxshilik qilishga kim haqli?” dedi.

-“Onang”, dedilar. - “So‘ngra kim?” dedi. - “Onang”, dedilar. -“Sungra kim?” dedi. - “Onang”, dedilar. - “Sungra kim?” dedi. - “Otang”, dedilar.

Imom Ahmad va imom Nasoiy Muoviya ibn Jahim (roziyallozu anhu) dan rivoyat qiladi:

Jahim (roziyallozu anhu) Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam) huzurlariga kelib: “Yo Allohning rasuli, g‘azot (din, millat, yurt himoyasi uchun qilinadigan urush) ga chiqishni xohlayman va sizdan maslahat surab keldim”, dedi.

Shunda Payg‘ambarimiz (sallallohu alayhi vasallam):

Onang hayotmi?” dedilar.

Ha”, dedi.

Unda ajralma, jannat uning oyog‘i ostida”, dedilar.

Shayx Abu Abdulloh Xafif ramazon oyida qattiq ibodatga berildi. Niyati Qadr kechasining nuriga musharraf bo‘lmoq edi. Shuning uchun tomga chiqib namoz o‘qirdi. Onasi ummu Muhammad uy ichida ibodat qilardi. Kutilmaganda qadr kechasining nuri shayxning onasiga ko‘rinib qoldi. Tomdagi o‘g‘liga ovoz chiqarib:

“Bolam, sen tomdan izlaganing uy ichida”, dedi.

Shayx tushdi va nurni ko‘rdi; u onasining oyog‘i ostida jilva qilardi. Shayx Abu Abdulloh shundan keyin ona qanday zot ekanligiga, ilohiy nematlarning barchasi onalar oyog‘i ostida ekaniga yana bir bor amin bo‘ldi.

Onalar oyog‘i ostidadur,

Ravzai jannatu jinon bog‘i.

Ravza bog‘in visolin istar esang,

Bo‘l onaning oyog‘i tufrog‘i.

Alisher Navoiy

Rabbimizning kalomidagi oyatlar, Rasuli akram (sallallohu alayhi vasallam)ning hadisi shariflari, ulug‘larimizning hayotiy, qalb torini chertuvchi baytlari onalar jamiyatda qanchalar ulug‘ va mo‘tabar zot ekanligini barchamizga takidlab turibdi. Onalar farzandlari uchun eng yaqin, eng mehribon inson sanaladi. Muqaddas dinimiz ikki sababga ko‘ra ona hurmatini otadan ustun qo‘yadi:

Birinchisi, farzand dunyoga kelishida otadan ko‘ra ona ko‘proq mashaqqat chekadi, to‘qqiz oy qornida ko‘tarib, yuqoridagi oyati karimaga muvofiq ikki yil emizadi, qanchadan-qancha tunlarni tongga ulab bedor o‘tkazadi hamda tarbiyasiga asosiy mas’ul bo‘ladi.

Ikkinchidan, otaga nisbatan ona yaratilishidan mehribon va rahmdil farzandini nuqsonlarini kechiraoladigan, ayblarini yashiradigan qilib yaratilgan.

Dunyo tamaddunining gultojlari, anbiyoyu avliyolar beshigini tebratgan, kelajakda tug‘ilajak ulug‘larni dunyoga kelishiga sababchi bo‘ladigan xotin-qizlarimizni qadrini yanada yuksaklarga ko‘tarish maqsadida davlatimizda ham qator tadbirlar, dasturlar qabul qilingan. Zero, Alloh taolo bizlarga: “Ular (ayollar) bilan yaxshi muomalada bo‘linglar”, deya takidlaydi. Opa-singillarimizmi, qizlarimizmi, onalarimizmi barchalari bilan husni muomalada bo‘lmoqligimizni, ularga hamisha va har doim saralangan so‘zlar ila murojaat qilib hayot kechirmoqligimizni buyuradi.

Xonadonlarimiz fayzi, mehribon volidalarimizni Yaratgan umrlarini uzoq, tanu jonlarini hamisha sog‘ aylasin.


Kiritilgan vaqti: 23/11/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 15845
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/onalar-oyogi-ostida-jannat
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 22:05
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing