OMONATDORLIK
Omonat xiyonatning ziddi bo‘lib, insonga yuklangan shar'iy taklif va ibodatga o‘xshash narsalardir.
Omonatning ma'nolari:
Dahhoq ibn Muzohim va Hasan Basriy: omonat – Alloh taoloning farzlaridir, degan.
Boshqa bir salaflar: omonat – toatdir, deyishgan.
Ibn Ka'b roziyallohu anhu: Omonat – ayol kishi o‘z farjiga omonatdorligidir, degan.
Qatoda roziyallohu anhu: Omonat – din, farzlar va shariat chegaralari, degan.
Zayd ibn Aslam roziyallohu anhu: Omonat uchta – namoz, ro‘za va junublikdan g‘usl qilish, degan.
Imom G‘azzoliy rahimahulloh aytadi: Omonatdorlik botiniy tahoratdir. U fisq, katta gunohlar va davomli qilingan kichik gunohlardan poklaydi.
Fuqaholar omonatni ikki turga ajratishgan:
- Omonatga qo‘yilgan narsa. Bunga oriya, vadiy'a, ijara, muzoraba, vakolat kabilar kiradi.
- Sifat ma'nosida. Qozi, vasiy, vaqf nazoratchisi va guvoh kabi vazifasi omonat kishilari. Masalan, qoziga adolat bilan hukm qilishi uchun berilgan “hukm qilish” huquqi omonatdir. Boshqalar uchun ham shu.
Sahoba va salaf ulamolarning omonat haqidagi fikrlari juda ko‘p. Ular bir-birini to‘ldirib kelgan. Omonatning hukmi o‘z egasiga qaytarilishidir.
“Albatta, Alloh sizlarni omonatlarini o‘z egalariga topshirishga va agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat bilan hukm qilishni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va'z qilur! Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Tanamiz, undagi jon va kuch-quvvatimiz Alloh taoloning bizdagi omonatidir. Ular shunchaki saqlanadigan narsa emas. Agar buyruqlarni o‘z vaqtida bajarish va qaytariqlardan qaytish zvazifasini bajarimasa, xiyonati shu. Bular banda va Alloh o‘rtasidagi masala. Haqlar ikkiga bo‘linadi:
- Bandadagi Allohning haqqi
Hisob kuni haqlar o‘z egalariga qaytariladi. Xo‘sh, Alloh azza va jallaga toat-ibodatlarni qanday qaytaramiz?
- Banda zimmasidagi bandaning haqqi
Omonat Alloh taolodan boshqaniki bo‘lsa, u qarshisida omonat egasi va Roobbul olaminni ko‘radi.
Alloh kechirimli va adolatli zot. Yaxshi amallarimiz uchun erkalatib, boshqaning haqqini kechib yubormaydi.
Bir kishi boshqasiga omonat berdi. Lekin uning guvohlari yo‘q. Bu omonat olganni aldab qo‘ymasin. Uning guvohi yo‘q paytida ham beshta guvohi bor. Ular: ikki tomon yelkasidagi ikkitadan to‘rt farishta va Alloh azza va jalla. Guvohlikka ular yetarlimi? Qochib qayoqqa boramiz?!
Qur'oni majidda bunday marhamat qilinadi: “Ey, imon keltirganlar, bilib turib, Allohga va Payg‘ambarga va omonatlaringizga xiyonat qilmang!”(Anfol surasi, 27-oyat).
Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy alayhissalom: “Munofiqning belgisi uchtadir: gapirsa yolg‘on gapiradi, va'da qilsa, ustidan chiqmaydi, omonat berilsa, xiyonat qiladi” dedilar (Imom Buxoriy, Muslim, Tirmiziy, Namoiy rivoyati).
Aslida omonatdor bo‘lish uchun mo‘min bo‘lish shart emas. Chunki u insondagi tabiiy bir sifat. Xudosiz ham omonatdor bo‘lishi mumkin. Lekin unga oxiratda nasiba yo‘q. Mo‘minga esa dunyoda ham oxiratda ajr bor. Alloh taolo jannatiylar ta'rifida bunday degan:
“Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qiluvchilardir”, (Mu'minun surasi, 8-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam nabiylikdan oldin ham omonatdor edilar. Payg‘ambarliu kelganda mushrik va kofirlar u zotga dushmanlik qilishdi. Lekin omonatlarini Nabiy alayhissalomga topshirishgan edi. Ularning zulmi sabab musulmonlar hijrat qilishga majbur bo‘ldi. Ali roziyallohu anhu Makkaliklarning Payg‘ambar alayissalomdagi omonatlarini egalariga qaytaraman deb ular ko‘pligidan ancha muddan Makkada qolib ketdi. Yer yuzi bunaqa holni ko‘rmagan. Birovni dushman sanaydi lekin unga omonatini ishonadi. U zot bizga ana shunday o‘rnak bo‘lgan.
“Albatta, Biz bu omonatni osmonlarga, yerga va tog‘larga taklif qildik. Bas, ular uni ko‘tarishdan bosh tortdilar va undan qo‘rqdilar. Uni inson ko‘tardi. Darhaqiqat, u o‘ta zolim va o‘ta johildir”, (Ahzob surasi, 72-oyat).
Ulamolar oyatdagi omonatni farzlar, qaytariqlar va shariat chegaralari, deb tafsir qilishgan.
Hasan Basriy rahimahulloh aytadi: Alloh osmonlar, yer va tog‘larga omonat hamda undagi narsani taklif qildi. Ular: “undagi narsa” nima deyishdi. Agar, yaxshilik qilsangiz, mukofotlanasiz. Yomonlik qilsangiz, jazolanasiz, deyildi. Ular bosh tortdi. Uni odam ko‘tardi.
Endi nimani ko‘tarib olganimizga qaraylik!
B Ismoilov - Tayloq tumani bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 03/10/2020 17:09; Ko‘rilganligi: 2011
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 08:58