OILA VA NIKOH
Muqaddas Islom dinida oila qurish kishi hayotidagi eng muhim va o‘ta mas’uliyatli vazifa deb qaraladi. Chunki inson hayotining nikohdan keyingi davri chiroyli, yaxshi kechishi yoki aksincha bo‘lishi asosan shu mas’uliyatli voqeaga bog‘liq bo‘ladi. Shuningdek oilaning ahamiyati jamiyat uchun ham juda muhimdir. Chunki oila jamiyatning asosiy bir bo‘g‘ini, ajralmas bir qismi hisoblanadi. Oila qanchalar sog‘lom bo‘lsa, jamiyat ham shunchalar sog‘lom bo‘ladi. Oila a’zolarining birligi, hamjihatligi, jamiyatning ham birligi, ahlligidir.
Inson oilada o‘sadi, kamol topadi, boshlang‘ich tarbiyani oilada oladi. Ilm-ma’rifatni, o‘zaro muomala madaniyatini, atrof-muhitga oqilona munosabatda bo‘lish, mehnatsevarlik, o‘zgalarga nisbatan izzat-hurmat kabi xislatlar avvalo oila muhitida shakllanadi.
Olamdagi barcha jonli mavjudotlardan tortib, jismlargacha juft-juft qilib yaratilishida Yaratganning buyuk bir hikmatini ko‘rish mumkin. Bu haqda Alloh taolo shunday ishora qilib aytadiki: “Biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik. Shoyad sizlar bularning shunday yaratilishini aqllaring ila mulohaza qilib, yaratuvchining yolg‘iz ekanligini eslasalaring”.
Zero, oila qurishdan asosiy maqsadlardan biri bu – halol yo‘l bilan insoniyat naslini davom ettirish uni ko‘paytirishdir. Qur’oni karimda shunday aytiladi: “Sizlarga o‘z jinslaringizdan birga yashash va unga intiladigan juft yaratilganligi hamda o‘rtalaringda bir-birlaringga muhabbat, mehr va shafqat hislarini paydo qilganligi, Allohning insonlar vafot etganlaridan so‘ng qaytadan tiriltirishga bo‘lgan alomatlaridan biridir”.
Demak oilada rohat va xotirjamlik bilan birgalikda mehr-muhabbat, shafqat, ahllik singari go‘zal insoniy muhit ham bo‘lishi kerak ekan.
Bu haqida Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: “Farzandlaringga ona bo‘ladigan ayolni yaxshilab tanlab olinglar”. Chunki rafiqa kelajak hayotimizdagi davomli yo‘ldosh, farzandlarimizning tarbiyachisi hisoblanadi. Erkak kishi oilasi va farzandlariga rizq-nasiba topish niyatida kun bo‘yi mehnat qiladi. Goho turli qiyinchiliklarga duch keladi. Turmush mashaqqatlaridan charchab oilasi davrasiga kelgach barcha charchog‘i yoziladi. Imom G‘azzoliy uylanishning foydasi oilani boqish, unga bosh bo‘lish, oila a’zolarining haqlarini ado etish, ba’zi bir kamchiliklarga sabr qilish, halol rizq topish yo‘lida mehnat qilish, farzandlar tarbiyasi ila shug‘ullanish, iymon-e’tiqodli qilish borasidagi barcha sa’y-harakatlar inson o‘zini-o‘zi tarbiyalashi vositasidir. Zero, bularning barchasi katta fazilat bo‘lib, insonni yuqori darajalarga ko‘taradi, degan ekanlar.
Qur’oni karimda: “Sizdan ilgari ham Payg‘ambarlar yuborganmiz. Ularga ham juftlar va farzandlar berganmiz”. (Ra’d-38-oyat) deyilgan. Shu sababli ham Payg‘ambar alayhissalom: “Uylanish mening sunnatimdir. Kimki sunnatimdan yuz o‘girsa, u mendan emas”, dedilar.
Nikoh er va xotin o‘rtasini bog‘lovchi muqaddas rishta. Bu rishta farzandlar tug‘ilishi bilan yanada mustahkam bo‘ladi. Payg‘ambarimiz hadislarida shunday marhamat qilganlar “Muhabbatli, farzand tug‘adigan ayollarga uylaninglar...”. boshqa bir hadislarida esa:”Oilali va farzandi bor kishining o‘qigan ikki rakaat namozi, bo‘ydoq (uylanmagan) kishining o‘qigan sakson ikki rakaat namozidan xayrli (yaxshiroq)dir”, deya nikohning fazilatini targ‘ib etgan bo‘lsalar, boshqa bir hadislarida, qodir bo‘la turib, oila qurmay yurish salbiy holat ekanini ta’kidlab shunday deganlar: “Sizlarning yomonlaringiz uylanmay bo‘ydoq yurganlaringizdir. Vafot etib ketganlaringizning yomonlari esa oila qurmay turib o‘tganlardir”.
Nikohda barakot bor. Shuning uchun kelajakda ehtimoli bo‘lgan faqirlik, kambag‘allik va nochorlikdan qo‘rqmaslik kerak. Payg‘ambar alahissalom: “Faqirlikdan qo‘rqib uylanishdan qochgan bizdan emas”, deganlar.
Oilada ayol kishining o‘rni benihoyat muhimdir. Ayol oqila, mehribon, sabr-qanoatli hamda tejamkor bo‘lishi zarur. Hadisi sharifda “Tejamkor qashshoq bo‘lmas”, deyilgan. Tejamkorlikning aksi isrofdir. Isrofgarchilik shaytoniy ishlardan bo‘lib, egasini gunohga yetaklaydi. Zero oyati karimada: “Alloh isrofgarlarni yomon ko‘radi” deyilgan.
Rivoyat qilinishicha Xotam Asom hazratlari hajga borishni ixtiyor etib, safar oldidan xotinidan so‘rabdi:
-“Sizlarga safar oldidan qancha pul qoldiray?”.
-Siz bizdan ayrilgandan so‘ng, umrimiz qancha bo‘lsa, shuncha pul qoldiring,-debdi xotini.
-Buni Allohdan boshqa hech kim bilmaydiku?!- debdi Xotam Asom.
Shunda xotini: -Unda rizq ishini Yaratganning o‘ziga havola qiling, - deb javob beribdi.
Yana shuni ta’kidlash lozimki, oila tushunchasini er-xotin va farzandlardan iborat deb o‘ylash torroq tushuncha bo‘lib qoladi. Sababi muqaddas dinimiz ta’limotida oila kengroq, ya’ni eru-xotin va farzandlardan tashqari ota-ona, aka-ukalarni ham o‘z ichiga oladi. Shu o‘rinda aytish lozimki, oilada keksalarimiz bo‘lishi koni foyda. Chunki ular bizning duogo‘ylarimiz.
Salomatligimiz garovi, rizqimiz kengligi sababchilarimizdir. Ular bor xonadon fayzli bo‘lishi bilan birga dono pand nasihatlaridan hamma birdek manfaat topadi, farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir qiladi. Axloq-odob, dinu-diyonat, Vatanga muhabbat, elu-yurtga sadoqat, diniy, milliy qadriyatlarimizni yoshlarimizning pokiza ongiga singdirishda, albatta, ularning o‘rni beqiyosdir.
Yosh oilalar, eru-xotinlar o‘rtasida bo‘lib turadigan ba’zi bir tushunmovchiliklar, noxushliklarni bartaraf etishda, keksa ota-onalarimiz o‘rni kattadur.
Oilada tinchlik-totuvlikning, mehr-oqibatning o‘zaro izzat-hurmatning o‘rni beqiyosdir.O‘zaro totuvlik, mehr-oqibat bir joyda barakot bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa barakot qochadi. Xalqimiz bejizga “Bir kun janjal bo‘lgan uydan, qirq kun barakot qochadi”, deb aytishmagan. Rivoyat qilinishicha “Ahl-inoq, mehr-oqibatli, serbaraka xonadonni tark etmoqchi bo‘lgan “baraka” odam suratiga kirib ularni sinamoqchi bo‘libdi va o‘sha xonadon sohibiga: “Men shuncha yil sizlarning uylaringda bo‘ldim. Mening sababimdan sizlar to‘q-faravon, hech narsaga zoriqmay yaxshi yashadidlaring. Endi menga ruxsat beringlar, boshqa xonadonlarga ham borayin”, debdi. Bu voqeadan oila ahli xomush bo‘libdilar.
Shunda kichik kelin qaynotasiga qarata sekingina: “Otajon barakaning qolishga iloji yo‘q ekan, mayli ruxsat beraylik. Na iloj, ammo oramizdan mehr-oqibat, o‘zaro muhabbat ketmasin” debdi. Buni samimiy javobini eshitgan baraka esa “Mehr-oqibat bor joyda men ham qolaman. Tinchlik-totuvlik, mehr bor joydan ketolmayman” degan ekan.
Qissadan hissa shulki, oilalarimiz tinch-totuv, farzandlarimiz baxtli, komil insonlar bo‘lsin. Omin.
Kiritilgan vaqti: 14/11/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 8149
Chop etilgan vaqti: 12/12/2024 01:12