O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Oila muqaddas dargoh

 
 

Odamni tuproqdan yaratgan va sokinlik topishi uchun undan o‘z juftini yaratgan hamda ularning nikoh orqali oila qurib yashashlarini iroda qilgan Allohga hamdu sanolar bo‘lsin!

“Nikoh mening sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emasdir”, degan Rasuli Akram Muhammad Mustafoga salovatu salomlar bo‘lsin!

Nikoh tufayli “oila” deb nomlangan muhtasham oshyon quriladi. Unda eru xotin, ulardan dunyoga kelgan o‘g‘il-qizlar, nevara-chevaralar bir-birlari bilan muqaddas aloqa orqali bog‘lanib yashaydilar. Ular orasidagi qarindoshlik aloqalari alohida ma’no kasb etadi. Shunday yo‘l bilan “oila” nomli kichik bir jamiyat paydo bo‘ladi. Ular orqali esa katta va mustahkam jamiyat yuzaga keladi.

Musulmon erkak va ayolning nikohda bo‘lishlarini targ‘ib qilib, Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho‘rilaringizdan solihlarini nikohlab qo‘ying. Agar faqir bo‘lsalar, Alloh ularni O‘z fazlidan boy qilur. Alloh Vose’ va Aliymdir”. (“Nur” surasi, 32-oyat).

Bu oyati karimadan anglashilganidek, musulmonlarni nikohlanishga amr etilmoqda. Va shu bilan birgalikda unda hikmat mujassam. Milliy qadriyatlarimizda ham oila muqaddas sanalgan. Ming afsuski, keyingi vaqtlarda ajrimlar soni ortib boryapti. Achinarlisi, ularning aksariyati arzimas sabablar bilan yuzaga kelmoqda.

Yaqinda bir holatga guvoh bo‘ldik. Bir necha oy avval oila qurgan yoshlar o‘zaro kelisha olmay, janjallashib qolishibdi. Ikkisi ham ajralish tarafdori ekan. O‘rganilganda erning hech qayerda ishlamasligi, oiladagi yetishmovchilik, ayolning beandishaligi bunday holat yuzaga kelishiga asosiy omil bo‘lgani oydinlashdi.

Muqaddas dinimizda er kishi ahli ayolining ta’minoti uchun mas’uldir. O‘zbekchiligimizda ham ahli ayolini iqtisodiy tomondan ta’minlash oriyatga daxldor masala hisoblanadi. Qolaversa, hadisi shariflarda ham bu haqda zikr qilingan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

“Bir dinorni Allohning yo‘lida nafaqa qilding. Bir dinorni qul ozod qilishga nafaqa qilding. Bir dinorni miskinga nafaqa qilding. Bir dinorni ahlingga nafaqa qilding. Eng savobi ulug‘i ahlingga nafaqa qilganingdir”.

Ahmad va Muslim rivoyat qilganlar.

Ushbu hadisdan ahli ayolni nafaqa bilan ta’minlash qanchalik sharafli va savobli ish ekanini bilib olishimiz qiyin emas.

Shu o‘rinda ayol kishining ham ma’lum burch va vazifalarini eslatib o‘tish joiz.

Imom Ahmad Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda aytilishicha:

Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Agar qaysi bir ayol besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, harom yo‘llardan saqlansa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver”, deyiladi”, – degan ekanlar.

E’tibor beraylik. Bu o‘rinda ayol uchun o‘z eriga itoat qilish jannatga kirish uchun muhim omil bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Yana jannat ahlining eng sharaflilaridan sanalishiga asos bo‘lishi ko‘rsatilmoqda. Boshqa bir hadisda esa Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

“Qaysi bir ayol uzrli sababsiz eridan taloq qilishini so‘rasa, unga jannatning hidi ham harom bo‘ladi” dedilar”.

“Sunan” egalari rivoyat qilganlar. Termiziy hasan degan.

Shunday ekan, arzimas sabablar yoki er-xotinning o‘z burch-vazifalarini to‘liq bajarmasligi oqibatida ajralib ketishlari yaxshi ish emas. Qolaversa, hadisda aytilishicha, taloq tushganda Alloh taoloning arshi larzaga kelar ekan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam suyukli qizlari Fotima onamizni hazrati Aliga turmushga bergan vaqtlarida shunday nasihat qilganlar:

“Qizim, o‘zingni hamisha ozoda tut. Robbingni zikr qil va vujudingni suv bilan pokla. Ering senga boqqanda hursand bo‘lsin. Ko‘zlaringga surma qo‘y. Chunki u ayollarga ziynatdir. Boshingga zaytun moyidan surt, chunki zaytun moyi surtgan ayolga shayton yaqinlashmaydi.

Ey, Fotima! Ering senga qaraganda, ko‘zlaringni yumma, toki muhabbating kuchaysin. Ering boshqa tarafga qaragan paytda uning yuziga boq, bu bilan bir oy ro‘za tutganlik savobini olasan.

Ey, Fotima! Ering seni yotoqqa chaqirganda rad etma. Bunday qilsang, Allohning la’natiga qolasan. Yaqinlik paytida quvnoq bo‘l, toki eringning muhabbati ortib, boshqaga ko‘ngil qo‘ymasin.

Ey, Fotima! Eringning kamchiliklarini, aybini birovga aytma, bunday qilsang, Allohning, Payg‘ambarning, farishtalarning va eringning nafratiga uchraysan. Sen uy yumushlarini bajar, ering esa uydan tashqaridagi ishlarni qilsin. Ey qizim, bu o‘gitlarni menga do‘stim Jabroil alayhissalom o‘rgatdi”.

Biz, ota-onalar ham farzandlarimizni uylantirayotganda yoki turmushga uzatayotganda shu kabi o‘gitlarni berishimiz lozim. Bu ham xayrli, sunnat amallardan bo‘ladi, inshaalloh.

Alloh taolo barcha oilalarimizni va ularning barcha a’zolarini baxtiyor bo‘lishlarida O‘zi yordamchi bo‘lsin! O‘sib kelayotgan yoshlarimizni iymonli, e’tiqodli va insofli bo‘lib, shariat ahkomlariga amal qilgan holda baxtli-saodatli hayot kechirishlarini Yaratgan Zot muyassar qilsin.


Kiritilgan vaqti: 07/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3458
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/oila-muqaddas-dargoh
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 22:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing