O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

OGOH BO‘LING ODAMLAR, OGOH BO‘LING!

 
 

Bugungi kunda diniy ekstremistlar tomonidan amalga oshirilayotgan xunrezliklar butun dunyo ahlini tashvish va xavotirga solmoqda. Ular ko‘p yillik tarixni o‘zida aks ettiruvchi madaniy meros abektlari, qadimiy yodgorliklar, masjid va madrasalarini portlatib yuborayaptilar. Qora kuchlar shu yo‘l orqali diniy, ma’naviy qadriyatlarni ildiziga bolta urishga urinmoqda. Shu o‘rinda bir mulohaza, muqaddas islom dinida qabrlar, masjid va madrasalarni toptash va oyoq osti qilish qattiq qoralanadi. Suriyadagi bir qator Yuneskoning butunjahon madaniy meros obektlari ro‘yxatiga kiritilgan yodgorliklar, masjidlarni kulini ko‘kka sovirayotgan bu kimsalarning qora qilmishlari manqurtlikdan boshqa narsa emas. Bunday xunrezliklar, qotilliklar odamlarni xo‘rlash, yosh bolalar va ayollarni o‘ldirish holatlari jahon hamjamiyatining noroziligiga sabab bo‘ldi. Bugungi kunda “islom davlati” terrorchilariga qarshi keskin kurash olib borilayapti. Rossiya federatsiyasi va xalqaro kaaletsiya tomonidan jangarilar egallab olgan punktlar qurol yarog‘ va yoqilg‘i omborlari terrorchilar lagerlari, samolyotlar va raketa zarbalari orqali bombardimon qilinmoqda. Mazkur jarayonda zamonaviy qurol aslahalardan foylanilayotganligi bois “islom davlati” ba’zalariga aniq zarbalar berilayapti.

Bundan tashqari ularga qarshi piyoda qo‘shinlar ham qattiq hujumlar qilib ular qurshab olinmoqda. Tahlika, qo‘rquv va vahimaga tushib qolgan jangarilar qayerga qochishini bilmay jon talvasasida duch kelgan tomonga o‘zini urayapti. Terrorchilardan ozod qilingan hududlarda jangarilar tomonidan ommaviy qirg‘in barotlar, harbiy qotilliklar sodir etilganiga va odamlar vaxshiylarcha o‘ldirilganligiga guvoh bo‘lindi. Ayni paytda ozod etilgan shahar va qishloqlar ko‘chalarida qolib ketgan murdalar kafanlanib ko‘milmoqda.

Ma’lumki, inson faqat tinchlik va xotirjamlikda hayot kechirishni istaydi. Urush, qirg‘inbarotlar bo‘lgan joyda uning oromi buzilib, o‘z joyini tashlab qocha boshlaydi. Suriyada ham xuddi shunday bo‘lmoqda, ming-minglab odamlar o‘z uyini tashlab chiqib ketmoqda. Bu vaziyatdan foydalanishga harakat qilayotgan “islom davlati” gumashtalari qochoq niqobi ostida turli davlatlarga, jumladan: Turkiya orqali Pokiston, Afg‘oniston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonga kirib yashirinishga urinishmoqda.

Sir emaski, bugungi kunda bir necha yuzlab kishilar Rossiya va Qozig‘istonga mehnat qilishga ketgan, buni bejizga eslamadik. Chunki, Suriyadan qochayotgan jangarilar orasida o‘zlarini chet-elga xususan, Rossiya va Qozog‘istonga yoki yevropa mamlakatlariga ishlash uchun ketgandek ko‘rsatib, qaytib kelayoganlar ham bor. Albatta, bu toifa g‘alamislarni aniqlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, mahalla faollarining hushyorligini oshirish talba etiladi. Chunki kim, qachon, qayerga ketganligini aynan mahalladagilar yaxshi bilishadi. Shuning uchun ham siz bilan biz, yonma-yon bo‘lib yashayotgan qo‘shni ekanmiz, bir-birimizning yurish-turishimizdan ogoh bo‘laylik. Mahallaga kirib chiqayotgan, bir yil, ikki yillab ko‘rinmay qolgan, ma’lum muddatdan so‘ng yana paydo bo‘ladigan odamlarni e’tibordan chetda qoldirmasligimiz zarur.

Bugun hayotning o‘zi hushyorlik va sinchkovlikni taqozo etmoqda, bunga amal qilsakgina har birimiz o‘zimizni, o‘z uyimizni, yaqinlarimizni va mahalla ko‘yimizni asragan bo‘lamiz. Tinchlik bebaho ne’mat ekan, uning har bir tongi va kunini, har daqiqa-yu soniyasini barchamiz ko‘z qorachig‘idek asrashimiz, bu yo‘lda o‘zimizning bor kuch-g‘ayratimizni ayamasligimiz lozim. Yurtimizda hukm surayotgan tinch va osuda hayot tufayli bugun barcha sohalarda yutuq va muvoffaqiyatlar qo‘lga kiritilmoqda. Diyorimizning eng chekka qishloqlarida olib borilayotgan qurilish va bunyodkorlik ishlari tufayli hududlarimiz obod va ko‘rkam maskanlarga aylanmoqda. Odamlarning turmush farovonligi yildan-yilga yuksalib bormoqda. Shunday ekan har birimiz tinchlik o‘z-o‘zidan bo‘lmasligini, uning zamirida qanchadan-qancha insonlarning mashaqqatli mehnati yotganligini anglashimiz, uning barqarorligini ta’minlashda har birimiz hissa qo‘shishimiz shart. Tinch va osoyishta hayotimizga ko‘z tegmasin. Ogoh bo‘ling odamlar, ogoh bo‘ling.

Zayniddin ESHONQULOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 20/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2741
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ogoh-boling-odamlar-ogoh-boling
Chop etilgan vaqti: 28/09/2021 22:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing