NIYAT XOLIS BO‘LSIN
Alloh taola insoniyatga behisob ne’matlar berib qo‘ygan. Bu borada Nahl surasining 18-oyatida, “Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz...” - deb marhamat qilingan. Shunday ekan, toki tirik ekanmiz, bizlarga berilgan ne’matlarning shukronasini qilib yashashimiz kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan” - deb aytganlar. (Imom Termiziy rivoyati) Shunday ekan har birimiz bugunlik kunda bizlarga berilgan tinchlik va xotirjamlik, sog‘lik va salomatlik ne’matlariga behisob shukrlar qilib, xolis niyatlar bilan kelajakka intilib yashashimiz zarurdir. Rasululloh (s.a.v.): “Kim niyatini to‘g‘ri qilsa, Alloh taola uning amalini ham to‘g‘rilab qo‘yadi”, - deganlar (Imom Molik rivoyati). Haqiqatdan ham har bir inson biron ish qilmoqchi bo‘lsa avvalo niyat qilib, qalbida rejalashtirgan holda uni hayotiga tadbiq qiladi. Qalb inson a’zolarining boshqaruvchisi bo‘lsa, niyat qalb podshohidir. Qalbimiz podshohi yaxshilikka bo‘ysinsa yuzimiz nurli, amalimiz savoblardan iborat bo‘ladi. Sufyon Savriy (r.h.) o‘tgan solihlar haqida fikr bildirib: “Sizlar amal qilishni o‘rgansalaringiz, salaflar biror amal qilishdan oldin unga niyat qilishni o‘rganar edilar”-deganlar. Bu dunyo insonlar uchun imkoniyat maydonidir. Berilgan imkoniyatdan o‘z vaqtida foydalanmagan odam xazinaga kirib bir chaqa olmay chiqqan kishilardek savoblardan quruq qolib ketaveradi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida: “Mo‘min kishining niyati amalidan ko‘ra yaxshiroqdir” - deb marhamat qilganlar. Rivoyatlarda keltirilishicha, Bani Isroildan bir kishi katta qumtepalik yonidan o‘tar ekan hayolida "agar shu qumlar yegulik bo‘lganida edi, ularning barini faqirlarga ulashib chiqardim" deb o‘y qildi. Alloh taolo o‘sha davr payg‘ambariga "falonchiga u ko‘rgan qumtepalikdagi qumlarning adadicha taom tarqatgan savobi berildi" deb vayih qildi. Zero, Alloh taolo inson qalbida kechadigan niyatlarni shak-shubhasiz bilib turuvchi zotdir.
Shu o‘rinda keling bir yaxshi niyat qilaylik: Kundan-kunga gullab yashnayotgan yurtimizga ko‘z tegmasin.Tinchligimiz barqaror bo‘lsin. Shu tinchlik soyasida bir ota bir onaning farzandlaridek inoq-ittifoq bo‘lib yashaylik. Farzandlar iqbolini ko‘rish har birimizga nasib etsin. Qalblarimizdan o‘tayotgan har bir niyatlarimiz jannat yo‘llariga payondoz bo‘lsin.
Kiritilgan vaqti: 07/05/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3973
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 11:58