O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

NE’MATLARNI QADRLASH SAODAT KALITIDIR

 
 

Butun insoniyat tarixi, xalqimizning necha meng yillik o‘tmishi achchiq saboq va xulosalar asosida bir haqiqatni isbotlab bermoqda. Ya’ni, biz barqaror taraqqiyot va farovon hayotga erishish yo‘lida o‘z olidimizga qanday reja va dasturlarni qo‘ymaylik, barcha olijanob orzu intilishlarni amalga oshirishning yagona sharti va garovi bu tinchlik va asoyishtalikdir. I.A.Karimov

Bugungi kunda eng oliy ne’mat bu - tinchlik ne’matidir. Shuni ta’kidlash kerakki, Alloh insonni mukarram qilib yaratib, unga sanoqsiz ne’matlarni, tuganmas yaxshiliklarni ato qildi, bu ne’mat va yaxshiliklari bilan uni boshqa yaratilganlardan afzal qildi. Agar bandalar shukr qilsalar, ularga ne’matlarini ziyod qilishini va’da qildi va itoat qilsalar bu ne’matlar davomiyligi va boqiyligining kafolatini berdi. Alloh taoloning bandalariga bergan hadya va in’omlari biz uchun ko‘rinib turgan ochiq va zohiriy yoki biz ko‘ra olmaydigan botiniy va yashirindir.

Ma’lumki, insoniyat hayoti davomida turli mafkura va maslaklar o‘rtasidagi ziddiyat va qarama-qarshiliklarni boshidan kechirgan. Buning oqibatida o‘zaro kelishmovchiliklar, notinchliklar yuzaga kelib turgan. Tarixga nazar tashlansa, hamma davrda ham davlatning rivojlanishi, taraqqiy topishi jamiyatning farovon va osoyishta hayot kechirishiga bog‘liq. Shuning uchun ham Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislarining birida tinchlik-xotirjamlik eng ulug‘ ne’mat ekanligini ta’kidlab shunday deganlar: “Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. U – xotirjamlik va sihat-salomatlik”. (Imom Buxoriy va Imom Termiziylar rivoyati).

Demak, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ilohiy ne’matlaridan biridir. Qolaversa, barcha ezgu ishlar ro‘yobga chiqishining boisi ham osoyishtalikdir. Shunday ekan, insonlar nafaqat mavjud tinchlikni qadriga yetib, shukrini ado etishlari balki, unga noshukrlik qilib putur yetkazishdan ham saqlanishlari lozim.

Alloh taoloning Odam bolasiga ko‘rsatgan eng avvalgi ikromi bu uni go‘zal xilqatda, a’zolarini mutanosiblikda va chiroyli ko‘rinishda yaratgani, unga halol va haromni, yaxshi va yomonni, hidoyat va zalolatni, foyda va zararni o‘rgatgani, buning uchun ko‘z, quloq va aql bilan fazl ko‘rsatganidir. Alloh taolo O‘zining Kalomi sharifida “Alloh sizlarga mashaqqat qilmoqni istamaydi, balki sizlarni poklashni va shukr qilishlaringiz uchun sizlarga o‘z ne’matini komil qilib berishni istaydi” (Moida,7) deb marhamat qiladi.

Mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalik eng ulug‘ ne’matdir. Bu ne’matni ham boshqa ne’matlar qatorida qadriga etib, uni tinchligini saqlab, tashqi tahdidlardan himoya qilmoq zarur. Xotirjam bo‘lib, ogohlikni yo‘qotish mutlaqo mumkin emas. Uni asrab-avaylash, himoya qilish faqat muayyan sohalar xodimlarining vazifasi bo‘libgina qolmasdan, bu yo‘lda barchamiz yanada jips bo‘lib, hamjihatlikda harakat qilishimiz kerak. O‘z uyingni o‘zing asra, deganlaridek, barchasi uchun o‘zimiz mas’uldirmiz. Zero, tinchlik uchun doimo kurashish kerak, uni hech kim yaratib bermaydi. Tinchlik qaror topgan yurtda xotirjamlik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, oqibatda, jamiyatda har tomonlama yuksalish va rivojlanish ro‘y beradi. Demak, dunyoda hayotning bir maromda davom etishi uchun va Haq taolo buyurgan ishlarini mukammal va xotirjam ado etish uchun tinchlik va osoyishtalik lozim. Yaratgan Zot Qur’oni Karimda ana shu tinchlikni saqlash va qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, Islom dini tinchlikka targ‘ib qilishini, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslik lozimligini ta’kidlab o‘tadi.

Islom dinida shukr qilish va minnatdorchilik bildirish axloqiy fazilat sifatida ko‘p ta’kidlangan masaladir. Shukr qilish ne’matlarning qadriga etish, hamda bu ne’matlarning yaratganiga shukrona va minnatdorchilik bildirish ma’nosidadir. Barcha ne’matlar Alloh taolo tomonidan bandalariga ato etilgan, demak haqiqiy shukr va minnatdorchilikni U zotga o‘z vaqtida bildirish kerak. Har qanday holatda ham sabr va shukr qilish iymonli insonning fazilatidir.

Sabr qilish mo‘min-musulmonning qiyinchiliklarga qarshi ko‘rashish va shukr qilish esa mo‘min-musulmonning ne’matlarga nisbatan bo‘lgan munosibatining nishonasidir. Shukr qilish va minnatdorchilik bildirish har bir insonning vijdon va axloqiy vazifalaridan hisoblanadi.

Barcha ilohiy dinlarda ne’matlarni qadrlash va ulardan eng yaxshi shaklda foydalanish masalalariga katta ahamiyat berilgan. Shuningdek, Qur’oni Karimda ham shukr qilish va minnatdorchilik bildirish masalalari haqida ko‘p oyatlar keltirilgan va shukrona qilishni turli ta’bir va so‘zlar bilan ifodalagan. Qur’on insonlardan shuni talab qiladiki ne’matlarning qadriga yetsinlar va ularni yaratganga shukrona qilsinlar. Chunki Allohning ne’matlariga shukr qilish inson va jamiyat istiqboliga ijobiy ta’sir qiladi. Shukr qilish boshqa axloqiy xislatlar kabi dunyo va oxiratda ijobiy natijaga egadir. Shukronalikni dunyodagi samarasi berilgan ne’matlarni bardavomiyligi va uning barokatligi bo‘lsa, oxiratdagi samarasi esa illohiy mukofotlarga sazavor bo‘lishdir.

Alloh Qur’oni Karimda shunday marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar, sizlarga rizq qilib berganimiz – pokiza narsalardan yenglar va agar Allohning o‘zigagina ibodat qilguvchi bo‘lsangizlar, U zotga shukr qilingiz!”.( Baqara surasi,172-oyat)

Hamda Oli Imron surasida ham “Kim oxirat savobini istasa, unga istagan narsasini berurmiz. Va shukr qilguvchilarni munosib mukofotlaymiz”, deyiladi.

Shak-shubhasiz Alloh taolo bizlarga ato etgan ne’matlar evaziga bizning shukrona qilishimizga ehtiyoj sezmaydi. Ammo bu berilgan ne’matlar bilan mag‘rurlanib boylikka ruju’ qilib, noo‘rin joylarga sarf etilsa bu kufrona ne’mat bo‘ladi.

Alloh taoloning ne’matlaridan to‘g‘ri foydalanishga, ularni isrof etmaslikka, yaxshilik yo‘lida ishlatib yomonlikka ishlatmaslikka buyurgan.

Imom Ja’far Sodiq alayhissalom ushbu shukrona qilish marhalasi haqida shunday marhamat qiladi: “Harom amallardan o‘zoqlashish yoki qo‘l tortish Alloh taoloning ne’matlariga shukrona qilishdir”.

Alloh taolo insonga o‘zi istagan barcha narsalarni mukammal qilib berdi. Jumladan hech kim yaratishga qodir bo‘lmagan tanadagi barcha a’zolar va aql, fikrlash, ko‘rish, hidlash, so‘zlash qudratini ato etgan. Insonni yaxshi yashashi va rohat-farog‘at hamda xotirjamlikda hayot kechirishi uchun xizmat qiladigan hamma narsalar bu-ne’matdir. Bu Alloh taolo tomonidan ato etilgan ne’matlar bo‘lib, ushbu zotning azamati va buyukligini mushohida qilib, berilgan barcha yaxshi narsalarni qadriga yetib, shukr qilib, hayotda to‘g‘ri yo‘lni topib olib kamolotga yetish uchun harakat qilaylik. Zero, ne’matlarni qadrlash saodat kalitidir.


Kiritilgan vaqti: 20/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4386
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/nematlarni-qadrlash-saodat-kalitidir
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 20:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing