O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

NAVOIYGA ATALGAN FORSIY TAFSIR

 
 

Hazrat Alisher Navoiy nafaqat beqiyos iste’dodli shoir, taqvodor mutasavvuf, adolatli davlat arbobi, balki ko‘plab olimlar, adiblar, tolibi ilmlarga ham moddiy ham ma’naviy yordam berib, ularni mashhur asarlar bitishga undashga sababchi bo‘lgan sahovatpesha olijanob inson ham edi. O‘sha davrlarda yozilgan ko‘plab asarlarda bu haqda ta’kidlangan. Shunday mashhur asarlardan biri Husayn Voiz Koshifiy qalimiga mansub fors tilidagi “Qur’on” tafsiridir. Kamoliddin Husay Voiz Koshifiy asli Xurosonning Sabzavor shahridan bo‘lib, sulton Husay Boyqaro davlatida katta obro‘-e’tiborga ega yirik olim edi. U ilmning ko‘p sohalarida mukammallik asb etgan. Hirot madrasalarida dars berar, jome masjidlarda ma’vizalar o‘qirdi. Uning voiz nomini olishiga ham shu ma’ruzalarida Qur’on oyatlari va payg‘ambar hadislaridan mohirona foydalangani va fasohat, balog‘atga yo‘g‘rilgan ta’sirchan nutqi sabab bo‘lgan. Alisher Navoiy “Majolisu-n-nafois” asarida Husay Voiz Koshifiyning qomusiy olim ekani, har sohada ajoyib kitoblar tasnif qilgani haqida xabar berib, “Oz fan bo‘lgayki daxli bo‘lmagan”, deb ta’riflaydi.

Foiz Koshifiyning o‘g‘li Faxruddin Ali Safiy ham o‘z davrining yetuk olimlaridan bo‘lib, bir qancha asarlar yozib qoldirgan. Xo‘ja Ahrori Vali hayoti va Naqshbandiya tariqatiga bag‘ishlangan “Rashaxotu aynul hayot” (“Hayot bo‘log‘idan tomchilar”) asari ham uning qalamiga mansub.

Voiz Koshifiyning ushbu forsiy tafsirlari keyingi davrlarda “Tafsiriy Husayniy” nomi bilan mashhur bo‘lgan ko‘rinadi. O‘sha davrda yozilgan asarlarda u “Javohiru-t-tafsir li tuhfatil amir” (“Amirga tuhfa qilingan tafsir javohirlari”) nomi bilan ataladi. Lekin asar debochasida va xotimasida muallif uni “Mahoibi aliyya”, (“Aliyga hadiyya”) beb nomlaydi. Muallif ta’kidlaganlaridek va boshqa bir qancha asarlarda xabar berilganidek ushbu tafsir ulug‘ amir Alisherning taklifi va homiyligida yozilgan va unga bag‘ishlangan.

“Mahobi Aliya”ning qo‘lyozma va toshbosma nusxalari keng tarqalgan. Sharqshunos S.Lutfullayevning yozishicha, qo‘lyozma nusxalarning aksariyati ancha qadimiy, temuriylar davriga to‘g‘ri keladi. Hatto muallifning o‘zi tomonidan ko‘chirilgn nusxasi ham bizgacha yetib kelgan va O‘z.R. FA Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar fondida 2181 raqam ostida saqlanmoqda. Adabiyotshunos Sh.Sirojiddinov ushbu asarning XVII asrda ko‘chirilgan qo‘lyozma nusxasi SamDU qo‘lyozmalar fondida mavjud ekanligidan xabar beradi. Toshbosma nusxalari esa XIX asrda Hindistonda chop etilgan.

Forsiy tafsirshunoslik tarixida Abdurahmon Jomiy, Xoja Ya’qubiy Jarxiylar ham Qur’onning ba’zi juzlarini tafsir qilib, kitoblar yozganligi ma’lum. Lekin Voiz Koshifiy asari Qur’onning barcha suralari tafsirini o‘z ichiga olgan va sharhlar to‘liqroq, mukammalroq ekanligi bilan e’tiborga ega. Shu sababli ham bu asar besh asrdan buyon barcha forsiyzabon musulmonlar, tolibi ilmlar, tadqiqotchilar uchun muhim ilmiy, islomiy manba bo‘lib xizmat qilib kelmoqda.

Bulardan shunday xulosa chiqarish mumkinki, Alisher Navoiy hayoti va ilmiy merosini o‘rganishda unga zamondosh va u bilan yaqin aloqada bo‘lgan adib va olimlarning ijodini o‘rganish muhim ahamiyatga egadir.


Kiritilgan vaqti: 09/02/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2552
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/navoiyga-atalgan-forsiy-tafsir
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:46
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing