Namozdan keyingi tasbehlar
Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «(Namoz) ortidan keluvchilarni aytuvchilar yoki qiluvchilar noumid bo‘lmaslar. Har bir namoz ortidan o‘ttiz uchta tasbih, o‘ttiz uchta hamd va o‘ttiz to‘rtta takbir», dedilar». Muslim va Termiziy rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisda zikr qilingan har bir namoz ortidan o‘ttiz uch marta «Subhanalloh», o‘ttiz uch marta «Alhamdu lillah», o‘ttiz to‘rt marta «Allohu akbar»ni zikr qilish, keyingi rivoyatlarda keladigan zikrlar ila uyg‘unlashib tatbiqqa kirgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Muhojir faqirlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Ko‘p molli kishilar darajotlarni va doimiy ne’matni olib ketdilar», deyishdi. U zot: «U nadir?» dedilar. Ular: «Biz namoz o‘qiganimizdek, namoz o‘qirlar. Biz ro‘za tutganimizdek, ro‘za tutirlar. Ular sadaqa qilurlar. Biz sadaqa qila olmasmiz. Ular qul ozod qilurlar, biz ozod qila olmasmiz», dedilar.
Bas, U zot: «Sizni o‘zingizdan oldingilarga yetib olishingiz, o‘zingizdan keyingilardan o‘tib ketishingizga sabab bo‘ladigan, sizdan hech kim afzal bo‘lmaydigan, faqat siz qilganni qilsagina bo‘ladigan narsaga dalolat qilaymi?» dedilar. Ular: «Ha, ey, Allohning Rasuli», deyishdi. U zot: «Har namozdan keyin o‘ttiz uch marta tasbih, takbir va hamd aytasiz», dedilar. Abu Solih: «Muhojir faqirlar yana Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga qaytib kelib: «Ahli mol birodarlarimiz biz qilgan narsani eshitib qolib, o‘shanga o‘xshash ishni qildilar», deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ul Allohning fazlidir, xohlagan kishisiga berur», dedilar». To‘rtovlari rivoyat qilishgan.
Sharh: Ushbu hadisda musulmonlarning birinchi avlodiga xos bir faziylat ustida so‘z ketmoqda. U ham bo‘lsa, savob ish qilishda bir-biridan o‘tishga bo‘lgan harakat va unga erishish yo‘llarini izlashdir.
Faqir-miskinliklari tufayli boy-badavlatlarga o‘xshab sadaqa qila olmay, qul ozod qila olmay yurgan muhojir sahobalar qandoq qilib ko‘proq ajru savobga ega bo‘lishlari mumkinligini so‘rab kelishdi. Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam ularni namozdan keyin zikr qilishga irshod qildilar.
Kiritilgan vaqti: 11/04/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 5732
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 17:40