O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Musulmonning hayoti, izzat obro‘si va moli Ollohning himoyasidadir.

 
 

Dar haqiqat har bir inson baxtli hayot kechirishi uchun uning joni, sha’ni va molu davlati muhofaza etilishi lozim. Muqaddas islom dinida aynan anashu masalada yetarlicha asoslar mavjud. Keling birgalashib shu asoslarning ba’zilarini ko‘rib chiqamiz.

Eng avval Qur’oni karimga murojaat qiladigan bo‘lsak, Olloh taolo Niso surasining 92 oyatida shunday deb ogohlantirgan.

وَمَا كَانَ لِمُؤْمِنٍ أَنْ يَقْتُلَ مُؤْمِنًا إِلَّا خَطَأً وَمَنْ قَتَلَ مُؤْمِنًا خَطَأً فَتَحْرِيرُ رَقَبَةٍ مُؤْمِنَةٍ وَدِيَةٌ مُسَلَّمَةٌ إِلَى أَهْلِهِ إِلَّا أَنْ يَصَّدَّقُوا فَإِنْ كَانَ مِنْ قَوْمٍ عَدُوٍّ لَكُمْ وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَتَحْرِيرُ رَقَبَةٍ مُؤْمِنَةٍ وَإِنْ كَانَ مِنْ قَوْمٍ بَيْنَكُمْ وَبَيْنَهُمْ مِيثَاقٌ فَدِيَةٌ مُسَلَّمَةٌ إِلَى أَهْلِهِ وَتَحْرِيرُ رَقَبَةٍ مُؤْمِنَةٍ فَمَنْ لَمْ يَجِدْ فَصِيَامُ شَهْرَيْنِ مُتَتَابِعَيْنِ تَوْبَةً مِنَ اللَّهِ وَكَانَ اللَّهُ عَلِيمًا حَكِيمًا

Mo‘min (ikkinchi bir) mo‘minni faqat yanglishibgina o‘ldirib qo‘yishi mumkin. Kimda-kim mo‘minni yanglishib o‘ldirgan bo‘lsa, (uning zimmasiga) bir mo‘min qulni ozod qilish va u (marhum)ning oilasiga – agar kechib yubormasalar – xun to‘lash (farzdir). Agar (marhum) sizning dushmaningiz qavmidan bo‘lib, o‘zi mo‘min bo‘lsa, bir mo‘min qulni ozod qilish (buyuriladi). Agar u sizlar bilan ular o‘rtasida sulh (tuzilgan) qavmdan bo‘lsa, uning oilasiga xun to‘lash va bir mo‘min qulni ozod qilish (buyuriladi). Kimda-kim (qul) topmasa, ikki oy muttasil ro‘za tutish (bilan kifoyalanadi). Bu Alloh tomonidan kechirim o‘rnidadir. Alloh bilim va hikmat egasidir.

Bir mo‘min boshqa mo‘minni o‘ldirishi mumkin emas. Biroq, o‘zi bilmagan va istamagan holda o‘ldirib qo‘yishi esa bundan mustasno. Misol uchun bir mo‘min kishi ovga chiqib, hayvonni mo‘ljallab o‘q uzdida, uzgan o‘qi bilan, yana ta’kidlaymiz, o‘zi hohlamagan holda, boshqa bir mo‘minni o‘ldirib qo‘ydi. Ushbu noxush holatdan pushaymon, ich ichidan tavba qilib nadomatlar chekmoqda, endi nima bo‘ladi?

Ana shunday holatda unga Alloh taoloning yuqoridagi oyati asosida jarima belgilanadi. Ya’ni bir mo‘min qulni ozod qilish bilan bir qatorda xun ham to‘lash kerak. Biroq, hozirgi zamonda qulchilik yo‘q, uning o‘rniga xun to‘lash bilan birga ikki oy muttasil ro‘za tutadi. Muttasil deganda bir kun tutib, ikkinchi kun tutmay emas, balki 60 kun uzluksiz tutish bir qul ozod qilganning o‘rniga o‘tadi. Bu bilan Allohning kechirimiga sazovor bo‘ladi.

Oyatdan hanafiy mazhabida musulmonlar diyorida yashayotgan g‘ayridinlar, ya’ni zimmiylar bilan musulmonlar diyasi (xuni) o‘rtasida farq yo‘qligi to‘g‘risidagi hukmni olganlar.

Diya – o‘ldirilgan kishining qarindoshlariga o‘ldirgan tomonning jon barobariga to‘laydigan xun haqidir.

Bitta o‘ldirilgan hur kishining xuni hanafiy mazhabi bo‘yicha 100 ta tuya yoki 200 ta qoramol yoki ming dinor tilla yoxud o‘n ming dirham kumushdir.

O‘ldirib qo‘ygan odam xun haqqini to‘lashga qurbi yetmasa, barcha qarindosh urig‘ining yordami bilan to‘lashi lozim bo‘ladi.

Islom dinida insonning hayoti anashunday himoya qilingan.

Endi ikkinchi masala ya’ni, qasddan birovning joniga tajovvuz qilish. Bu borada Islom dinida nima deyilgan”? bunga oydinlik kiritish uchuni yana Allohning kalomiga murojaat qilamiz.

وَمَنْ يَقْتُلْ مُؤْمِنًا مُتَعَمِّدًا فَجَزَاؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِدًا فِيهَا وَغَضِبَ اللَّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَابًا عَظِيمًا

Kimda-kim qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh g‘azab qilgay, la’natlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qo‘ygay*.

Oyatda nohaq qatl qilishni halol degan e’tiqodda qotillik qilgan kishi to‘g‘risidagi hukm bayon etilmoqda. Hadisi sharifda ham: “Qiyomat kuni birinchi savol nohaq to‘kilgan qon to‘g‘risida bo‘lur”, deb ta’kidlangan.

Demak, mazkur oyat va hadisdan ma’lum bo‘lishicha, qasddan bir mo‘minni o‘ldirgan odamning endi ikki oy paydarpay ro‘za tutish va ikki yuz bosh qora mol berib, xun haqqini to‘lash bilan ham gunohi yuvilmaydi, uning boradigan joyi do‘zax hamda unda abadiy qolish bo‘ladi. Shuningdek, u Allohning g‘azabiga va la’natiga uchragan holda olamlar Robbisi tayyorlab qo‘ygan ulkan azobga duchor bo‘lib, undan qutilish uchun boshqa hech qanday najot yo‘lini topolmaydi.

Bugun dunyoning turli burchaklarida dinni niqob qilib va Alloh taoloning nomi bilan odamlarni o‘ldirayotganlarni qanday tushunish mumkin?

Yuqoridagi oyatlar kabi ochiq Ilohiy ta’limot bir yonda qolib kimlarningdir shaxsiy tor tushunchalari uchun kurashish, shu yo‘lda o‘ziga qarshi chiqqanlarni ko‘r-ko‘rona dushman e’lon qilish, bu yo‘lda diniy shiorlardan foydalanish va aslida esa ilohiy dinga emas, balki shaxsiy fikrlarga boshqalarni kuch bilan majburlash kabi ishlarni qilayotganlar, qilmishlarining oqibati halok qiluvchi va ulkan gunohlar bo‘lishi, uning qanchalik yomon ekanini naxotki tushunmasalar.

Islom a’mri ma’ruf va nahiy munkar qilishga chaqiradi, majburlash va zo‘rlashdan esa qaytaradi. Kuch yoki shavfqatsizlik bilan emas, balki aynan yaxshilik va yuqori darajadagi axloq Islom dinini butun dunyoga yoyilishiga sabab bo‘lgan.

Muhtaram o‘quvchini malollantirmaslik maqsadida kishining sha’ni va molu davlati muhofaza borasidagi mulohazalarimizni maqolaning keyingi qismlarida davom ettiramiz.


Kiritilgan vaqti: 28/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3219
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/musulmonning-hayoti-izzat-obrosi-va-moli-ollohning-himoyasidadir
Chop etilgan vaqti: 29/07/2021 13:27
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing