Mustaqillik bayrami muborak bo‘lsin!
Istiqlol, mustaqillik - bir millat o‘z huquqiga ega bo‘lib, hur-ozod va o‘z bilganidek baxtli hayot kechirishi, kabi ko‘p ma'nolarni o‘ziga olgan, insoniyat uchun muhim omildir. Ha aziz Vatandoshlar! Biz mana 28 yildirki shu baxtga Yaratganning irodasi va xalqimizning shukri evaziga ega bo‘lib turibmiz. Bu Parvardigorning bizga bergan ulug‘ ne'mati.
Bu ne'matni barchamiz qadriga yetib, shukrini qilishimiz zarur. Zero, Alloh taoloning: “Agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman" (Ibrohim, 7) degan va'dasi bor. Payg‘ambar alayhissalom hadislarida: "Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik ozuqasi bo‘lsa, bilsinki unga dunyodagi barcha ne'matlar mujassam ekan" – dedilar (Termiziy rivoyati).
Bir vaqtlar o‘z dinimizga e'tiqod qilib, dinimiz ko‘rsatmalariga amal qilishga haqqimiz yo‘q edi. Ona tilimiz ikkinchi darajali edi. Mana, mustaqillik sharofati ila dinimizga, tilimizga yana ega bo‘ldik. "Tilga e'tibor - elga e'tibor" deydi dono xalqimiz. Bir voqea hech esimdan chiqmaydi. Onam tarix va geografiya fani o‘qituvchisi bo‘lganlar. Muqaddas dinimiz va mas'habimizni mahkam ushlar edilar. Esimni tanibmanki, kechalari bedor bo‘lib, ibodat va zikr qilardilar. Qachon ko‘rsam yig‘lab, duoda bo‘lardilar (Alloh rahmatiga olsin). 80 - yillar oxirida keksayib qoldilar. Bir kun uyga kelsam hayotda televizorga qaramaydigan otam ko‘zlarida yosh, bo‘lg‘usi birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning nutqini tikilib ko‘rib turibdilar. Shunda menga qarab: "Yaqin kunlarda yurtimizda hayot tarzi o‘zgaradi, ajoyib zamon keladi. Bu insonning gaplari samimiy, yurakdan gapiryapti" deb menga quvonch bilan tushuntira ketdilar. Xuddi otam aytganlaridek bo‘lib, tez yillarda mustaqillikka erishdik. Bu kunlarga, bo‘lib o‘tgan tarixiy voqealarga siz-u biz barchamiz guvohmiz. Ta'rifga hojat yo‘q: bunyod etilgan inshootlar, shahar - qishloqlarimizning obodligi, xalqimizga berilgan erkinliklar, sharoitlar, farovon hayot uchun Alloh taologa shukrlar bo‘lsin! Mustaqilligimiz bardavom bo‘lsin, aziz vatandoshlar!!!
Sh.Munavarov - Urgut tuman "Atoulloxon" jome masjidi imom noibi
Kiritilgan vaqti: 30/08/2019 10:58; Ko‘rilganligi: 3841
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 12:40