O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Аёллар бўлими

Vatanga muhabbatli bo‘laylik!

 
 

Ma'lumki, insonga berilgan eng bebaho ne'matlardan biri – o‘z Vatanida yashashdir. Chunki Vatan – uning kindik qoni to‘kilgan, beg‘ubor go‘daklik chog‘lari o‘tgan, ilk qadamlarini qo‘ygan, yoshlik, keksalik davrlarini suradigan, xotiralari muhrlangan, ota-bobolarining yurti, farzandu nabiralari ulg‘ayadigan zamindir.

Shuning uchun har bir inson Vatanni sevishi va unga muhabbat qo‘yishi, ya'ni vatanparvar bo‘lishi lozimdir. Vatanparvarlik ota-bobolardan qolgan zaminni sevish, xalqning urf-odatlarini, qadriyatlarini asrash va rivojlantirish, o‘z ona vatanini dushmanlardan, yot-g‘oyalardan himoya qilish, uning ozodligi va mustaqilligi uchun jonini ham ayamaslikni anglatadi.

Muqaddas Islom dinida Vatanga muhabbat – bu tug‘ilib o‘sgan yurtiga nisbatan e'zozdan iboratdir. Musulmon kishi Vatanini sevadi, uning istiqboli uchun harakat qiladi, himoya qiladi, xursand bo‘lsa – xursand, xafalik yetsa – qayg‘uradi. Shuning uchun ham kishi o‘z yurtidan uzoqlashganda uni qo‘msaydi va sog‘inadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Makkai mukarrama mushriklarining zulmlari haddan oshib jonlariga qasd qilish darajasiga yetganlaridan keyin, Allohning buyrug‘i bilan u yerdan chiqib keta turib, Makkaga yuzlanib shunday dedilar: (Ey Makka) sendan ko‘ra menga sevimliroq va suyukliroq shahar yo‘q! Agar qavmim meni sendan chiqarmaganida, aslo sendan boshqa joyni makon tutmasdim” (Imom Termiziy rivoyati).

Muqaddas dinimiz ta'limotiga ko‘ra har bir insonning o‘z Vatani oldida bir necha vazifalari bordirki, bular Vatani haqiga duo qilish, Vatan obodligi uchun munosib hissa qo‘shish, Vatanda fasod va buzg‘unchilik ishlari bilan mashg‘ul bo‘lmaslikdir. Shuningdek, Islom ta'limotida Vatanga xiyonat qattiq qoralanadi. Hadisi sharifda: “Ibn Umar roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: “Men Rasululloh alayhissalomning: “Qiyomat kuni har bir xiyonatkor uchun bu dunyodan qilgan xoinligi uchun sharmisor qiluvchi bayroq o‘rnatib qo‘yiladi”, deb aytganlarini eshitdim” (Imom Buxoriy, 3188-hadis). Demak, ona Vatan hech qachon sotilmaydi va unga hiyonat qilinmaydi.

Abu Amr ibn Alo rahmatullohi alayh: “Kishining vafodorligi uning o‘z Vatani uchun qayg‘urishidan, yaqinlarini sog‘inishidan va umrining zoye ketkazgan lahzalariga o‘kinib yashashidan bilinadi”, deganlar.

Shunday ekan, har birimiz o‘z Vatanimizga bo‘lgan muhabbatimizni yanada oshirib, tinch-osoyishta hayotimizning qadriga yetib, uning obodligi va rivojlanishi yo‘lida halol xizmat qilib, har bir kunimizga shukr qilib, Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qilayotgan shaxslarning haqlariga duolar qilib, farzanlarimizni ajdodlarga munosib vorislar qilib tarbiyalashda g‘ayrat qilishimiz, ibodatlarimizni o‘z vaqtida ado etish bilan mashg‘ul bo‘lishimiz maqsadga muvofiqdir.

 

N. Temirova           Samarqand viloyati bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 21/11/2022 15:58;   Ko‘rilganligi: 322
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/muslima/vatanga-muhabbatli-bolaylik
Chop etilgan vaqti: 26/04/2024 16:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing