O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Muhammad ismidagi xususiyat

 
 

Qozi Muhammad Sulaymon Salmon Mansurpuri rahmatullohi alayh aytadilar:

Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:
مُّحَمَّدٌ رَّسُولُ اللَّهِ
Ya’ni: “Muhammad Allohning Rasulidir” (“Fath” surasi, 29-oyat).

Yuqoridagi oyatda Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ham ismlari, ham vazifalari aytib o‘tilgan. Har ikki jihatdan oyati karima nabaviy xususiyatni bayon qilgan.

Nabiy sollallohu alayhi va sallamning sha’nlari yuksakligini bayon qilishda, muborak ismlari ham o‘zida xos xususiyat tutadi. Ma’lumki, anbiyoi kirom alayhimussalomlarning ichida biror payg‘ambarning ismida ham bunday xususiyat topilmaydi. Namuna tarzida bir necha ismlar quyida zikr qilinadi:

1) Odam alayhissalom ismlarining ma’nosi, bug‘doy rangli deganidir. Bashariyat otasining bu nomi, u kishining jismdagi ranglarini bayon qiladi.

2) Nuh alayhissalom ismlarining ma’nosi, orom deganidir. Otalari u kishini orom va rohatga sabab deb ahd qilganlar.

3) Is’hoq alayhissalom ismlarining ma’nosi, tabassum qiluvchi deganidir. U kishi doimo ochiq chehrali bo‘lganlar.

4) Ya’qub alayhissalom ismlarining ma’nosi, ortdan ergashib keluvchi deganidir. U kishi akalari bilan birga egiz holatda tug‘ilganlar.

5) Muso alayhissalom ismlarining ma’nosi, suvdan chiqarib olingan deganidir. U kishi solingan sandiqcha suvdan chiqarib olinganida, bu ism qo‘yilgan.

6) Yahyo alayhissalom ismlarining ma’nosi, uzoq umr deganidir. Keksa ota-onasining eng go‘zal orzulari tarjimonidir.

7) Iso alayhissalom ismlarining ma’nosi, qizil yuzli deganidir. Yuzlari doimo qip-qizil bo‘lganligi sababli bu ism qo‘yilgan.

Yuqoridagi ismlarga qarasangiz va ma’nolari haqida fikr yuritsangiz, ularda Muhammad ismidagi xususiyat uchramaydi.

Muhammad arab tilida حَمَّدَ o‘zagidan mubolag‘a uchun olingan bo‘lib, o‘ta ko‘p maqtalgan deganidir. Chunki, Nabiy sollallohu alayhi va sallam Alloh taoloning huzurida ham ko‘p maqtalgan Zotdirlar. Muqarrab farishtalar nazdida ham ko‘p maqtalgan Zotdirlar. Barcha payg‘ambarlar nazdida ham ko‘p maqtalgan Zotdirlar. Zamin ahli nazdida ham ko‘p maqtalgan Zotdilar. Hattoki, kufr ahli ham buni tan oladilar.

Ha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam “Maqomi mahmud” sohibidirlar. “Hamd bayrog‘i” aynan Nabiy sollallohu alayhi va sallamning qiyomatdagi bayroqlarining nomidir. Nabiy sollallohu alayhi va sallamning ummatlarining nomi ham aynan shu munosabat ila “حَمَّادُون” (O‘ta ko‘p hamd aytuvchilar)dir.

Abdulqayyum KOMIL tarjimasi


Kiritilgan vaqti: 18/11/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 1695
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/muhammad-ismidagi-xususiyat
Chop etilgan vaqti: 08/10/2024 16:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing