O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оқимлар

ISLOMDA FIRQALANISH YO‘Q.

 
 

   “Albatta, mo‘minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o‘rtasini isloh  qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahm qilinsangiz.”[1]

Din kishilarni hamisha yaxshilikka, ezgu ishlarga chorlagan. Jumladan, ota-bobolarimizning muqaddas e'tiqodi bo‘lgan Islom dini ham yuksak insoniy fazilatlarni shakllanishiga xizmat qilgan. Shu sababli insoniyat sivilizatsiyasiga tamal toshini qo‘ygan din Islom dini hisoblanadi. Islom dini shunday dinki, unda Alloh taoloning roziligi o‘z ifodasini topgan:  “Bugun sizlarga dinigizni komil qildim, ne'matimni benuqson, to‘kis qilib berdim va sizlar uchun Islomni din qildim”.[2]

[1] Hujurot. 10.

[2] Moida, 3

Islom dini sababli turli-tuman va bepoyon musulmon olamida ma'naviy-madaniy hayotga asos solindi. Tarixda inson huquqlari kafolatlangan ilk jamiyat, bu – musulmonlar jamiyati, deb e'tirof etiladi. Bu tarixiy haqiqatdir. Yevropa davlatlarining  inson huquqlari hamda “uyg‘onish davri”ni asoslari islom dini ahkomlarini o‘zlashtirilishi sababli erishilgani ham Yevropaning nufuzli allomalari tomonidan e'tirof etilgan.

“Islom” so‘zining ma'nosi Allohga bo‘ysunish, itoatni bildirib, uning o‘zagi tinchlik, sulh ma'nosidan olingan. Alloh taolo islom aqidasini nozil qilish bilan odamlarga bemisl mehribonchiligini ato qilgan, buyruqlariga bo‘ysunganlarga tinchlik, osoyishtalik va farog‘at ne'matlarini va'da qilgan. Alloh taolo Qur'oni karimda er yuzida yuksak axloq asoslariga rioya qilishga, shaytonning yo‘lidan yurmaslikka - zulm qilmaslikka chaqiradi:

“Ey mo‘minlar, to‘la holdagi Islomga kiringiz! (Ya'ni Islomning ba'zi hukmlariga itoat qilib, ba'zilariga itoat qilmaydigan kimsalardan bo‘lmangiz!) Va shaytonning izidan ergashmanglar! Shubhasiz, u sizlarning ochiq dushmaningizdir”[1].

Qur'oni karim ta'limotiga ko‘ra, musulmon kishi har bir xatti-harakati uchun Parvardigori oldida mas'uldir, u adolatparvarlik va rahm-shafqat ko‘rsatishi, musulmon yoki nomusulmonligidan qat'iy nazar, barcha odamlarga ezgulik olib borishi, ojiz va muhtoj kishilarni asrab-avaylashi va himoya qilishi, boshqalarni “er yuzida buzg‘unchilik”  qilishdan qaytarishi kerak.

Qur'oni karim ta'lim beradiki, har qanday shakldagi zulm va zo‘ravonlik, buzg‘unchilik va firqalarga ajralish Islom aqidasiga tubdan qarama-qarshidir va bironta musulmon ana shunday jinoyatni sodir etishi mumkin emas. Bundan tashqari musulmonlar Parvardigorlari oldida boshqa odamlarni jinoyat sodir qilishdan qaytarishga mas'uldirlar. Har bir iymonli kishining burchi – “er yuzida buzg‘unchilikka” yo‘l qo‘ymaslik, dunyoda farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirish uchun kurashishdan iborat.

Buzg‘unchi g‘oyalar ta'siri ostida yoki ma'lum bir shaxslarning fikrini himoyasi maqsadida Islom va musulmonlar orasiga Islom ta'limotlariga zid buzg‘unchi g‘oyalarni kirib kelishi tarix va hozirda ham musulmonlar boshiga turli musibat va balolar kelishiga sabab bo‘lmoqda. Ana shunday musibatlardan eng xavflisi va dahshatlisi Islom ummati – musulmonlarning fitnalanib, turli firqalarga bo‘linishidir.

         Ma'lumki "Firqa" so‘zi ma'lum bir toifaga nisbatan ishlatilib, firqalanish ko‘pincha imon-e'tiqod, ya'ni aqoid masalalarida bo‘ladi. Boshqa dinlarda bo‘lgani kabi musulmonlar ichida ham firqalar bor. Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam aytganlaridek, islom dinida 73 ta firqaga bo‘linish yuz beradi. Ularning bittasigina to‘g‘ri yo‘lda, qolganlari esa, zalolatda hisoblanadi. Qur'on oyatlari va hadislarda firqaga bo‘linmaslikka buyuradi.

         Islomda dastlab paydo bo‘lgan firqa xorijiylardir. Xorijiylar – ajralib chiqqanlar, ya'ni isyonchilar degan ma'noni anglatadi. U islomdagi ilk diniy-siyosiy oqim hisoblanib, xalifa Ali ibn Abi Tolib va Muoviya tarafdorlari bilan xalifalikda hukmronlik uchun kurash ketayotgan bir davrda vujudga keldi. Ular xalifa diniy jamoa tomonidan saylanadi va unga bo‘ysunadi; har qanday taqvodor musulmon (hatto, qul yoki habash bo‘lsa ham) xalifa  bo‘lib saylanishi mumkin; agar xalifa jamoa manfaatlarini himoya qilmasa vazifasidan bo‘shatiladi va hatto, qatl qilinadi; e'tiqod amaliy faoliyat bilan mustahkamlanishi lozim, deb hisoblaydilar.

 Vaqt o‘tishi bilan Islomda turli xil siyosiy va ijtimoiy maqsadlar natijasi o‘laroq quyidagi firqalar paydo bo‘ldi; Murjiiylar, Mo‘taziliylar, Jabariylar, Jahmiylar, Qadariylar, Mushabbihalar, Ahmadiya, Hizbut tahrir al-islomiy, Tablig‘chilar jamoasi, Akromiylar, Nurchilar, Tavba, Islom uyg‘onish partiyasi va boshqalar.

Holbuki, Alloh taolo insoniyat uchun dasturul-amal sifatida nozil qilgan O‘zining muqaddas kalomi sharifi Qur'oni karimda iymon ahlini-musulmonlarni birdamlik va yakdillikka chaqirib: “Barchangiz Allohning ipini mahkam tuting va bo‘linib ketmang. Va Allohning sizga bergan ne'matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne'mati ila birodar bo‘ldingiz. ...”[2],-deb marhamat qiladi.

Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam: “Allohning qo‘li jamoat ustidadir”, -deb ahli muslimni Alloh taolo firqalarga bo‘linmaslikni buyurib turganda o‘z manfaatlarini din va mazhab himoyasi bilan niqoblab, musulmonlar orasiga fitna hamda jaholat urug‘ini sepishga harakat qilayotganlar Qur'on va hadisning qaysi daliliga suyanib bunday yo‘lni tutmoqdalar. Aslini olganda unday toifadagi kimsalar haqida janob Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam: “Kim jamoatdan ajralsa, u (qiyomatda) do‘zaxga ajratilib, uloqtiriladi”,-deb qat'iy ogohlantirganlar.

 

Yoqubjon MANSUROV, Samarqand shahar “Xo‘ja Is'hoqi Valiy” jome masjidi imom xatibi.

[1] Abdulaziz Mansur, "Qur'oni karim ma'nolari tarjimasi" T., "Sharq", 2004 y, " Baqara " surasi, 205-oyat. 

 [2] Oli Imron 103.

                               


Kiritilgan vaqti: 19/09/2019 14:04;   Ko‘rilganligi: 2480
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/movements/islomda-firqalanish-yoq
Chop etilgan vaqti: 15/10/2024 13:21
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing