O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Mo‘minning mukofot oladigan kuni

 
 

Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinki Ramazon ro‘zasini tugatib, evaziga katta mukofatlar olish arafasida turibmiz. Bu mukofot albatta ro‘zadorlarga Yaratgan Zot tamonidan hayit kuni beriladigan, miqdori O‘zigagina ayon bo‘lgan ulkan mukofotdir. Shuning uchun ham hayit bayramini a’lo kayfiyat va ko‘tarinki ruh bilan o‘tkazish lozim. Hayit kuni duolar ijobat bo‘ladigan, gunohlar kechiriladigan muborak kundir. Bu kunda o‘qiladigan namoz vojib hisoblanadi. Namozgohga borish uchun har bir namozxon uyidan taomlanib chiqishi, misvak va g‘usl qilishi, xushbo‘y atir sepishi, eng yaxshi kiyimlarini kiyishi va namoz vaqtigacha fitr sadaqasini berishi sunnat amallardan hisoblanadi. Bomdod namozidan to hayit namozigacha nafl namozlar o‘qilinmaydi. Hayit kuni ilohiy bayram bo‘lganligi uchun bu kunda fotihaxonlik qilmasdan bayramona kayfiyatda bir birlarimizni qutlab sovg‘a salomlar berib xursandchilik bilan o‘tkazish kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v) bir hadislarida: “Hayit namozi o‘qiladigan kun shayton “Dod” deb yuboradi. Uning lashkarlari “Seni kim yig‘latadigan darajada xafa qildi” deb qayta qayta so‘rasalar ham to‘xtamay yig‘layveradi. Oxiri yig‘idan to‘xtab: “Bir yil harakat qilib, odam bolalarini yo‘ldan urib, ularga turli gunohlarni qildirgan edim, bari kuyib ketdi. Bir oy tutgan ro‘zasi hurmatidan Alloh ularning barcha gunohlarini kechirib yubordi”, - deb javob beradi. Shayton yig‘lab, kuyib xafa bo‘ladigan kunda mo‘min musulmonlar shod bo‘lib xursandchilik qilishlari, ota-onalaridan, qarindosh urug‘laridan, opa-singillaridan, qolaversa kam taminlangan oilalardan xabar olishib xursandchilik ulashishlari lozim. Rasululloh (s.a.v): “Kim bir musulmonning dunyo qayg‘ularidan birini ketkazsa, Alloh uning qiyomat kunidagi qayg‘ularidan birini ketkazadi. Kim dunyoda bir qiynalgan birodarining og‘irini yengil qilsa, Alloh taolo uning qiyomatdagi og‘irini yengil qiladi. Qaysi bir banda boshqa bir bandaga yordam qilsa, Alloh taolo unga ham yordam qiladi”, - deb marxamat qilganlar. (Termiziy rivoyati). Oxiratini o‘ylagan har bir mo‘min kishi imkoni boricha savob talabida muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zishi jannat tomon tashlagan qadamiga tengdir. Ayniqsa hayit kunlari boy va kambag‘allar teng bo‘lib xursandchilik qilsalar, har bir xonadonga bayram shukuhi kirib borsa nur ustiga a’lo nur bo‘ladi. Gap talashib arzimas dunyo matohi uchun arazlashib yurganlar, avvalo hayit hurmatidan tezda yarashib bir birlaridan uzr so‘rashlari kerak. Buyuk Allohimiz bandalarning gunohlarini kechirib turganida biz ojiz bandalar bir birimizning gunohimizdan o‘tmasak noshukurlik emasmi. Albatta mo‘min kechirimli bo‘ladi. Inshaolloh hayit bayramini birgalikda o‘ynab kulib, a’lo darajada o‘tkazamiz. Viloyatimiz xudidida 273 ta jome masjidlarda soat 05:45 daqiqa o‘tganda hayit namozi o‘qilinadi. Namozxonlar uchun masjidlarimizda shart sharoitlar yaratilgan. Alloh taolo barchamizning xanodonlarimizga barokatlarini nozil aylab kelgusi yil ramazon oyiga sog‘ salomat yetishimizni nasib qilsin. Yana bir bor bayramingiz muborak bo‘lsin azizlar.


Kiritilgan vaqti: 05/07/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3471
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/mominning-mukofot-oladigan-kuni
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 19:55
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing