O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ming dirhamlik xurmo qissasi

 
 

Usoma ibn Zayd roziyallohu anhu onani hurmat qilishda barchaga o‘rnak edilar.

Imom Ibn Sa'd rahmatullohi alayhi Muhammad ibn Siriyn roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar:

«Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning davrlarida bir tup xurmoning narxi ming dirhamga yetdi. Usoma roziyallohu anhu o‘zining bir tup xurmosini kesib, uning charvisini (ichidagi mazali mag‘zini) onasiga olib berdi. Odamlar unga:

«Seni bunga nima majbur qildi? Bir tup xurmoning bahosi ming dirhamga chiqqanini o‘zing ko‘rib turibsan-ku?!» dedilar.

«Onam mendan o‘shani so‘radilar. U kishi mendan o‘zim qodir bo‘lgan narsamni so‘rasalar, albatta, beraman», dedi u kishi».

Salafi solihlarimiz shunday bo‘lishgan. Ular ota-onalarining roziligi uchun qo‘llaridan kelgan barcha choralarni ko‘rardilar.

Bizchi?! Biz ham ota-onamizni xursand qilish uchun imkonimiz boricha urinamizmi?!

Ming afsuski, ba'zilar ota-onalarining ko‘nglini ko‘tarishga urinish u yoqda tursin, ota-onalari so‘ragan narsani olib berishga qunt qilmaydilar.

Masalan, onasining dorisi tugab qolgan bo‘lsa, “Bolam, falon dorim tugab qolibdi. Shuni olib kelib bersang” deganda, xo‘p deb olib kelish o‘rniga, “Yaqinda olib bergandim-ku! Darrov ichib bo‘ldingizmi? Bunaqada sizga dori tashiyverib, topganimni hammasi shunga ketar ekan-da” deydiganlar ham yo‘q emas.

Ba'zi o‘g‘illar esa onasi pul so‘raganda “Onajon, ana ukamga ayting. U pul berib tursin. Nima, mening pul zavodim bormi? Ular ham farzand-ku!” deb jerkib beradi.

Musulmon odam ota-onasining roziligini olishga, ularni xursand qilishga, duolarini olishga intilishi kerak-ku!

Unutmaylik! Ota-ona farzandini “oqq qildim” deyishi shartmas. Farzandining biror yomon ishi sababli otaning yoki onaning ko‘ziga yosh kelsa, shuning o‘zi farzandning oqq bo‘lganini anglatadi.

Ota-onasiga oqq bo‘lgan farzandning esa ikki dunyosi kuyadi, ikki dunyoda ham xor bo‘ladi. Alloh asrasin!

Alloh taolo barchamizni ota-onalarimizga yaxshilik qilib, ularning roziliklarini topishimizni nasib etsin. Ota-onalarimizning umrlariga, rizqlariga baraka ato etsin!

Olamlar Robbi barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!

 Manba: Muslim.uz 


Kiritilgan vaqti: 17/01/2020 15:36;   Ko‘rilganligi: 1198
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/ming-dirhamlik-xurmo-qissasi
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 08:51
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing