O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

“MENDAN KEYIN XALIFALIK O‘TTIZ YIL”

 
 

Ma'lumki, Islom dinining ilk davrlarida musulmonlar jamiyatining idora qilinishi payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam boshqaruvlarida bo‘lgan. Ul zot vafotlaridan so‘ng musulmonlar jamiyati xalifalar boshqaruviga o‘tadi. Keyinchalik Islom sarhadlari kengayib xalifalik ham turli hududlarga bo‘linib ketadi va alaloqibat musulmon o‘lkalarida nomi xalifalik, boshqaruv tuzumi esa mulkchilikka, ma'lum bir hududlarga asoslangan podshohliklar vujudga keladi. Ular rasman xalifalik deb nomlansada, aslida davlat boshqaruvi podshohlik tuzumi ko‘rinishida edi. Vaqtlar o‘tishi bilan u davlatlar ham xalifalik deb atalmay, o‘z nomi bilan podshohlik, sultonlik deb yuritila boshlandi. Aslida ham shunday bo‘lishi kerak edi. Chunki, aytib o‘tganimizdek, u davlatlardan faqat xalifalik degan nom qolgan edi xolos.

Har bir tuzum va har bir jamiyatda bo‘lgani kabi keyinchalik bunday davlat boshqaruvlaridan norozi bo‘ladigan ayrim toifalar vujudga keldi. Ularning ba'zilari o‘z noroziliklarini jamiyatda xalifalik boshqaruvini joriy qilish g‘oyasi asosida izhor qila boshladi. Ushbu g‘oya ostida o‘zlarini g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishga urinishlar bo‘ldi. Ular Islom tarixining eng gullab yashnagan davri xalifalik boshqaruvini amalda yana qayta joriy qilish va shu orqali go‘yoki musulmonlarni yagona bir davlatga birlashtirib, qudratli xalifalik davlati tuzish da'volari ostida turli xil fitnali harakatlar, urush va xunrezliklarni amalga oshirdilar. Bu da'vo ostida qanchadan-qancha begunoh insonlar qoni, xususan tinch aholi, bolalar, ayollar, qariyalar qoni to‘kildi, musulmon xalqlari yashaydigan obod o‘lkalar vayron bo‘ldi. Bunga yaqin o‘tmish ham guvoh. Bugungi kunda ham ayrim hollarda shaxsi noma'lum bir guruh kimsalar tomonidan xalifalik boshqaruviga qaytish da'volari va uni sabab qilib jihodga chorlash kabi botil chaqiriqlar internet saytlari, ijtimoiy tarmoqdagi turli sahifalarda ko‘zga tashlanib turadi. Holbuki, xalifalik va u davrga qaytish da'volari ayrim toifalarning hokimiyatni egallash yo‘lidagi asosiy g‘oyaviy quroliga aylanib ulgurgan. Ularning bu da'volariga qarshi chiqqan har qanday kishi, hatto islom dinining zabardast ulamolari ham hech ikkilanmasdan kofirga chiqarilib, imkon topildi deyilganda joniga suiqasd qilinib o‘ldirildi. Holat bu ummatning tinch-totuv hayotiga rahna solish, olimlari, ayollari va hatto bolalarini o‘ldirilish darajasigacha yetib kelgan bo‘lsada, hali hanuz ularning tuzog‘iga tushayotganlar kuzatilmoqda. Mazkur hunrezliklar barchaga yaqqol ma'lum bo‘lib ulgurgan bo‘lsada xalifalik masalasi musulmon xalqlari orasidagi ayrim johil kimsalar uchun hozirgacha bahsli masalalardan biri bo‘lib kelmoqda.

Aslida ularning bu da'volari islom dini aqidalariga, manbalariga nechog‘lik mos keladi? Xalifalik nima, podshohlik nima? Qur'oni karim oyatlarida va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam hadislarida bu kabi da'volarga qanday munosabat bildirilgan? Mazkur savollarga javob topish, asl haqiqatni anglab yetish uchun oyat va hadislarga murojaat qilib, ularni kengroq sharhlab xulosani sizga havola qilishni niyat qildik.

Bundan maqsad shu kabi da'volarni ko‘tarib chiqayotganlar bilan bahslashish emas, balki asl haqiqatni ularga yetkazishdir. Bu boradagi haqqoniy ma'lumotlarni ro‘yobga chiqarish uchun holisona turib asl manbalarga murojaat qilamiz.

“Xalofa, xalifa” – (الخلافة) so‘zi lug‘atda “o‘rinbosar” ma'nosini anglatadi. Qur'oni karimning Baqara[1] va Sod surasida[2] “xalifa” so‘zi zikr qilingan. Ushbu suralardagi oyatlar mazmunidan kelib chiqib, xalifa o‘z nafsini jilovlay olgan, yer yuzida buzg‘unchilikni har qanday ko‘rinishiga va nohaq qon to‘kishga mutlaqo qarshi bo‘lgan kishi deb ta'vil qilish mumkin bo‘ladi. Demak, xalifa avvalo o‘zini taqvodorligi bilan xalq orasida tanilgan, Alloh taoloning roziligi yo‘lida yer yuzini isloh etadigan, adolat va haqiqat bilan hukm yurgizadigan, xalqlar orasida ezgulikni tarqatadigan kishidir.

Amalda esa bu so‘z Muhammad sollallohu alayhi va sallam vafotlaridan so‘ng u zotning o‘rniga din va dunyo ishlarini boshqarish uchun saylangan kishiga nisbatan aytiladi.[3] Xalifalikka saylanish uchun ilmli, adolatli, xalqni himoya qila olishi va dushmanga qarshi tura olishi, ham jismonan, ham ma'nan sog‘lom bo‘lishi hamda Quraysh qabilasidan bo‘lishi[4] kabi shartlar qat'iy belgilab qo‘yilgan[5]. Xalifalikka kelish uchun yuqorida ko‘rsatilgan shartlar bilan bir qatorda omma tomonidan saylanish va bay'at qilish orqali amalga oshirilgan.

Endi xalifalik boshqaruvi haqida manbalarda kelgan dalillardan Nabiy sollallohu alayhi va sallam hadislariga murojaat qilamiz:

6943 – أخبرنا أبو يعلى حدثنا علي بن الجعد الجوهري أخبرنا حماد بن سلمة عن سعيد بن جهمان، عن سفينة قال: سمعت رسول الله صلى الله عليه و سلم يقول : الخلافة بعدي ثلاثون سنة ثم تكون ملكا . قال : أمسك خلافة أبي بكر رضي الله عنه سنتين و عمر رضي الله عنه عشرا و عثمان رضي الله عنه اثنتي عشرة و علي رضي الله عنه ستا. قال علي بن الجعد : قلت لحماد بن سلمة : سفينة القائل : أمسك؟ قال : نعم.  إسناده حسن. [6]

Safina roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni: “Mendan so‘ng xalifalik o‘ttiz yildir. Undan keyin podshohliklar bo‘ladi”, deb aytayotganlarini eshitdim. Abu Bakr xalifaligi ikki yil, Umarning xalifaligi o‘n yil, Usmon roziyallohu anhuning xalifaligi o‘n ikki yil va Ali roziyallohu anhuning xalifaligi olti yil davom etdi, dedi. Roviylar sanadidagi Ali ibn Ja'd: Hammod ibn Salamadan: Oxirgi so‘zni Safina aytganmi? deb so‘radim, dedi. Hammod: Ha, deb javob berdi.

Endi xalifalik va podshohlik orasidagi farqni tushunib olaylik.

Xalifalik – din manfaatlari asosida fuqarolar manfaatini himoya qilishdir. Ya'ni, xalifalik davlati o‘zida islom dini ahkomlarini jamiyatga tatbiq etgan holda fuqarolarining huquqiy ijtimoiy manfaatlarini himoya qiladi. Boshqa davlatlar bilan diplomatik aloqalar o‘rnatish zamirida eng birinchi maqsad ularga islom dinini yetkazish, taklif qilish yotadi. Dunyoviy ishlarda boshqa davlatlar bilan turli siyyosiy va tijoriy, ijtimoiy bitimlar tuzishda ham, garchi o‘z zarariga bo‘lsa ham Islom dini ahkomlariga qat'iy ravishda amal qiladi.

Podshohlik – har bir davlat o‘z manfaatlari asosida avvalo fuqarolari manfaatini himoya qilishiga aytilib, uning ko‘rinishlari podshohlik, sultonlik, qirollik, prezidentlik boshqaruvi shakllarida bo‘ladi. Ya'ni, har bir davlatning hukumat rahbari ma'lum bir shaxslarni (qirollik va uning oilasini), yoki o‘sha davlat fuqarolarini huquqiy va ijtimoiy manfaatlarini himoya qilish asosida ish yuritadi. Atrofdagi davlatlar bilan har qanday holatda ham o‘z xalqi manfaatini ko‘zlab diplomatik aloqalarni o‘rnatadi. Undagi hukumat hech qachon o‘z davlati va fuqarolari manfaatiga zid ravishda tashqi aloqalarni yo‘lga qo‘ymaydi. Hukumat rahbarligiga kelish meros sababli, omma tomonidan saylanish yoki zo‘rlik bilan hukumat tepasiga kelish orqali yuz berishi mumkin.

Hadisning ma'nosiga qaytamiz. Hadisda Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam o‘zlaridan so‘ng musulmonlarda davlat boshqaruvi xalifalik ko‘rinishida o‘ttiz yil davom etishi, undan so‘ng xalifalik boshqaruvi tugab boshqaruv podshohlik shaklida bo‘lishini ta'kidlamoqda. Biz e'tibor qilishimiz lozim bo‘lgan yana bir jihat mavjud bo‘lib, u bugungi kunda xalifalik davlatini qurishni da'vo qilayotgan kimsalardir. Ularning bu da'volari hadisga nomuvofiq bo‘lib, Rasululloh aytgan so‘zlariga mutlaqo ziddir.

Darhaqiqat, rostgo‘ylarni eng rostgo‘yi bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam “Mendan keyin xalifalik o‘ttiz yil”, ya'ni undan so‘ng hech qanaqa xalifalik bo‘lmaydi, deb aytgan so‘zlariga amal qilishimiz kerakmi yoki “xalifalik quramiz” deb musulmonlarni yolg‘on va'dalari va soxta da'volari bilan to‘g‘ri yo‘ldan adashtirayotgan, ularning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirayotgan shaxsi noma'lum bo‘lgan kimsalarning gaplariga quloq tutamizmi?

Afsuski, Payg‘ambarimizning yuqorida aytgan so‘zlarini inkor qilib, u zotni yolg‘onchiga chiqarayotgan kimsalar va ularga ergashayotganlar uchrab turibdi. Bunday kimsalarga aytadigan so‘zimiz:

“Dindosh birodarim, ko‘zingizni oching! Kimlarga ergashayotganingizni mulohaza qilib ko‘ring! Axir ularga ulamolar ergashmayaptiku. Mo‘min-musulmonlarga xizmat qilib kelgan ulamolarni kofirga chiqarishayotganidan ajablanmayapsizmi? Ular xalifalik va jihod kabi islomni muqaddas shiorlarini o‘zlariga niqob qilib, faqat musulmon bo‘lgan xalqlar istiqomat qilayotgan yurtlarda urush olovini yoqishni maqsad qilganlar xolos. Ularning bu da'volari ortida xolis niyat, ezgu maqsadlar yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas.

Islom tarixida bo‘lgan xavorijlar va undan boshqa adashgan oqimlarda bo‘lgani kabi hozirgi davrda ham xalifalik da'vosini ko‘tarib chiqayotgan adashgan oqimlarning asl maqsadlari boshqa narsa ekanini dunyoning nufuzli ulamolari ta'kidlashmoqda. Har bir mo‘min musulmon kishi ularning botil da'volaridan ogoh bo‘lib o‘zi va mas'ul bo‘lganlarini bunday kimsalar aldoviga ilinib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib qolishdan saqlash choralarini ko‘rishi kerak.

____________________________________________

[1] Oyatning to‘liq ko‘rinishi:
وَإِذْ قَالَ رَبُّكَ لِلْمَلَائِكَةِ إِنِّي جَاعِلٌ فِي الْأَرْضِ خَلِيفَةً قَالُوا أَتَجْعَلُ فِيهَا مَنْ يُفْسِدُ فِيهَا وَيَسْفِكُ الدِّمَاءَ وَنَحْنُ نُسَبِّحُ بِحَمْدِكَ وَنُقَدِّسُ لَكَ قَالَ إِنِّي أَعْلَمُ مَا لَا تَعْلَمُونَ
“(Ey, Muhammad!) Rabbingiz farishtalarga: “Men Yerda xalifa (Odam) yaratmoqchiman”, – degan so‘zini eslang, shunda (farishtalar): “Unda (Yerda) buzg‘unchilik qiladigan, (nohaq ravishda) qonlar to‘kadigan kimsani yaratmoqchimisan? Holbuki, biz Senga hamding bilan tasbehlar aytamiz va Seni muqaddas deb bilamiz”, aytdilar. …..” Baqara, 2/30.
[2] Oyat mazmuni ќuyidagicha:
يَا دَاوُودُ إِنَّا جَعَلْنَاكَ خَلِيفَةً فِي الْأَرْضِ فَاحْكُمْ بَيْنَ النَّاسِ بِالْحَقِّ وَلَا تَتَّبِعِ الْهَوَى فَيُضِلَّكَ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ إِنَّ الَّذِينَ يَضِلُّونَ عَنْ سَبِيلِ اللَّهِ لَهُمْ عَذَابٌ شَدِيدٌ بِمَا نَسُوا يَوْمَ الْحِسَابِ
“Ey, Dovud! Darhaqiqat, Biz seni yerda xalifa qildik. Bas, sen (nafsu) havoga ergashib ketmagin! Aks holda, u seni Allohning yo‘lidan ozdirur. Albatta, Alloh yo‘lidan ozadigan kimsalar uchun hisob kunini unutib qo‘yganlari sababli qattiq azob bordir.” Sod, 38/26.
[3] Vahba az-Zuhayliy. Fiqhu-l-islomiyi va adillatuhu. Dorul-fikr. Damashq. 8-juz. –B 468.
[4] Xalifalikka nomzod quraysh qabilasidan bo‘lishi kerakligi hadis bilan dalillangan. Ammo ulamolar bu hadisni sahih emas deyishadi.
[5] Imom Sa'duddin at-Taftazoniy so‘zi. Muhammad Rashid ibn ali Rizo. Majallatu-l-minor. 27-juz. –B 208. / Arshifu multaqo ahlil-hadis. 3-juz. –B 337.
[6] Abu Hotim Muhammad ibn Hibbon. Sahih ibn Hibbon bi tartibi Ibn Bulbon. 15-juz. –B 392. 6943-hadis.
Nodir QOBILOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Kiritilgan vaqti: 13/06/2020 09:03;   Ko‘rilganligi: 4294
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/mendan-keyin-xalifalik-ottiz-yil
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 14:41
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing