O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Mazhabsizlik zalolat

 
 

XX asr so‘nggida musulmon olamida islom niqobi ostidagi aqidaparastlik guruhlaridan tashqari yana bir tahdidning yangi qatlami namoyon bo‘ldiki, u ham bo‘lsa mazhabcizlikka chaqiruvchilar toifasidir.

Harakat tarafdorlarining da’vosicha, Islomda unga e’tiqod qiluvchi shaxs uchun sunniylikdagi to‘rt yoki undan boshqa fiqhiy mazhablarning biriga ergashishlik shart qilinmagan. Agar musulmon shaxs, biror shar’iy masalada ulardan birining yo‘lini o‘ziga lozim tutsa, u ko‘r-ko‘rona taqlid qilgani uchun xatokor, mutaassib, dinidan ajralgan firqa va guruhlardagi shaxslar kabi adashadi. Mazkur toifaga kiruvchi shaxslar islomga amal qilishning asosida faqatgina Kitob (Qur’on) va sunna turishi lozimligini ta’kidlashadi. Ularning fikricha, bu ikki manba xatolardan xoli. Ammo fiqhiy mazhablarga ergashish esa, kitob va sunna ta’limotidan ko‘ra, ko‘proq shaxslar ijtihod (fikr)lariga taqlid qilinishi bilan tavsiflanadi. Bu esa, xatoga yo‘l qo‘yish va nuqsonlardan xoli bo‘lishni to‘liq kafolatlay olmaydi. Qolaversa, islomdagi fiqhiy mazhablar hijriy III asrdan so‘ng paydo bo‘lganligi e’tiboridan, bid’at ishlardan sanalib, sunna ta’limotiga ko‘ra har bir dinga kiritilgan yangilik shubhasiz zalolatga mahkumdir.

Sahobai-kiromlarning barchasi ham Allohning kitobi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatigagina murojaat qilganlar. Ular biror-bir masalada Qur’on va sunnadan dalil topolmay qolgandagina ijtihodga qo‘l urganlar. Bu esa, asosiy e’tibor qaratiladigan va ergashiladigan holat. Shuning uchun ham mazhab tutish yoki biror-bir mujtahid imomga taqlid qilish Allohni qo‘yib ularni “Iloh” qilib olish, deya baholangan. O‘zlarini islom dinining fidoyilari deb e’lon qilayotgan bu toifa tarafdorlari Qur’on va sunna turganda fiqhiy mazhablarga ergashish aynan musulmonlar o‘rtasida ixtiloflar paydo bo‘lishiga zamin yaratilishi va bu ularning birligiga rahna tug‘dirayotganligi, deb jar solishmoqda.

Aslidachi?! Aslida, mazhabsizlik da’vosini yoyishning o‘zi ixtilof manbai bo‘lib, Islom dini, xususan musulmonlar birligiga ulkan tahdid tug‘diradigan omil ekanligiga shubha yo‘q. Ular o‘zlarini mazhabsiz deb da’vo qiladilar-u, aslida o‘zlari ham namoz va boshqa ibodatlarda o‘sha to‘rtta mashhur mazhab imomlaridan biriga ergashadi. – Ijtihod qilishga hamma-ham qodir bo‘la olmaydi. Chunki, bu ishni qilish uchun shar’iy dalillardan hukmlarni istinbot qilishga yetarli darajada aqliy quvvat kerak. Bu malakani Alloh taolo hammaga ham bergan emas. Lekin ular bir ikki masalalarda ixtilof qilib: “Mazhab degan narsa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlarida bo‘lmagan, biz ularga emas Alloh va rasuliga ergashamiz”, deydilar. Agar malakasi yo‘q bo‘lgan kishini ijtihod qilishga buyurilsa, unga qudrati yetmagan ishni yuklatilgan bo‘ladi. Shariatda esa, bunday qilish joiz emas. Zotan, Alloh taolo aytadi:

لَا يُكَلِّفُ اللَّهُ نَفْسًا إِلَّا وُسْعَهَا

«Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas» (Baqara: 286).

Mujtahid bo‘lish uchun kerakli ilmlarni talab qilish uzoq vaqt davom etadi. Agar barcha odamlar bu ish bilan mashg‘ul bo‘lsalar, yashash uchun zarur bo‘lgan boshqa ishlarni kim qiladi?! Hammaning ittifoqiga sazovor bo‘lgan katta majtahidlardan keyin ijtihod eshigi yopilgan va ijtihod qilish mumkin emas, degan gapga javob quyidagicha: To‘g‘ri, ba’zi ulamolar o‘z zamonlarida shariat va ijtihod ishlarida sifatsizlik avj olgani, hamma o‘z fikrini o‘tkazishga harakat qilgani uchun hijriy uchinchi asrning oxirida «Ijtihod eshigi yopilgan» degan gapni tarqatishgan va shu yo‘l bilan har xil g‘arazgo‘ylarning shariatni o‘yin qilishlariga chek qo‘yishgan. Ammo, shariatda ijtihod qilish ma’lum zamonga va shaxslargagina farz bo‘lgan degan tushuncha paydo bo‘lmasligi kerak.

Shunga qaramasdan hozirgi davrda imom Abu Hanifa, imom Shofi’iy, imom Molik va imom Ahmad ibn Hanbalga o‘xshash mujtahidlar yo‘qligiga hamma ittifoq qilgan. Mujtahidlik da’vosini qilgan yoki qilayotgan, yoxud falonchi mujtahid, deb aytayotgan ahli ilm yo‘q. Bunday bo‘lishi qiyin ham. Ammo mazhab ichida, yangi paydo bo‘lgan masalalarni hal qilishda hamda fatvoda ijtihod sodir bo‘lib turibdi. O‘ta muhim fiqhiy savol bo‘yicha mustaqil qaror chiqarish, ijtihod qilish huquqi ularga xosdir. Aslida islom olimlarini ikki toifaga ajratish mumkin. Birinchisi mujtahidlar, ikkinchisi muqallidlar.

Olim kishi mujtahid darajasini egallashi uchun quyidagi ilmlarni to‘liq egallagan bo‘lishi shart:

1.Qur’on ilmi.

2.Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ilmi.

3.Salaflarning qavllari,ijmo’ va ixtiloflari ilmi.

4.Usulul fiqh ilmi.

5.Lug‘at ilmini chuqur o‘zlashtirish.

6.Qiyos ilmi.

Mujtahidlikning uch bosqichi bor:

1. “Mutloq mujtahid”. Bunda o‘zining bilimi va uslubi, boshqa imomlarning yordamiga murojaat qilmaydi. Sunniylikning to‘rt mazhab imomlari mazkur darajaga tegishli. Islom olimlari, imomlar xulosalariga ko‘ra hijratning to‘rtinchi asridan so‘ng chiqqan mujtahidlar ushbu darajaga yetmagan. Oxirgi ming yil ichida chiqqan islom olimlari mazhab asoschilaridan o‘zlarini ustun ko‘rmagan va bunga jur’at ham qilishmagan. Balki ular mazhab asoschilari yo‘nalishi asosida ijtihodlarini davom etirishgan. Mazkur toifadagi imomlarning nomini o‘zi bir kitob bo‘ladi.

2. “Mujtahid fil mazhab” (mazhab ichidagi mujtahid), bu toifadagi mujtahidlar o‘zlariga tegishli bo‘lgan mazhab, uslub va qoidalar asosida hukm chiqarishgan. Bunga Hanafiy mazhabidan Abu Yusuf va Imom Muhammadni, Molikiy mazhabidan ibn Arabiyni, Shofi’iy mazhabidan Imom Navaviyni, Hanbaliy mazhabidan ibn Qudomani va boshqalarni keltirish mumkin.

3. “Mujtahid fil furu’”, alohida savollarga hukm chiqarish darajasidagi mujtahid. Bu mujtahid ijtihodga tegishli barcha shartlarni o‘zlashtirgan hamda sohasidagi ma’lum yo‘nalish bo‘yicha hukm chiqargan. Masalan, meros hukmlari, uylanish va ajralish hukmlari va shu kabi yo‘nalishlarga javob beradigan mujtahid.

Demak, yuqorida o‘tgan so‘zlardan ma’lum bo‘ladiki bugungi kunimizda mujtahid fil furu’ darajasidagi inson topilishi amri mahol. Endi insof bilan aytaylik, yuqorida sanalgan mujtahidlik shartlariga javob beradigan shaxs topilarmikan?... Biz mazhabsizlikni da’vo qilayotgan shaxslarga mana shu shartlarga ega bo‘lsangiz bemalol ijtihod qilavering, deymiz. Muqallid bu mujtahid bo‘lmagan shaxs. U mujtahid bo‘lgan imomlarning biriga ergashadi. Chunki u hukm chiqarish uchun dalillarni topish yoki aniqlashga qodir emas. O‘z-o‘zidan bugungi kunimizdagi har bir musulmon yakka tartibda ijtihod bilan shug‘ullanishi kerak, degan gap asossiz.

Imom Ahmad aytadilar: “Kim dinda taqlid yo‘q desa, Alloh va Uning Rasuli oldida fosiqdir. Bu bilan u sunna va salafi solihlar qarashlarini rad qiladi”. Mujtahid Abdulloh ibn Vahb aytadi: “Men 360 ta ulamoni uchratdim. Agar Imom Molik va Imom Lays bo‘lmaganda ularning ilmlarida adashib ketardim”. Bu bilan ibn Vahb, hadislarni tushunish va ularni tanlashda Imom Molik tushuncha bermasa edi adashib ketar ekanman, deb aytmoqchi bo‘lgan. Yana u shunday deydi: “Agar fiqh imomi bo‘lmasa hadis ilmlari kishini adashtirar edi. Imom Tahoviy, ibn Surayj, Quduriy, Saraxsiy, Juvayniy, G‘azzoliy, Navaviy va ko‘plab mujtahid ulamolar to‘rt mazhabdan biriga ergashgan. Vaholanki, ularning ilmlari dengiz bo‘lib, bugungi kunda barcha musulmonlar ularning ilmlaridan foydalanib kelmoqdalar”.

manba: bukhari.uz


Kiritilgan vaqti: 02/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3422
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/mazhabsizlik-zalolat
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 10:35
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing