O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

MAXDUMI A’ZAM DAHMASIDAGI TOSH BITIKLAR

 
 

Faqat mustaqillik sharofati o‘laroq Imom Buxoriy, at-Termiziy, Baxovuddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur, Burxoniddin Marg‘inoniy, Maxdumi A’zam Kosoniy kabi ko‘plab, na faqat milliy madaniyatimiz, balki butun jahon sivilizatsiyasi xazinasiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning nomlari va xayrli ishlari butun bo‘yi basti bilan namoyon bo‘ldi.” Islom Karimov.

Abu Tohirxoja, Maxdumi A’zam hazratlari haqida shunday degandi: “Hazrat Maxdumi A’zam janoblarining maqomot, holat va karomatlari shundaykim, bu nodonning qalami uni taqrir va tahrir qilishga ojizlik qiladi”.

Darhaqiqat Maxdumi A’zam hazratlari oddiy fuqarodan tortib, davlat hukmdorlarigacha, oddiy tolibi ilmdan tortib, ahli-fazl sohibi ulamolargacha, barchaning olqishu muhabbatlariga sazovor bo‘lgan buyuk inson edilar.

Sayyid Ahmad ibn Mavlono Jaloliddin Xojagi Kosoniy – Dahbediy Maxdumi A’zam hazratlari 1461 yili Farg‘onaning qadimiy poytaxti bo‘lgan Koson shahrida tavallud topadilar.

Ishonchli tarixiy manbalarga ko‘ra Maxdumi A’zam hazratlari nasab jihatidan payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamga ulanadilar.

Maxdumi A’zam hazratlari yirik tasavvuf olimi, naqshbandiya tariqatining davomchisi, piri-murshid, faqih, ta’sir doirasi kuchli siyosiy arbob, davlat va jamiyat miqyosidagi mojorolarni yechuvchi shaxs bo‘lganlar.

U zot ayni paytda ziroatchilik bilan ham mashg‘ul bo‘lganlar va ziroatchi sifatida yangicha meva va poliz navlarini yetishtirganlar.

Maxdumi A’zam hazratlari Toshkent va Vodiy madrasalarini tugatgach, ustozlari Mir Sayid Alining maslahatlariga ko‘ra tasavvuf sirlarini o‘rganish maqsadida Samarqandga Xoja Ahror Valiyning shogirdlari Mavlono Muhammad Qozi huzuriga yo‘l oladilar.

Shu tariqa ul zot uzoq yillar Mavlono Muhammad Qozining ta’limini olib voyaga yetadilar va pirovardida Xojagon tariqatida ko‘zga ko‘ringan tasavvuf namoyandalaridan biriga aylanadilar.

Maxdumi A’zam hazratlari nafaqat ruhiy tarbiya bilan, balki ommaning manfaati uchun hukmdorlar orasida toju taxt talashib yuzaga kelgan ko‘plab mojarolarga barham berishga va ularni adolat ila rahbarlik qilishga undaganlar.

1514–1516 yillari shayboniylar davlatida ro‘y bergan siyosiy jarayonlarda faol qatnashib, tinchlik va osoyishtalikning saqlanishiga, hukmdorlarni bir-biri bilan yarashtirishga intiladilar.

Ularni doimo insof, adolatga, xalqparvarlik va ma’naviy yetuklikka da’vat qiladilar. 1503 – 1509 yillari Axsida hokimlik qilgan Shayboniy hukmdorlaridan Jonibek Sulton Mavlono Jalolidin va uning o‘g‘li Sayyid Ahmadga qo‘l berib ularni o‘ziga pir tutadi.

Jonibek Sulton 1510 yili Samarqandga hokim qilib tayinlangach, Maxdumi A’zam hazratlarini piri sifatida poytaxt Samarqandga taklif qiladi. Maxdumi A’zam hazratlari 1528 yili Samarqandga qarashli bo‘lgan so‘lim maskan Dahbedga doimiy yashashlik uchun keladilar.

U yerda kishilarning ma’naviy yuksalishlarida ustozlik qilish bilan bir qatorda dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadilar.

Mahdumi A’zam hazratlarining ko‘plab shogirdlari bo‘lgan. Ayrim manbalarda u zotni oltmishta avliyoni tarbiyalab yetishtirgan murshid deb atashadi. O‘z davrida Xojagon tariqatining peshvosi bo‘lgan Maxdumi A’zam hazratlari 1542 yil 8 may dushanba kuni (949 hijriy 21 muharram) Samarqand shahridan shimol tomonda joylashgan Dahbed qishlog‘ida vafot etadilar va o‘zlarining vasiyatlariga ko‘ra o‘zlari ekib parvarishlagan bog‘ning o‘rtasidagi nok daraxtining ostiga dafn etiladilar.

Mahdumi A’zam hazratlari vafotidan so‘ng, bu silsilani u zotning shogirdlari, farzand va nabiralari davom ettirishadi.

Mahdumi A’zam hazratlarining nabiralari Hoja Hoshim alayhir rahmani o‘ziga pir-ustoz deb bilgan Samarqand hokimi Yalangto‘sh Baxodir 1618 yilda Mahdumi A’zam hazratlari maqbarasini obodonlashtiradi va uning yaqinida katta honaqoh barpo etadi.

Samarqand hokimi Yalangto‘sh Baxodir ham o‘z vasiyatiga ko‘ra mazkur maqbaraga pirlari oyoq tomoniga dafn etiladilar.Mazkur maqbara Respublikamizda eng katta dahmalar sirasiga kiradi. Dahmadagi qabr toshlari yaxshi saqlangan bo‘lib, ularda Qur’oni Karim oyatlari va ba’zi fors tilidagi baytlar bitilgan.

Toshkent va Samarqandlik bir necha malakali mutaxasislar tomonidan qabr toshlaridagi yozuvi saqlanib qolgan barcha arab va fors tilidagi yozuvlar o‘rganilib, o‘qib chiqildi va tarjima qilindi.

Quyida Maxdumi A’zam dahmasida joylashgan qabrlarning chizmaga asoslangan raqamli ro‘yxati va chizmasini e’tiboringizga havola qilamiz

Maxdumi A’zam maqbarasida joylashgan qabrlarning chizmaga asoslangan raqamli ro‘yxati:


1. Sayyid Ali ibn Muhtas.

2. Boboquli ibn Haydarquli. 1021 hijriy sana (1615 m.y.).

3. Muhammad Yusuf ibn Mirzo Rahimquli. 1057 hijriy sana (1647 m.y.)

4. ???

5. Shohxo‘ja ibn Sanjarxo‘ja. 1033 hijriy sana (1624 m.y.)

6. Ismi sharifi o‘chib ketgan.

7. Sulton Qulibek ibn ... (Yalangto‘sh?) 1067hijriy yil (1657 m.y.)

8. ... ibn Hojibiy (Yalangto‘shning aka yoki ukasi?) 1024 hijriy sana (1615 m.y.)

9. Ushbu toshda biror bir yozuv saqlanib qolmagan.

10. Sulton Yalangto‘shbiy. 1066 h.s. (1656 m.y.) yil.

11. Shoh Hidoyat ibn Shoh Qosim 1079 (1669 m.y.)

12. Qabr sohibining ismi yozilmagan

13. ???

14. Abdurrahmon ibn Navruzbiy. 1058 h.y. (1648 m.y.)

15. Davlat Keldi. 1079 h.s. (1669 m.y.)

16. Mirzo Muhammadbiy ibn Allohqulibiy. 1034 hijri sana. (1628 m.y.)

17. Funuq bibi Tursunbek qizi.

18. Xolbibi Hojibiy qizi.

19. Fotimabibi ... qizi. 1077 hijriy sana (1667 m.y.)

20. Toshga Qur’oni karim oyatlaridan va kalima yozilgan.

21. Abdudkarimbek To‘ponbek farzandi. 1267hijriy yil (1851 m.y.)

22. Yozuvlarning asosiy qismi o‘chib ketgan.

23. ...

24. Abdulmalikbiy ibn Hojibiy ibn Qurbonbiy. 1015 hijriy yil (1606 m.y)

25. Abdurahmonbek bin Hojibiy.

26. Hojibiy ibn Qurbonbiy.

27. Xojakalon ibn Xoja Halim.

Izoh: (???) va (...) yozuvi mavjud, ammo o‘qish imkoni bo‘lmagan qabr toshlari.

Yaratganning marhamati, Mustaqillik sharofati ila tarixiy, bebaho yodgorlik “Maxdumi A’zam” jome masjidi va hazratning maqbaralari obodonlashtirildi.


Kiritilgan vaqti: 20/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4039
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/maxdumi-azam-dahmasidagi-tosh-bitiklar
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 12:47
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing