O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

MAVLIDI NABIY FAZILATLARIDAN

 
 

Rasulullox sallollohu alayhi vasallamning tavallud kunlarini nishonlash ulug‘ tarixga ega. Ustozlarimizdan Abu Muhammad Mahbubiy Marg‘iloniy rahmatullohi alayhining rivoyat qilishlaricha, janob Rosululloh sallollohu alayhi vasallam tug‘ilganlarida Abu Lahab suyunganidan cho‘risi Suvaybani ozod qilgan ekan. U o‘lganidan keyin tushda ko‘rilganda o‘zining xabar berib aytishicha har dushanba kunida azobi yengillatilib, og‘ziga bir tomchi suv kelib tushar ekan. Ustoz aytadilarki: “Mavlidni hatto kofirga ham foydasi bo‘ladi-yu, nega musulmonlar bunga befarq bo‘lishlari kerak?”.

Mavlid o‘qilishi davomida Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamga salovotlar aytiladi. Aslida har bir musulmon kishi umrida bir marta Payg‘ambarimizga salovot aytishligi farzdir. Har namozning oxirgi tashahhudidan keyin salovot aytish sunnatdir. Namozdan tashqari barcha vaqt salovot aytish mustahabdir. Xususan, har duoning avvali va oxirida, tezroq ijobat bo‘lishligi uchun salovot aytishga ko‘p targ‘ib qilingan. Salovotlarning afzali va hamma uchun aytishga qulayrog‘i “Allohumma solli ala Muhammad va ala oli Muhammad”- deb salovot aytishdir.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga Alloh taolo ham, farishtalar ham salovot aytishligi Qur’on Karimda bayon qilingan va mo‘min – musulmonlar ham salovot aytishga amr qilingandir.

Biz Mavlid o‘qish davomida Rasulullohning ulug‘ fazilatlarini eshitib o‘rganamiz va o‘z hayotimizga tatbiq etishga harakat qilamiz. Masalan, o‘z oilalaridagi kundalik yumushlarida ham bizga namuna bo‘lganlar. U zot g‘oyat tavoze’li, kibrdan uzoq kishi edilar. O‘zlari uchun odamlarni podshohlar huzurida turgandek turishdan qaytarardilar. Miskinlar holidan xabar olar, kambag‘al-miskinlar bilan birga o‘tirar edilar. Qulni chorlovini ham qabul qilar edilar, as’hoblari ichida ularning biri kabi o‘tirardilar. Oisha roziyallohu anho aytadi: “O‘z poyafzallarini yamar, kiyimlarini tikar, sizlardan biringiz o‘z uyida nima ishlarini qilsa, U zot ham shuni qilardilar. Oddiy inson edilar, kiyimlarini o‘zlari tozalar, echkilarini sog‘ar, o‘z yumushlarini o‘zlari qilar edilar”.

Muso alayhissalomday zot ham Allohdan “Meni Muhammadning ummatidan qilgin” – deb duo qilishlari U zotga ummat bo‘lganlarga berilgan sharafdir. Albatta, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallamga ummat bo‘lish, sizu bizlar uchun ulug‘ ne’mat va sharaf bo‘lish bilan bir qatorda, ayni paytda zimmamizga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Xususan, ulamolar to‘g‘rilarida aytilgan hadislarida: “Ummatimning ulamolari Bani Isroilning Payg‘ambarlari kabidir” – deyishlarining o‘zi juda katta sharaf va mas’uliyatdir. Bu mas’uliyat U zot keltirgan dinni musaffoligini saqlab, kelajak avlodga omonat bilan yetkazish, turli xildagi bid’at va xurofotlarga berilmay, buzuq e’tiqodlarga ergashmay, aksincha, adashganlarni to‘g‘ri yo‘lga solib, chin mo‘min – musulmon bo‘lib yashashdan iborat.


Kiritilgan vaqti: 11/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2238
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/mavlidi-nabiy-fazilatlaridan
Chop etilgan vaqti: 04/12/2024 15:15
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing