O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

“MAFOTIH UL-G‘AYB”ASARIDA BILGANIGA AMAL QILMAGAN KIMSANING MISOLI

 
 

Islom olamida Imom Faxriddin Roziy nomi bilan mashhur bo‘lgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Umar ibn Husayn Taymiy Bakriy Eronning Ray shahrida hijriy 544 (mil 1149) yil  tug‘ilgan. Nasabi quraysh bo‘lib, asli Tabaristondan bo‘lsa-da, Ray shahrida tug‘ilgani uchun shunga nisbat berilgan. Allomani “Ibn Xatibur Ray” deb ham atashgan. Dastlabki ilmni otasidan o‘rganib, Ray va Marog‘a shahridagi madrasalarda tahsil oladi. O‘z davrida ham diniy, ham dunyoviy ilmlar sohasida shuhrat topadi.

Faxriddin Roziyning asarlari orasida Islom olamida eng mashhur va ahamiyatga molik bo‘lgani – “Mafotihul g‘ayb” tafsiridir. U o‘z tafsirini aqliy fanlar va o‘z davrining ilmiy yutuqlari bilan boyitgan. “Mafotihul g‘ayb” tafsiri sakkiz jilddan iborat bo‘lib, Roziy uning bir qisminigina yozgan va oxirigacha tugata olmagan. Roziy vafotidan keyin shogirdi Shayx Muhammad Zahabiy uni “Anbiyo” surasigacha tafsir qilgan. Keyinchalik, Shayx Xubiy tafsirni mukammal qilish uchun ish boshlagan, ammo, u ham oxirigacha yetkaza olmagan. Nihoyat, Najmiddin Kumiliy “Mafotihul g‘ayb”ni oxirigacha yetkazgan va sakkiz jildlik kitob holiga keltirgan.

 (Ey Muhammad!) oyatlarimizni keltirganimizda ulardan chiqib ketgan (amal qilmagan) odamni shayton (o‘ziga) ergashtirib olgani, natijada (u) adashganlardan bo‘lib qolgani (haqidagi qissa)ni ularga o‘qib bering! Agar xohlaganimizda, uni ular (oyatlar) sababli (martabasini) ko‘targan bo‘lur edik. Lekin u erga hirs qo‘ydi va (nafs) havosiga ergashdi. Uning misoli go‘yo bir itdirki, unga hamla qilsang ham, (tilini osiltirib) hansiraydi, o‘z holiga qo‘ysang ham, hansirayveradi. Bu o‘sha oyatlarimizni yolg‘onga chiqargan qavm kishilarining misolidir. Bu qissalarni (ularga) aytib bering, shoyad tafakkur qilsalar! (A'rof surasi, 175-176 oyat).

Mazkur ikki oyatning nozil bo‘lish sabablari haqida bir qancha rivoyatlar bor. Jumladan, Ibn Mas'ud, Ibn Abbos roziyallohu anhumo va Mujohid oyatlar Bal'am ibn Bauro haqida nozil bo‘lgan, deydi. Ya'ni, uning ismini Na'im ham deb deyishgan. U Muso alayhissalom zamonida yashagan. Muso alayhissalom Bal'am yashaydigan shaharga yurish qiladi. Chunki ular kofir kimsalar edi. Shunda ular Bal'amdan Muso alayhissalom va uning qavmiga qarshi duo qilishini so‘raydi. Chunki, u duosi qabul bo‘ladigan kishilardan edi. Ismi A'zamni bilardi. Bal'am unday qilishdan bosh tortdi. Ammo qavmi uni holi-joniga qo‘ymay, manfur ishni qilishga undashardi. Nihoyat, u Muso alayhissalom bilan qavmiga qarshi duo qildi. Duosi qabul bo‘lgach, hazrat Muso va qavmi poyonsiz cho‘lda qolib ketdi. Muso alayhissalom: “Yo Parvardigor, nima uchun bu yerda qolib ketdik?” deb munojaat qildi. Parvardigordan: “Bal'amning duosi tufayli”, degan nido bo‘ldi. Muso alayhissalom: “Uning menga qarshi duosini qabul qilganing kabi, mening ham unga qarshi qiladigan duoyimni qabul ayla”, dedi va Bal'amdan Ismi A'zam ilmining tortib olinishini so‘radi. Parvardigor Bal'amdan ilmu ma'rifatini olib qo‘ydi. Ilm uning qalbidan xuddi oq kaptardek chiqib ketdi”.

 “(Ey Muhammad!) oyatlarimizni keltirganimizda ulardan chiqib ketgan (amal qilmagan) odamni shayton (o‘ziga) ergashtirib olgani, natijada (u) adashganlardan bo‘lib qolgani (haqidagi qissa)ni ularga o‘qib bering!.

Ya'ni, biz oyatlarimizni, tavhid va uning dalillarini bayon etdik. Ammo u yuz o‘girib, o‘zini olib qochdi, uzoqlashdi. Bu oyat Alloh taoloning yagonaligining dalillarini ko‘rib, anglab tursa-da, iymon keltirmay, qaysarlik bilan o‘z kufrida davom etgan kimsalar haqidadir.

“…Shayton (o‘ziga) ergashtirib olgan…” Ya'ni, shayton uni kofir va yo‘ldan ozgan kimsalarga ergashtirib qo‘ygan.

Ma'no ahli bunday deyishgan: “Bu oyat hidoyat topgach, zalolatga, nafsining istaklariga ergashib, dunyoga moyil bo‘lgan, shaytonning o‘yinchog‘i bo‘lib qolgan kimsalar dunyoda ham, oxiratda ham xusronga (zararga) uchrashiga dalildir”.

“Agar xohlaganimizda, uni ular (oyatlar) sababli (martabasini) ko‘targan bo‘lur edik”.

Olimlarimiz mazkur oyatni bunday tafsir qilishgan: “Agar istaganimizda edi, bu oyatlar bilan uni amal qilish martabasiga ko‘targan bo‘lardik. Shu tariqa u solih amallari sabab loyiq maqomga ko‘tarilardi”.

“Lekin u erga yopishib oldi”. Ya'ni, yerdagi ne'matlarga berilib, o‘shalarga suyandi. Ibn Abbos roziyallohu anhumo oyatni: “U dunyoga mayl qildi”, deb tafsir qilgan. Ibn Jubayr va Suddiy Mujohid rahimahumullohdan rivoyat qiladi: “Bal'am yerni maskan tutdi. Ya'ni, undagi lazzatlarga berildi”.

“Va (nafs) havosiga ergashdi”. Ya'ni, u Alloh taolo hukmlariga amal qilmay, hoy-havasiga ergashdi va zalolatga botdi. Bu oyat ilm ahllari uchun tahdiddir. Alloh taolo bir kishiga ilm berganidan keyin u havoyi nafsiga ergashib ketsa, it darajasiga tushgan hisoblanadi. Alloh turfa ne'matlar ato etgan kishi hidoyatdan yuz o‘girib, nafs yetoviga tushsa, Allohdan uzoqlashadi. Payg‘ambarimiz alayhissalom: Kimning ilmi ko‘paygani holda hidoyati ortmasa, (bu bilan) faqat Allohdan uzoqlashishi ortadideb ogohlantirgan.

“Uning misoli go‘yo bir itdirki, unga hamla qilsang ham, (tilini osiltirib) hansiraydi, o‘z holiga qo‘ysang ham, hansirayveradi”. Ya'ni, it xoh quvilsin, xoh o‘z holiga tashlansin, bir maromda hansirayveradi. Ibn Jarir rahimahulloh aytadi: “It haydalsa ham, haydalmasa ham, tilini osiltirib hansirayveradi”. Qutaybiy aytadi: “Charchoq va tashnalikdan har bir jon hansiraydi. Faqat it charchasa-charchamasa, tashna bo‘lsa-bo‘lmasa  hansirayveradi. Alloh taolo kimga dinni va ilmni nasib etgan bo‘lsayu, ammo u mol-mulk dardiga tushib, dunyoga bog‘lanib qolsa, hayvonlarning eng tubaniga, ya'ni tilini osiltirib, hansirab turadigan itga o‘xshaydi”.

Imom Mujohid rahimahulloh aytadi: Qur'on o‘qib, unga amal qilmaydiganlarning misoli ham xuddi shunday”.

“Bu qissalarni (ularga) aytib bering, shoyad tafakkur qilsalar! Ya'ni, payg‘ambarlarini yolg‘onchiga chiqargan millatlarning qissalarini aytib bering, shoyad ular bu qissalardan ibrat olsalar[1].

Nurbek XIDIROV,

Samarqand viloyati Jomboy tumani Ko‘k tunli bobo jome masjidi imomxatibi

[1]      Faxriddin Roziy. “Mafotihul g‘ayb”; 15-jild, 57-bet. Bayrut.  Dorul fikr nashriyoti.

Manba:https://hidoyat.uz/40661


Kiritilgan vaqti: 18/06/2020 10:26;   Ko‘rilganligi: 902
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/mafotih-ul-gaybasarida-bilganiga-amal-qilmagan-kimsaning-misoli
Chop etilgan vaqti: 21/05/2024 19:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing