O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

LIBOS KIYISH ODOBLARI

 
 

Alloh taolo insoniyatni go‘zal suratda yaratdi va ushbu go‘zallikni bandasida namoyon bo‘lib turishini yaxshi ko‘radi. Ushbu go‘zalligimizni namoyon qilishimizda kiyadigan liboslarimizning o‘rni beqiyosdir.

Kiyadigan liboslarni insonga foydalari quyidagilardan iborat iborat bo‘lib, ularning har biri haqida Qur’oni karim oyatlari bizga xabar beradi:

1) Libos inson uchun ziynatdir.

Ey, Odam avlodi! Har bir masjid (namoz) oldidan ziynatlaringiz (pok kiyimlaringiz)ni (kiyib) olingiz! Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmagay. (A’rof surasi 31 – oyat).

2) Avratlarimizni berkituvchi vosita.

Ey, Odam avlodi! Sizlarga avratlaringizni berkitadigan libos va patlar (ziynat kiyimlari)ni tushirdik*. (Ammo) taqvo libosi – bu, yaxshiroqdir. Bu(lar) Allohning mo‘jizalaridandir. Shoyad (buni) eslab ko‘rsalar! (A’rof surasi 26 – oyat).

3) Issiq va sovuqdan to‘suvchi omil.

Alloh sizlar uchun o‘zi yaratgan narsalardan soya joylar (bunyod) etdi va sizlar uchun tog‘lardan boshpanalar qildi hamda sizlar uchun issiq (va sovuq)dan asraydigan kiyimlar va sizlarni (turli) xavfdan saqlaydigan sovutlar yaratdi. (Imon keltirib) musulmon bo‘lursiz, deb U sizlarga o‘z ne’matini shu tarzda mukammal yetkazib turadi. (Nahl surasi 81 – oyat).

Demak, libos inson o‘z boyligini bildirish, o‘zgalar ustidan kulish va takabburlik qilish uchun emas, balki oyatlarda aytilgan maqsadlar uchun kiyiladi. Kiyiladigan liboslarning eng afzali oq libosdir. Bunga Ibn Abbosdan (roziyallohu anhu) rivoyat qilingan hadis dalil bo‘ladi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Liboslaringizdan oqini kiyinglar, chunki u liboslaringizning yaxshisidir va unda o‘liklaringizni kafanlanglar”. Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati.

Boshqa rivoyatda:

“Oq libos kiyinglar, chunki u pokroq va tozadir. Va unda o‘liklaringizni kafanlanglar”. Termiziy rivoyati.

Ma’lum bo‘lganidek, oq libos rangli liboslardan ko‘ra tezroq kir bo‘ladi. Natijada ko‘p yuvilganidan hamisha toza va pokiza holda turadi. Oq rang- poklik ramzidir.

Islom shariatida libos bilan mutakabbirlik qilishdan qaytarilgan va bu chiroyli kiyinishni man etmaydi. Chunki libos insonga ziynat bo‘lib, Alloh go‘zal - go‘zallikni yaxshi ko‘radi va bergan ne’mati asarini bandasida ko‘rishni yaxshi ko‘radi. Dinimiz bizlarni poklik, go‘zal ko‘rinish va yangi liboslarni juma, hayit kunlari, insonlar bilan ko‘rishganda va ziyorat paytlarda kiyishga targ‘ib qilgan.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) dedilar: “Kimni qalbida zarra misqolicha kibr bo‘lsa jannatga kirmaydi”. Bir kishi: “Odam libosi va oyoq kiyimi go‘zal bo‘lishini yaxshi ko‘radi”. U zot dedilar: “Alloh go‘zal - go‘zallikni yaxshi ko‘radi, kibr – haqqa norozi bo‘lib, insonlarni mensimaslikdir”. Muslim rivoyati.

Alloh taolo bandasi libos kiyganda chiroyli bo‘lishini yaxshi ko‘rib, kambag‘alligini zohir qiluvchi, xunuk va yirtiq liboslar kiyishini yomon ko‘radi.

Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) nochor kiyingan kishini ko‘rib: “Moling bormi”- dedilar. Kishi: “Alloh bergan tuya va qo‘ylarim bor”- dedi Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) : “Uni asari senda ko‘rinsin” -dedilar. Termiziy rivoyati.

Demak, islom bizlarni go‘zal, chiroyli bo‘lishga va pok, yangi liboslarni kiyishga targ‘ib qilib, bu borada isrof qilishdan qaytaradi. Shunday bo‘lgach din va dunyo ishlarida o‘zimizni isloh etib, yuzdagi xoldek kishilarga namuna bo‘lishga hamisha intilmog‘imiz lozim.


Kiritilgan vaqti: 19/10/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2010
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/libos-kiyish-odoblari
Chop etilgan vaqti: 28/09/2021 21:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing