O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

KECHIRIMLILIK ULUG‘ FAZILATLARDANDIR

 
 

Bir kuni telefonim jiringlab qoldi,  unga javoban, labbay desam, horg‘in ovozda bir ayol kishi salom berib, so‘ng o‘zini tanishtirdi. Biz masjid a'zolari bilan yarim yil muqaddam bemorlarning holidan xabar olish asnosida o‘sha ayolni ham ziyorat qilgan edik.

O‘shanda olib borgan sovg‘alarimizni ko‘rib,  bularni mendanda ahvoli og‘ir bemorlarga ulashsangiz xursand bo‘lardim, degan edi.Oshqozon raki kasaliga uchragani, jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, oshqozonining bir qismi olib tashlanganini aytdi. Kelin bazur gapirardi. Ha, tanidim, o‘zim xonadoninzga boraman, dedim. Borib ne ko‘z bilan ko‘rayki, olti oy oldin suhbat qilgan kelindan asar ham qolmagan ekan.

Hol-ahvol so‘radim. Kelin, onam yolg‘iz o‘zi meni hech kimdan kam qilmasdan katta qilib, turmushga uzatdi. Turmushim go‘zal bo‘ldi, ikkita farzandim bor, yoshim endi o‘ttizdan oshdi.  Bu dardga chalinganimdan keyin onamnikiga keldim, to‘rt yildan beri  yolg‘iz onamni qarmog‘idaman. Onamning topgani meni dori-darmonimga ketayapti. Bolalarim esa otasi bilan. Turmush o‘rtog‘im boshida xabar olib turardi, hozir 3-4 oyda ham bir kelmay qo‘ydi. Ko‘chamizdan o‘tsa ham bir-bor holing qanday deb so‘ramaydi. Erimning xatolarini kechirganman, uning haqqiga doim duodaman, bolalarimga bosh bo‘lsin deyman, dedi. Eri haqida chiroyli so‘zlar gapirdi. Meni hayron qoldirgan narsa, hozirgi zamonamizda ham shunday kechirimli, sabrli, oqibatli ayollarning borligi bo‘ldi. Albatta, bir og‘iz bo‘lsa ham shirin so‘z qalbning jarohatiga malham bo‘ladi. Kishining ko‘nglini ko‘taradi. Kechirish esa g‘azab va yomanlikni yuvib tashlab, o‘rniga muhabbat va do‘stlik fazilatini soladi.

Kelin so‘zini davom ettirib, men Allohninig irodasi bilan vafot etsam, “yigirma-qirq-yil” degan marosimlarimni qilmaslikni onamga tushuntira olmayapman yoki onamga bu ishlarni qilmaslikni vasiyat qilsammikin? Domla, siz onamga bu marosimlar dinimizda yo‘q ekanligini, ular bid'at ekanligini tushuntirsangiz, noto‘g‘ri gapirayotgan bo‘lsam Allohim gunohlarimni kechirsin, dedi. Bu so‘zlarni eshitib yana ham taajjub oshdi. Volidai muhtarama - onalariga tasalli berib, sabr tiladim va bu marosimlardan ko‘ra nabiralarining talim tarbiyasi, istiqboli uchun qilingan har-bir amalida qizining xursand va shodu-xandon bo‘lishi, Alloh taolo ham rozi bo‘lishni tushuntirdim. Singlimizga chiroyli sabr tilab, bu kechirimliligi fazilat ekanligini aytib, haqqiga duo qildim. Azizlar, xalqimizda “Beayb Parvordigor” degan hikmat bor. Inson xatodan xoli emas. Odamlar bir-birlarining xatolarini kechirishi ularning oliyjanob xulq egasi ekanidan dalolat beradi. Kechirish qalblarimizni gina-kudratlardan, xafagarchilik va ozorlardan saqlaydi.

Robiya al-Adaviyya rahmatullohi alayho vafotlari yaqinlashgach Hasan Basriy va shogirdlariga  shunday vasiyat qilgan  ekanlar: “Avf qilishda ikkilanmang, o‘zingizdan boshqa hammani kechiring, lekin o‘z nafsingizni aslo kechirmang. Zero, u asl dushmaningizdir! Hammani kechiring! Zero, komil inson boshqalarning do‘zaxda azoblanishiga sababchi bo‘lishiga aslo rozi bo‘lmaydi”.

Ko‘rinib turibdiki, kechirimlilikning fazilati katta ekan. Kattalar bu borada farzandlarimizga o‘rnak bo‘laylik. Biz bir-birimizni avf etsak, kelgusi farzandlarimiz ham bir-birlarini kechiradilar. Shu orqali yaqinlik bardavom etadi.

Abdulhamid NORBEKOV - Kattaqo‘rg‘on shahri “Mashrab” jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 07/01/2020 11:45;   Ko‘rilganligi: 1669
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/kechirimlilik-ulug-fazilatlardandir
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 10:03
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing