KATTA ISHONCH - YUKSAK MAS’ULIYAT
KATTA ISHONCH - YUKSAK MAS’ULIYAT
2015 yil 31 avgust kuni Toshkentdagi “Shahidlar xotirasi” xiyobonida Prezidentimiz ulamolar, nuroniylar va keng jamoatchilik vakillari bilan suhbatda mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishni Iroq va Suriya hududlarida bulayotgan notinchliklar misolida teran anglash hamda bu borada imom-xatiblarning vazifalari to‘g‘risida alohida to‘xtaldilar.
Davlatimiz rahbarining din peshvolariga bo‘lgan ishonchlari, tavsiyalari har bir ulamo va imom-xatibni yanada jadal mehnat qilishga undaydi. Shu munosabat bilan dunyodagi murakkab vaziyat va yuqoridagi masalalar yuzasidan kuyidagi fikr-mulohazolarni bildirishni lozim deb topdim.
Takfirchimi yoki terrorchi?
Yurtboshimiz Iroq va Suriya hududlaridagi o‘zini “Islom davlati” deb atagan bir to‘da jangarilar Islom diniga mutlaqo zid bo‘lgan qing‘iriqlari bilan dunyoga tanilganini alohida qayt etdilar. Ta’kidlash kerakki, hozirgi kunda buzg‘unchi kuchlar ommaviy qatllar, vayronkorliklar kabi qabih ishlarini kundan-kunga kuchaytirayotgani har bir kishini tashvishga solmoqda.
So‘ngi ma’lumotlarga ko‘ra, jangarilar Iroqning Mosul shahridagi Yunus (alayhissalaom) qabri va uning yonidagi masjidni portlatib, shunday tabarruk joy va ibodatgohni yer bilan yakson qilgan. Ular qabrni buldozer bilan tekislab yuborishgan. O‘tgan yili Doniyol payg‘ambar yodgorlik maqbarasini ham buzib tashlagan edi.
Eng dahshatlisi, yovuz kuchlar Ramazon oyida ham xunrezliklarni davom ettirib, barcha musulmonlar nafratini qo‘zg‘ashdi. Terrorchilar tamonidan Allohning uyi – masjidlariga hujm qilindi, vayronaga aylantirildi. Masalan, joriy yilning 26 iyun, juma kuni Quvaytdagi “Imom Sodiq” jome masjidiga terrorchilik harakati uyishtirildi. Oqibatda 27 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 227 kishi jarohatlandi. Keyinchalik esa Islom dini paydo bo‘lgan hudud – Saudiya Arabistonida juma kuni ikkita masjidga hujum uyishtirildi va bir necha o‘nlab kishilar qurbon bo‘ldi.
Mazkur jirkanch jinoyatlarni dunyo ahlining nafratiga duchor bo‘lgan ISHID terrorchi tashkiloti o‘z bo‘yniga olgani ommaviy axborot vositalarida bot-bot aytilmoqda.
Ahli Sunna ulamolari masjidlarda sodir etilgan bunday vaxshiyliklarni qattiq qoralab, o‘z fikrlarini bildirmoqda.
- Masjidlarga bo‘layotgan hujumlar Islomga zid va dinimizni yomonotliq qilishiga qaratilgan, - deb yozdi “Facebook” ijtimoiy tarmog‘ida Toriq Suvayidan.
- Bugunoh odamlarni o‘ldirishda masjidning tanlanishi hamda Ramazon kabi muqaddas oyda sodir etilishi bu jinoyatchilarning imonsiz ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda, - deb ta’kidladi taniqli ulamo Xolid Mazkur.
Bu kabi qabih qilmishlari bilan ISHIDchilar yana bir bor o‘zlarining haqiqiy basharalarini namoyon qildilar. Vaholanki! Islom dinida masjid va mozorlarni vayron qilish emas, obod qilishga buyurilgan. Buning aksini qilganlar esa ashaddiy zolim ekanligi Qu’oni karimda ta’kidlangan: “Allohning masjidlarida Uning nomi zikr etlishiga qarshilik qiladigan va ularni xarob qilishga urinadiganlardan kim ham zolimroqdir?! Axir, bu (kabi) kimsalar uchun u yerlarga (Ka’ba yoki Baytul-Maqdisga) faqat qo‘rqqan hollaridagina kirishlari mumkin edi. Ular uchun bu dunyoda sharmisorlik, oxiratda esa buyuk azob (bordir)” (Baqara, 114).
Islom dini sira ham zulmni oqlamaydi. Hatto jonivorlarga ham rahm-shafqat qilishga chorlaydi. O‘zini islom davlati nomi bilan atab, qilayotgan ishlari ilohiy ta’limotga umuman zid bo‘lgan bu tashkilotni Islom bilan qanday bog‘lash mumkin?!
ISHIDchi gazandalarning kasofati sabab musulmon bo‘lmaganlar orasida “Islomofobiya” – Islom dinidan qo‘rqish kayfiyati keng tarqaldi. Yurtboshimiz “Shahadlar xotirasi” xiyobonidagi suhbatlarida Islom dini niqobi ostida amalga oshirilayotgan bunday vaxshiliklarning tag zamirida kishilarni muborak Islom dinidan bezdirish turganini chuqur anglash lozimligini uqtirdilar.
Chunki ularning qilmishlari natijasida butun musulmon olami uchun muqaddas sanalgan tushunchalar bugun qo‘rquv yoki nafrat bilan tilga olinmoqda, xuddi yovuzlik terror so‘zlari bilan ma’nodoshdek qabul qilinmoqda.
Shu o‘rinda bir mulohaza: ISHIDchi gazandalar, xabarlarda ta’riflanayotganidek, kuchli, yengib bo‘lmas emas. Axborot manbalari ko‘paygan va tarqalishi tezkorligi oshgan bugungi kunda bu terrorchi to‘da asosan axborot xurujiga urg‘u berib, o‘z kuchini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinmoqda. Holbuki, hozircha uchinchi qo‘l yoki ko‘rinmas kuchlar nog‘orasiga o‘ynayotganlari uchun ham jon saqlab turibdi, erta manfaatlar to‘qnashsa yoki vaziyat talab qilsa parda ortidagi qo‘llar darhol ISHIDchi “qo‘g‘irchoqlar”ning tanobini tortadi, bir zumda yo‘q qilib tashlaydi!
Butun dunyo afkor ommasining nafratiga uchragan ushbu qo‘poruvchi tashkilot barcha qilmishlari uchun bandasi oldidi ham, Yaratganning huzurida ham javob berishi muqarrar!
Alloh taolo Qur’oni karimda bu kabi jinoyatchilarni vaqtincha o‘z hollariga tashlab qo‘yishni va gunoh – ma’siyatlari rosa ko‘payganidan keyin o‘zlari hayol qilmagan tamondan balo yuborib, jazolarini qattiq berajagini bunday bayon qilgan: “Ularga muhlat berib turganimizni yaxshilik deb o‘ylamasinlar! Muhlatni ularga gunoh va jinoyatlari ko‘payishi uchun beramiz. Ularga albatta, xor qiluvchi jazo (azob) bordir” (Oli-Imron, 178).
Binobarin, ularni xuddi shunday kun kutayotir. Ezgulik yovuzlik ustidan, albatta, g‘alaba qilajak!
“Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshiliklar, qonli to‘qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o‘rtasida kuchayib borayotgan nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo‘layotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo‘ymaydi. Bunday holatlarning kelib chiqishi sabablarini, ularni fojiali oqibatlarini chuqur tushunib, anglab olish, keng jamoatchiligimizga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir. Diniy qadryatlarning ezgulik va insoniyatning dushmani bo‘lgan yot g‘oyalarning asl mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, mana shunday tinch, musaffo osmon ostida bunyotkorlik mehnati bilan band bo‘lib, shukrona keltirib yashayotgan oliyjanob xalqimizning tinch va farovon hayotini har qanday balo-qazolardan asrash – eng asosiy vazifalarimizdan bo‘lishi kerak”. Islom Karimov
Imom xatiblarga tavsiyalar
Sog‘lom e’tiqodni oyoqosti qilayotgan va muborak dinimizni o‘z manfaati yo‘lida niqob qilib olayotgan kimsalarning borligi barchamizni xavotirga solishi kerak. Ayniqsa, imom-xatiblar bunday nokaslarning jirkanch qilmishlarini fosh etib, ularga qarshi tinimsiz kurashishlari darkor. Ma’lumki, aqidaparast va buzg‘inchi g‘oyalar xalq ruhiyatini ichidan yemiradi, jamiyat hamjihatligini buzadi, xalqni jar yoqasiga olib boradi. Diniy tushunchalarning ustalik bilan foydalanib, kishilarga uning asl mohiyatini buzib ko‘rsatadi. Shuningdek, odamlarning ishonuvchanligidan foydalanib, omma orasida norozilik kayfiyatini paydo qiladi. Yoshlarni esa aldov yo‘li bilan o‘zining quroliga aylantirib, juvonmarg qiladi.
Aqidaparastlar fikricha islom ma’rifatini yoyishning yo‘li faqat zo‘rovonlikdir. Bunda qo‘poruvchilar insonlar qalbiga vahima solish orqali o‘z qora niyatlariga yetishni maqsad qiladi. Vaholanki, Alloh taolo: “(Ey Muhammad,) Robbingizning yo‘li (dini)ga hikmat va chiraoyli nasihat bilan da’vat qiling! Ular bilan eng go‘zal uslubda munozara qiling!...” (Nahl,125) deb amr etgan.
Bugungi kunda quyidagi dolzarb vazifalarni ado etish imom-xatiblarning din peshvosi sifatidagi sharafli burchi, deb bilaman:
Birinchi, imomlar butun vujudi bilan mas’uliyatni his etib, ISHID kabi buzg‘unchilarga qarshi kurashishi va musulmonlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi zarur. Bugungi kunda imom xatib beparvo bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Garchi yurtimiz urush o‘choqlaridan yiroq bo‘lsada bu xatarning oldi olinmasa, uning tafti yetib kelishi mumkin. Shuning uchun imomlar tinchlikning qadri nechog‘li ulkan ekanini hayotiy misollar bilan xalqqa yetkazishi zarur.
Ikkinchi, hozirda Iroq va Suriyadagi notinchliklar oqibatida millionlab bolalar och-nahor qolgani, bir burda non uchun ilhaq bo‘layotganini aytish kerak. Faraz qilaylik, yosh bola “Otajon, non bering”, deb zorlansa kishi qanday noqulay kuyga tushadi? Bizning farzandlarimiz podshoh kabi e’zozda bo‘layotganini yodda tutaylik. Imom-xatiblar farovonlik qadrini xalqimizga manashu kabi ta’sirli misollar bilan tushuntirishlari darkor.
Uchinchi, imomlarimiz jamoatchilik orasida tinchlik ne’mati haqida faqat odatiy so‘zlarni takrorlayvermasdan, ba’zi davlatlarda yuz berayotgan notichliklar, u yerlarda minglab begunoh kishilar va bolalar qurbon bo‘layotganini aytsinlar. Jumladan, Iroq va Suriya hududidan Haj safariga otlanganlarni ISHID terrorchi tashkiloti portlatib yuborish bilan ta’qib qilayotgan bir paytda, yurtimizda muborak safarga borgan besh mingdan ziyod hojilarimiz emin-erkinlik va xotirjamlikda ulug‘ amallarin ado etayotganlarini xalqimizga yetkazish zarur.
To‘rtinchi, imom-xatib mehrob va minbar egasi ekanini inobatga olsak, juma mav’izasida dunyoning turli mintaqalarida arab mamlakatlarida bo‘layotgan g‘alayonlar va turli fitnalarning ortida qanday g‘arazdli kuchlar turganini, qonli to‘qnashuvlar qaysi yurtda bo‘lmasin, Islom ta’limotiga butunlay zid ekanini mo‘min-musulmonlarga yetkazish darkor. Ayniqsa, begunoh odamning qonini to‘kish haromligi, musulmonni kofirga chiqarish og‘ir gunohligi va islom diyorlaridan hijrat qilish joiz emasligini imom-xatiblar yoshlarga hujjat-dalillar va jonli misollar bilan anglatishlari lozim.
Nobakorlar islom dinini niqob qilib, dinimizga mutlaqo zid ishlar qilayotganini oyatu-hadislar bilan tushuntirish kerak. Jumladan Qur’oni karim oyatida aniq bayon qilingan: “Ularga “Yer yuzida fasod (buzg‘unchilik) qilmang” deyilsa, ular: “Albatta, biz chin islohchilarmiz”, deydilar. Ogoh bo‘lingki, aynan ularning o‘zlari buzg‘unchiladir. Lekin, (buni o‘zlari) sezmaydilar”(Baqara, 11-12)
Beshinchi, 2015 yil 31 avgust kuni “Shahidlar xotirasi” xiyobonida muhtaram Prezidentimiz ulamolar bilan suhbatda bunday to‘s-to‘polonlarning sabablarini, fojiali oqibatlarini chuqur anglashda hamda yot g‘oyalarning asl mohiyatini ochib berishda, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashishda ulamolar va imomlarning yanada jonbozlik ko‘rsatishini alohida qayd etdilar.
Zero, Islom dini ham kishilarni tinchlikni asrash va barqarorlikni ta’minlash yo‘lida imon, insof, adolat hamjihatlik va birdamlik bilan harakat qilishga, fitna va o‘zaro adovatga barham berishga chaqiradi.
Aydarbek Tulepov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari
Hidoyat jurnalidan olindi
Kiritilgan vaqti: 23/12/2015 00:00; Ko‘rilganligi: 2876
Chop etilgan vaqti: 02/12/2024 15:25