O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

JAZOSIZ QOLGAN JINOYAT

 
 

Inson dunyoda yashar ekan uni cheksiz orzu istaklar o‘rab oladi. O‘z ilmiga, aqliga tajribasiga suyangan holda, rejalashtirgan niyatiga yetish uchun bor imkoniyatlaridan foydalanib harakat qiladi. Ammo dunyoda shunday narsa borki usiz hech bir natijaga erishib bo‘lmaydi go‘yo. U boylik, mablag‘, sarmoya deb nomlanadigan puldir. Insonning yashashi uchun, ilm olishi, kasb o‘rganishi, orzu istaklariga yetishi uchun ham aynan pul kerak. Ayniqsa hozirgi kunda-kunga rivojlanib borayotgan zamonda pulsiz hech narsani tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ko‘p insonlar pul topish ilinjida bilib, bilmagan holda gunoh bo‘lmish jinoyatlarga qo‘l urib, oilasini farzandlarini xarom luqma bilan boqadilar. Xaromdan kelgan boylik, yeyilgan luqma, qilingan harakat gunoh ya’ni jinoyat bo‘lib, albatta Yaratgan Zot tomonidan jazolanadi. Qur’oni karimning Zoriyot surasi 55 oyatida Alloh taolo: “Eslating (ya’ni, Siz ummatlaringizga pandu-nasihat qilavering)! Zero, eslatma (bu ishingiz) mo‘minlarga manfaat yetkazur” deb marhamat qilgan. Shunday ekan biz bugun ba’zi bir insonlarga qilingan jinoyat jazosiz qolmasligini eslatib o‘tmoqchimiz xolos. Zero bu eslatmadan ta’sirlanib gunoh, kibr, o‘g‘rilik, chaqimchilik, buzuqlik va shun kabi illatlardan qutilib, ham bu dunyo ham u dunyo saodatiga musharraf bo‘lsa.

Alloh taolo Tavba surasining 108 oyatida “Unda poklanishni xush ko‘radigan kishilar bor. Alloh esa poklanuvchilarni sevadi” deb marhamat qilgan.

Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam imom Muslim rivoyat qilgan hadisda “Pok bo‘linglar, Zero islom poklikdir”, Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda esa “Poklik kishini iymonga chaqiradi. Iymon esa o‘z egasi bilan jannatda birgadir” deb marhamat qilganlar.

Pok yurakli, pok imonli, pok vijdonli inson hech qachon gunohga qo‘l urmaydi. Poklikdan qanchalik uzoqlashsak gunohga, jinoyatga, ma’siyatga shunchalik yaqinlashamiz. Islom dinida bajariladigan har bir amal poklikni talab qiladi. Poklik yo‘qolgan joyda halollik ham yo‘qoladi.

Ayni kunlarda o‘zini “uddaburonman” deb sanovchi ba’zi bir kishilar torozudan urish, o‘lchamdan urish, gaz va toklarni yashirincha hisoblagichsiz ishlatish, firibgarlik qilish, pora olish, pora berish, odam savdosi bilan shug‘illanish va shunga o‘xshash gunoh ishlarga ko‘nikib qolib go‘yo gunoh qilmaganday yurishi, hech kim bilmayapdiku deb xotirjam bo‘lishi eng katta xatolaridir. Ularga unday qilish gunoh, jinoyat deyilsa ko‘rmaganday, eshitmaganday beparvo bo‘lishadi. Alloh taolo A’rof surasining 179 oyatida: “Jahannam uchun jinlar va insonlarning ko‘pchiligini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘zlar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda quloqlar bor, (lekin) ular bilan “eshitmaydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Balki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofillardir” deb marhamat qilgan.

Jinoyat hech qachon jazosiz qolmaydi. Qiyomatda har bir so‘zimizga, harakatimizga javob beramiz.

To‘rt kunlik dunyoning hoy-havaslarini deb oxiratini kuydirgan kishi eng baxtsiz va omadsiz insondir.

Dunyoning har xil ko‘rinishlariga sabr-bardosh bilan, imon e’tiqod bilan, poklik, halollik bilan qarasak inshaalloh, dunyoda ham oxiratda ham aziz bo‘lamiz.

Yunus surasining 82 oyatida Alloh taolo: “Garchi jinoyatchilar yoqtirmasalarda, Alloh o‘z so‘zlari (amrlari) bilan haqiqatni ro‘yobga chiqarur” deb ogohlantirgandir.

Jazosiz qolgan har qanday jinoyat oxiratda ochilib jazolanadi. Bunga shak-shubha yo‘q. Bunda Allohning fazlidan o‘zga najot yo‘q. Oxiratda jazolanishi dunyoda jazolanishdan ming karra yomondir.


Kiritilgan vaqti: 18/12/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3049
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/jazosiz-qolgan-jinoyat
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 16:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing