O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

IYMON VA XAMR BIR QALBDA JAM BO‘LMAS

 
 

Ma'lumki, Haq ta'olo inson zotini koinot miqyosida mukarram zot qilib yaratgandir. Borliqdagi butun mavjudotlarning insonga musaxxar qilinganligi islomning ilohiy manbalarida ko‘p bora zikr qilingan. Shunday ekan, odamzot Alloh tomonidan ko‘rsatilgan bu ehtirom va ikromga har jihatda loyiq bo‘lishga mas'uldir. Buning ham yo‘llari, avvalo, Alloh ta'oloning O‘z kalomida, qolaversa payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.ning sunnati saniyalarida aniq va ravshan qilib ko‘rsatib berilgandir.

Hamma zamonlarda bo‘lgani kabi bugungi kunimizda ham insonlik sha'niga dog‘ tushiradigan, ham Yaratganning, ham bandalarning nazaridan qoldiradigan illatlardan biri ichkilik dardiga mubtalolikdir. Biz uni bejizga dard demadik. Darhaqiqat, bu illat ba'zilar o‘ylaganidek hayotni go‘zallashtiradigan “ne'mat” emas, balki darddir. Zohiran odamga lazzat va ba'zan shifo bag‘ishlagandek ko‘rinsa-da, ammo uning insonga ham ma'naviy, ham jismoniy zararini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.

Bandasiga nima foydayu nima zararligini yaxshi bilguvchi Haq ta'olo ham bejizga O‘z kalomida mazkur illatning zararidan ogohlantirmagan. Jumladan, Qur'oni karimning “Moida” surasining 90-oyatida shunday marhamat qilinadi:

“Ey iymon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat iflosliklardirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz”.Oyatda tilga olingan “xamr” so‘zi insonni mast qiladigan, bo‘shashtiradigan barcha narsalarning umumiy nomi ham deb tafsir qilinadi. Haq ta'olo shu oyat bilan mast qiluvchi narsalarni bandalariga uzil-kesil harom qilgan va undan chetlanishni nojot yo‘li deb ta'kidlangan. Qur'oni karim tafsirlarida yozilishicha, mazkur oyat nozil qilinganida musulmonlar ichib turgan va saqlab qo‘ygan sharoblarini hech o‘ylab o‘tirmasdan to‘kib yuborgan ekanlar, hatto Madina ko‘chalarida sharob ariq bo‘lib oqqan ekan.

Insonlarning eng afzali Payg‘ambar s.a.v. ham o‘zlarining hadisi shariflarida ichkilikning yomon oqibatlariga ko‘p bora urg‘u berib, uni “yomonliklarning onasi” deb ataganlar. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bu dunyoda xamr ichgan bo‘lsa-yu, keyin tavba qilmagan bo‘lsa, oxiratdagisidan mahrum bo‘ladi”, dedilar”.(Buxoriy rivoyati).Islom dinining bu ikki bosh masdari – manbasida ichkilikka munosabat bu kabi salbiy bo‘lgani holda o‘zini musulmonman deb atagan insonga hech bir holat bilan loyiq emasligini ta'kidlashga zarurat yo‘qdir.

Musulmon mintaqa adabiyotining vakili Hazrat Mir Alisher Navoiy ham o‘z asarlarida bu masalaga doir bir qator ibratga loyiq mulohazalarni o‘rtaga tashlagan. Bular nazardan kechirilganda ichkilikning insonga ko‘rsatadagan zarari borasida Navoiyning ham fikrlari ilohiy manbalarga hamohangdir. Masalan, shoir bir g‘azalida shunday yozadi:

         Ey Navoiy, aqlu din yag‘mo qilur davron mayi,

         Chiq ravon bu bazmdin filjumla hushung borida.

Ya'ni Navoiy ichkilik insonning ham aqli, ham dinini talon-taroj qilishidan ogohlantirib, es-hushning borida bunday bazmlarni darhol tark etishga undaydi. Yoki o‘zining “Hayrat ul-abror” nomli asarida mast qiluvchi ichimlikni “jahl mayi”, ya'ni ilmsizlik mayi deb ta'riflaydi va sel xuddi uyni vayron qilgani singari, mast qiluvchi may ham odam tanasini xarob qiladi, shu bois may jism “uyi”ning balo seli, balki jon, balki iymonning ham ofatidir, deydi. Darhaqiqat, sel ham uyni vayron qilib uy ahlini undan quvib chiqarganidek, mayning ishi ham xuddi shunday – qalbdan iymonni siqib chiqaradi. Iymon va mayning bir qalbda hech qachon jam bo‘lmasligiga ishoradir.

Demak, xamr (mast qiluvchi har qanday narsa) insonning jismiga zarar yetkazib, zamonaviy tibbiyot orqali tekshirilganda ichki organizm, jumladan, o‘pka, jigar kabi a'zolarning zararlanishi, ko‘zning xiralashuvi va jismning ham zaiflashuviga olib keladi. Insonni ham moddiy, ham ma'naviy qashshoqlikka, razolatga va halokatga olib boradi.

Hayotga ham nazar tashlaydigan bo‘lsak, oiladagi er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilik, ajrim, ota-bola va aka-ukalar o‘rtasidagi mehr-oqibatning yo‘qolib borishiga sabab bo‘layotgan narsa ham ichkilikka mubtalolik illatidir.

Jamiyatdagi turli jinoyatlar – zulmkorlik, zo‘ravonlik, shuningdek, avtohalokatlarning ham ildizi shu illatga borib taqalishi sir emas.

Hazrat Navoiy ham ichkilikka berilgan bandalarni tavbaga undaydi, uni oldinda xatarli oqibat kutib turganini eslatadi, xatarli oqibatki, oxir nafasda iymonsiz ketish, oxiratdagi nasibasidan mahrum bo‘lib Haqning nazaridan qolishdir:

         Tavba erur jurmg‘a topmoq vuquf,

         Ollidag‘i yo‘lini ko‘rmoq maxuf.

 Bu misollarda ichkilik yetkazadigan ham moddiy, ham ma'naviy talofatlar yaqqol, ta'sirli misollar orqali anglatilgan. Aqlini ishlatgan, ibrat nazari ochiq kishilar undan o‘rnak oladilar, albatta.

Ushbu muxtasar maqolamizda ko‘tarilgan masala, voizlar, ulamolar tomonidan ming yillar davomida to‘xtovsiz aytib, uqtirib kelingan bo‘lsa-da, muammoning o‘ta dolzarbligi bois, jamiyatimizdan bu singari illatlar tamoman yo‘qolib bitmagunicha uni qayta-qayta aytishdan charchamaslik lozim.

Ibrohimxon IBODULLAYEV - Toyloq tumani "Gadoy qushchi" jome masjidi imom xatibi

 


Kiritilgan vaqti: 14/01/2020 15:41;   Ko‘rilganligi: 1106
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/iymon-va-xamr-bir-qalbda-jam-bolmas
Chop etilgan vaqti: 18/05/2024 11:48
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing