O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Istiqlol qadri

 
 

Mustaqillik to‘g‘risida gapirganda uning mazmunini terang anglamog‘imiz, maddohlikka berilmasdan tarixiy ildizlarini anglab yetishimiz, anglash barobarida uning qiymatini, kadrini idrok etishimiz va albatta undan bahra olishimiz, bahramand bo‘lish barobarida esa saboq ola bilishimiz, ibrat ola bilishimiz kerak.

Mustaqillikka shu sanada erishilgan, shu sanadan boshlanadi, deb aytmoq bilan bu so‘zning xaqqini to‘la ado eta olmagan bo‘lamiz. Mustaqillikka shohid bo‘lgan avlodga bugungi keksa avlod bu haqda so‘zlaganda so‘zni muxtasar qilib, faqatgina sanab o‘tmoq bilan, eslab o‘tmoq bilan kifoyalanmasdan batafsil va teran yetkazishi lozimki, toki yosh avlod erk qadrini anglasin.

Shunda ham barchasini qamray olamizmi?

O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi;

Mushafi Usmonga qilingan ehtirom;

Vaqf sifatida Qur’oni karimning xalqimizga taqdim kilinishi;

Bir vaqt oldin taqiqda bo‘lgan asarlarning va mualliflarning vaqtli nashrlarda mukammal tahlillar bilan namoyon bo‘lishi;

«O‘tgan kunlar», «Mehrobda chayon», «Kecha va kunduz», hazrat Navoyning «Munojot»i, «Boburnoma», «Temurnoma», «Temur tuzuklari», «Buxoro yoki Movarounnahr tarixi», «Ustodi avval», «Muallimus-soniy», «Xatti muallimin», «Ibodati Islomiya», Kur’onning ma’nolari tarjimasi, «Tafsiri hilol», …

Bularning hammasi millatning o‘zligini anglashi, milliy g‘ururini tiklashi, milliy merosi bilan faxrlanishi uchun davlatimiz rahbari tomonidan, ilg‘or ziyolilar tomonidan kat’iyat va izchillik bilan amalga oshirildi.

Davlatimiz birinchi Prezidenti tomonidan sobiq ittifoq anjumanlari minbarlarida turib o‘sha davrdayoq biz hech kimdan kam emasmiz, va xech kimdan kam bo‘lmaymiz, bizning xalqimiz azaldan bag‘ri keng bo‘lgan va shu bag‘rikenglikni, milliy totuvlikni, diniy totuvlikni O‘zbekiston davom ettiradi, deb dadil ayta oldi. Bu borada fidoiylik bilan oqilona va odilona siyosat yuritdi-ki, nafaqat qo‘shni qardosh davlatlarning, balki butun dunyo davlatlarining e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Iqtisodiy qaramlikka barham berilib, ko‘p tarmoqli sanoat tarmoqlari yaratildi, milliy iqtisodiyotni vujudga keltirish borasida sobitlik va izchillik bilan bosqichma-bosqich ishlar amalga oshirildi. Bunda barcha islohotlar inson uchun, davlat bosh islohotchi degan tamoyillarga tayanildi.

Iqtisodiyotning rivojini, milliy mudofaaning mustahkamligini, millatning jismoniy va ma’naviy barkamolligini ta’minlash bosh masala bo‘lsa, bu masalaning bosh yechimi yoshlarga g‘amxurlik, yosh avlod tarbiyasi deya marhum yurtboshimiz boshqa mamlakatlarda kam kuzatilan yoshlarga oid davlat siyosatini oqilona olib bordi-ki, buning samarasi – islom universiteti, o‘rta maxsus islom bilim yurtlari, «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi, sport maktablari, musiqa maktablari, xalqaro tanlovlar va xalqaro musobaqalar, uch bosqichli sport musobaqalari..., qo‘ying-ki bugun yoshlarimiz tufayli O‘ZBEKISTONni butun dunyo taniydi.

Bizning farzandlarimiz bizdan ko‘ra baquvvat, bizdan ko‘ra bilimli va albatta bizdan ko‘ra baxtli bo‘lishi shart degan shior hozirgi rahbariyatimizning ham va ishonamizki, kelajagimizning ham asosiy shiori bo‘lib qoladi.

Zero ma’naviyati past yoki ilm-salohiyati sayoz avlodgina chetga moyil bo‘lishi, chetga havas qilishi mumkin. Vaholanki, ilmu-salohiyati yuqori, ma’naviy merosi yuksak avlod o‘zini va o‘zgalarni yot zug‘umlardan himoya qila oladi.


Kiritilgan vaqti: 01/09/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 2892
 
Material manzili: https://www.sammuslim.uz/oz/articles/istiqlol-qadri
Chop etilgan vaqti: 06/12/2024 22:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing